Ubaydulloh ibn Abdulloh ibn Utbadan rivoyat qilinadi:
«Oishaning oldiga kirib: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bemorliklari haqida gapirib bermaysizmi?» dedim. U kishi aytdi: «Mayli. Nabiy sollallohu alayhi vasallam og'irlashib qoldilar va: «Odamlar namoz o'qishdimi?» dedilar. «Yo'q. Ular sizga intizor bo'lib turishibdi, ey Allohning Rasuli», dedik. «Menga tog'oraga suv quyib beringlar», dedilar. Biz aytganlarini qildik. U zot g'usl qildilar. Keyin turmoqchi bo'lib, urindilar va hushlaridan ketdilar. So'ngra o'zlariga kelib: «Odamlar namoz o'qishdimi?» dedilar. «Yo'q. Ular sizga intizor bo'lib turishibdi, ey Allohning Rasuli», dedik. «Menga tog'oraga suv quyib beringlar», dedilar. Biz aytganlarini qildik. U zot g'usl qildilar. Keyin turmoqchi bo'lib, urindilar va hushlaridan ketdilar. So'ngra o'zlariga kelib: «Odamlar namoz o'qishdimi?» dedilar. «Yo'q. Ular sizga intizor bo'lib turishibdi, ey Allohning Rasuli», dedik. «Menga tog'oraga suv quyib beringlar», dedilar. Biz aytganlarini qildik. U zot g'usl qildilar. Keyin turmoqchi bo'lib, urindilar va hushlaridan ketdilar. So'ngra o'zlariga kelib: «Odamlar namoz o'qishdimi?» dedilar. «Yo'q. Ular sizga intizor bo'lib turishibdi, ey Allohning Rasuli», dedik.
Odamlar masjidda to'planib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni xufton namoziga kutib turishardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarga namozga o'tishi haqida Abu Bakrga xabarchi yubordilar. Habarchi kelib unga: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarga namoz o'qib berishingni amr qilyaptilar», dedi. Abu Bakr (ko'ngli) yumshoq odam edi. Shunda u: «Ey Umar, odamlarga namozga o't», dedi. «Bunga sen haqlisan», dedi Umar. O'sha kunlari Abu Bakr odamlarga namozga o'tdi.
So'ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'zlarida engillik sezib, biri Abbos bo'lgan ikki kishiga suyangan holda peshin namoziga chiqdilar. U zot chiqqanlarida Abu Bakr imomlik qilayotgan edi. Abu Bakr u zotni ko'rib, ortiga tisarila boshladi. U zot unga ortga o'tmaslik haqida ishora qildilar va (yonlaridagi) ikkoviga: «Meni uning yoniga o'tqazinglar», dedilar. Ikkovi u zotni Abu Bakrning yoniga o'tqazishdi. Abu Bakr tik turgan holida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning namozlariga, odamlar Abu Bakrning namoziga ergashib namoz o'qidilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam esa, o'tirgan hollarida edilar.
Ubaydulloh aytadi: «Abdulloh ibn Abbosning oldiga kirib unga: «Oishaning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bemorliklari haqida menga aytib berganlarini senga bildiraymi?» dedim. «Aytaver», dedi. Shunda men bildirdim. U biror narsani inkor qilmadi. Faqatgina: «U senga Abbos bilan birga bo'lgan kishining nomini aytdimi?» dedi. «Yo'q», dedim. «U Aliy edi», dedi».
Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.
Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.
Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.
Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.
Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).
Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.
Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari