Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyul, 2025   |   13 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:15
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
08 Iyul, 2025, 13 Muharram, 1447

Alloh haqida yaxshi gumonda bo'ling!

28.11.2023   2856   7 min.
Alloh haqida yaxshi gumonda bo'ling!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda e'tikof o'tirgan edilar. Kechasi Sofiya roziyallohu anho onamiz u zotning ziyoratlariga bordilar, biroz gaplashishdi, so'ng Sofiya onamiz uylariga ketmoqchi bo'ldilar. Nabiy alayhissalom kuzatgani turdilar.

Shunda ansoriylardan ikki kishi o'tib qoldi. Ular Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni ko'rishlari bilan tezlab qoldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Shoshilmang, bu ayolim Sofiyadir”, dedilar.

«Subhanalloh! Yo Allohning Rasuli!» deyishdi. Ya'ni sizga hech qachon shubha qilmaymiz. Siz Allohning payg'ambarisiz.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, shayton insonning qon yurar joyida yuradi. Men u sizning qalbingizga biror narsani yoki yomonlikni otishdan qo'rqdim”, dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu hadislaridan juda ko'plab saboqlar olish mumkin.

Birinchidan, odamlarning fikriga yomon hayollar kelib turar ekan. Shuni bilishimiz kerakki, shayton insonni yomon fikrlar bilan g'o'zg'atadi. Masalan, ko'cha-ko'yda bir ayolni bir erkak bilan ketayotganini ko'rsak yoki kimningdir usti boshini ko'rib noto'g'ri xulosa chiqarishga shoshilamiz. Bir joyda bir tanishingizni ko'rib, darhol u haqda yomon gumonga bormang, chunki aslida uning niyati butunlay boshqa bo'lgan bo'lishi mumkin. Shuni aslo unutmangki, shayton insonni yomon yo'lga boshlash uchun doimo vasvasa qilib, yomon fikrlarga undaydi.

Ikkinchidan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarini yomon gumonga tushib qolishdan qaytarganlar. Shuning uchun, “xotirjam bo'ling, bu mening ayolim Sofiya” deb hatto sahobalarda yomon fikr tug'ilmagan bo'lsa ham, ularni turli gumonga bormasliklarining oldini oldilar.

Hamisha yaxshi fikrda bo'lish kishilar o'rtasida do'stlik va ishonch rishtalarini mustahkamlaydi. Yomon fikr insonlar orasida keng tarqalgan xavfli kasallikdir. Hatto ba'zan erkak kishi shaytonning vasvasalariga uchib, o'z ayoliga ham shubha bilan qarab, josuslik qiladi. Natijada, orada ishonch yo'qoladi.

Ba'zilar yon-atrofidagi barcha odamlarga shubha bilan qaraydi. Ular nima ish qilishsa, hammasini tahlil qiladi. Biz hamisha atrofimizdagi barcha narsaga yaxshi gumon bilan qarashga odatlanishimiz lozim.

Albatta, bundan befarq bo'lish kerak degan tushunchaga bormaslik kerak. Bu ikkisi o'rtasida katta farq bor. Masalan, narsa sotib olish va sotishda yoki boshqa muomalarda ziyrak bo'lish talab etiladi. Tekshirmay, surishtirmay ko'rganimizga ishonib ketavermasligimiz lozim. Bunday holatlarda aql-idrok yaxshi gumondan ustun qo'yilmaydi.

Yaxshi gumon qilishda ota-bobolarimiz go'zal namuna edilar. Ular biror musibatga uchrashsa hamisha "bunda bir yaxshilik bor" deb aytishardi. Misol uchun, bir idish sinib qolsa yoki biror ko'ngilsiz holat ro'y bersa, hatto ishlari yurishmasa ham "Insha Alloh bunda bir yaxshilik bor" deyishardi. Ammo biz biror musibatga uchrasak bir zumda tushkunlikka tushamiz. Biroq o'tgan ulug'larimiz "Bunda yaxshilik bor, Alloh mendan bir yomonlikni ketkazdi. Har bir kechikishda bir yaxshilik bor" deb yaxshi gumonda bo'lishardi. Biz ham hamisha Alloh haqida yaxshi gumonda bo'lishga intilishimiz kerak.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ajoyib bir voqeani rivoyat qilib berganlar: “Sizlardan oldingilar ichida 99 ta odamni o'ldirgan bir kimsa bor edi. U er yuzi ahlining eng bilimdon kishisini surishtirdi. Uni bir rohibga dalolat qilishdi. U rohibning oldiga keldi va o'zining 99 ta jonni o'ldirganini, tavba qilishiga imkon bor-yo'qligini so'radi. Rohib: “Imkon yo'q” deb javob berdi. Boyagi kimsa rohibni ham o'ldirdi va sanoqni 100 taga etkazdi. Keyin yana er yuzining eng ilmli kishisini surishtirdi. Uni bir olimga dalolat qilishdi. U borib, o'zining 100 ta jonni o'ldirganini, endi tavba qilishiga imkon bor-yo'qligini so'radi. Olim: “Imkon bor. Sen bilan tavba orasini kim to'sa oladi?! Sen falon erga bor. U erda Alloh taologa ibodat qilayotgan insonlar bor. Ular bilan birga ibodat qil. O'z eringgga qaytma. Chunki u yomon joy ekan” deb javob berdi. Boyagi kimsa aytilgan tomonga jo'nadi. Yarim yo'lga etganda, vafot etdi. U odam xususida rahmat farishtalari bilan azob farishtalari tortishdilar. Rahmat farishtalari: “Bu odam tavba qilgan holda qalbi bilan Alloh taolo sari ketayotgan edi” deyishdi. Azob farishtalari: “Bu odam hech yaxshilik qilmagan” deyishdi. Shunda ularning yoniga bir farishta odam suratida keldi. Farishtalar uni bu ishga hakam qildilar. U: “Sizlar uning yashagan joyi bilan bormoqchi bo'lgan joyini o'lchab ko'ringlar. Bu odam qaysi tarafga yaqinroq bo'lsa, o'sha tarafga hukm qilinadi” dedi. Farishtalar o'lchab ko'rsalar, u odam bormoqchi bo'lgan tarafiga yaqin ekan. Darhol uning ruhini rahmat farishtalari ko'tarib oldilar”.

Alloh haqida yaxshi gumonda bo'lishning chegarasi yo'q, chunki bu Alloh bilan muloqotning bir turidir. Alloh taolo hadisi qudsiyda bunday marhamat qilgan: "Men bandam men haqimda nima gumon qilsa, o'shandayman. U Meni zikr qilgan chog'da, Men u bilanman".

Shunday ekan, Robbingiz haqida yaxshi gumonda bo'ling. Jannatning eng oliysini so'rang, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo'lishni so'rang. Albatta, Alloh taolo bu dunyoda ham, oxiratda ham ko'plab ne'matlarini beradi.

Agar biror musibatga uchrasangiz buni sinov deb biling, Alloh sizning darajangizni ko'tarishini umid qiling. Agar biror yaxshilik etsa, buni Allohning ne'mati deb biling! Hamisha yaxshi gumon va niyatda bo'ling.

Unutmangki! Alloh taolo sizga aslo yomonlikni ravo ko'rmaydi, sizga faqat yaxshiliklarni xohlaydi....

 Davron NURMUHAMMAD

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom-xatiblar yangi barpo etilayotgan Burhoniddin Marg‘iloniy turizm markaziga bordi

07.07.2025   1926   2 min.
Imom-xatiblar yangi barpo etilayotgan Burhoniddin Marg‘iloniy turizm markaziga bordi

Marg‘ilon shahrida jahon tamadduni va islom ilm-faniga beqiyos hissa qo‘shgan mutafakkirlardan biri — Imom Burhoniddin Marg‘iloniy nomi bilan bog‘liq yangi ilmiy-ma’rifiy turizm markazi barpo etilmoqda. “Navro‘z” mahallasi hududida tashkil etilayotgan mazkur majmua nafaqat yurtimiz, balki xalqaro miqyosda ham ahamiyatga molik loyihalardan biri sifatida ko‘rilmoqda.


Bosh reja asosida qurilayotgan markazda Burhoniddin Marg‘oniy ilmiy-tadqiqot markazi, zamonaviy shaklda tashkillashtiriladigan muzey, milliy uslubda barpo etiladigan “Otabek va Kumush” uyi, sun’iy ko‘l, maqom teatri, gastronomiya va xizmat ko‘rsatish markazlari, savdo do‘konlari, mehmonxonalar hamda bozor infratuzilmasi nazarda tutilgan.
 

Mazkur qurilishlar kelajakda Marg‘ilon shahrining tarixiy, ilmiy va turizm salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Bu joy, shubhasiz, ziyorat va ilmiy tadqiqot maqsadida keluvchilar uchun ham jozibador maskanga aylanadi.


Shu kunlarda mazkur hududda qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Bugungi kunda ilmiy-tadqiqot markazi binosi bilan bir qatorda boshqa muhim inshootlarning ham qurilishi boshlangan.


Marg‘ilon shahrida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar shahar bosh imom-xatibi Abdulfattoh domla Olimov boshchiligida majmua bilan yaqindan tanishish maqsadida obyektga bordilar. 


Tashrif chog‘ida imom-xatiblar bu yerdagi qurilish ishlarining holati bilan tanishdilar, loyihalarning mazmun-mohiyati yuzasidan mas’ullardan ma’lumotlar olishdi. 


Mazkur majmua nafaqat Marg‘ilon, balki Farg‘ona vodiysi hamda butun mamlakatimiz uchun muhim madaniy-ma’rifiy maskan bo‘lib, u kelajakda yoshlar tarbiyasi, diniy soha xodimlarining salohiyatini oshirish, milliy o‘zlikni anglash va qadriyatlarni asrash yo‘lida xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Imom-xatiblar yangi barpo etilayotgan Burhoniddin Marg‘iloniy turizm markaziga bordi Imom-xatiblar yangi barpo etilayotgan Burhoniddin Marg‘iloniy turizm markaziga bordi Imom-xatiblar yangi barpo etilayotgan Burhoniddin Marg‘iloniy turizm markaziga bordi Imom-xatiblar yangi barpo etilayotgan Burhoniddin Marg‘iloniy turizm markaziga bordi Imom-xatiblar yangi barpo etilayotgan Burhoniddin Marg‘iloniy turizm markaziga bordi Imom-xatiblar yangi barpo etilayotgan Burhoniddin Marg‘iloniy turizm markaziga bordi
O'zbekiston yangiliklari