Dubay elektr energetika va suv ta'minoti boshqarmasi (DYeWA) AQShdagi Ekologik qurilish kengashidan 83 ball olgan dunyodagi birinchi masjidni ochdi.
Islam.ru xabariga ko'ra, Hatta shahridagi masjid ekologik xavfsizlikning eng yuqori standartlariga muvofiq 600 dan ortiq namozxonlarni 1050 kvadrat metr maydonga sig'dira oladi.
"Barcha loyiha va tashabbuslarimizda barqarorlik va samaradorlikning eng yuqori standartlariga rioya qilishga intilamiz. Bu, vitse-prezident, bosh vazir va Dubay hukmdori Shayx Muhammad bin Rashid Al Maktum tomonidan boshlangan 2040 yilgacha bo'lgan davrda Dubay Bosh rivojlanish rejasiga muvofiq keladi", - dedi Said Muhammad Al Tayer, MD va DEWA bosh direktori.
Masjid majmuasida balandligi 25 metr bo'lgan minoralar, avtomobillar va mopedlar uchun mashinalar qo'yish joyi, zaryadlovchi stantsiya, shuningdek, diniy binoda "Qat'iyatli odamlar" (People of Determination) uchun barcha sharoitlar yaratilgan (Amirliklar "imkoniyati cheklangan odamlar" so'zi o'rniga nogironlarni aynan shunday chaqirishga qaror qilgan).
Masjid elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun quyosh panellari, shuningdek, ishlatilgan suvni tozalash va qayta ishlash uchun uskunalar bilan jihozlangan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, axborot oqimi misli ko‘rilmagan darajada tezlashgan asrda inson ongi eng katta kurash maydoniga aylandi. Bu maydonda esa eng xavfli qurol mutaassiblik va radikallashuvdir. Ko‘pincha "haqiqatni izlash" niqobi ostida boshlangan yo‘l, afsuski, ko‘plab insonlarni jamiyatdan uzilishga, oilasidan kechishga va oxir-oqibat fojiaga olib kelmoqda.
Biroq eng muhim savol ochiq qolmoqda: Xato qilgan, adashgan va mutaassiblik ko‘chasiga kirib qolgan inson uchun ortga yo‘l bormi?
Hech kim bir kunda radikal bo‘lib qolmaydi. Bu jarayon odatda bilimsizlikdan boshlanadi. Diniy yoki dunyoviy bilimlarning yuzakiligi insonni manipulyatsiya quroliga aylantiradi. Vaholanki, islom dini birinchi navbatda insonni fikrlashga va ilm olishga chaqiradi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
«Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!» (Zumar surasi, 9-oyat)
Bu oyat insonni ko‘r-ko‘rona kimgadir ergashishdan emas, balki aql va ilm bilan fikr yuritishga undaydi. Mutaassib inson esa izlanishdan to‘xtagan va faqat muayyan bir guruhning fikrini mutlaq haqiqat deb biladigan kishidir.
Mutaassiblikning eng katta xavfi dunyoni faqat "qora" va "oq"qa ajratishdir. Unda bag‘rikenglik yoki boshqacha fikrlashga joy yo‘q. Inson bu girdobga tushganda, atrofidagi hammani, hatto ota-onasini ham "osiy" sifatida ko‘ra boshlaydi.
Ammo tarix va bugungi kun tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ortga qaytish nafaqat imkon bor, balki zarur hamdir.
Adashgan insonning ortga qaytishiga ko‘pincha qo‘rquv va jamiyatning nafrati xalaqit beradi. Bu yerda eng katta mas’uliyat yaqinlari va jamiyat zimmasiga tushadi. Adashgan insonni jarlikka itarib yuborish emas, balki unga qo‘l uzatish lozim. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom marhamat qilganlaridek:
«Alloh taolo muloyimdir va muloyimlikni yaxshi ko‘radi. U Zot muloyimlik uchun qattiqqo‘llikka bermagan ajr-mukofotni beradi». (Imom Muslim rivoyati)
Tavba va qaytish yo‘lidagi ilk qadamlar:
To‘g‘ri yo‘lga qaytish imkoni har doim bor. Inson xato qilishi mumkin, lekin xatoda oyoq tirab turish — haqiqiy mag‘lubiyatdir. Mutaassiblikdan qaytish — bu faqat fikrni o‘zgartirish emas, bu — hayotga, oilaga va kelajakka qaytishdir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi