frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Yaxshi so'z – jon ozig'i

09.09.2021   5172   1 min.
Yaxshi so'z – jon ozig'i

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kishining go'zalligi uning tilidan bilinadi” (Imom Hokim rivoyati);

– “Hamma ishlaringizda to'g'ri bo'ling, odamlarga muomalada xulqingiz chiroyli bo'lsin!” (Imom Tabaroniy, Imom Hokim rivoyati);

– “Haqiqiy musulmonning qo'lidan ham, tilidan ham musulmonlar ozor ko'rishmaydi” (Imom Muslim rivoyati).

Siyrat kitoblarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning juda kam gapirishlari, gapirganlarida ham, bo'lib-bo'lib, aniq so'zlashlari bayon etilgan. U zot alayhissalomning muborak yuzlarini ko'rgan bir sahroyi arab: “Guvohlik beraman, bu yuz yolg'onchilarniki emas”, deb Islom dinini qabul qilgan. Zero, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam go'zal xulqli inson edilar. Ul zot bizlarni ham yaxshi xulqli bo'lishga chaqirganlar.

Hadisda: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo'lsa, yaxshi so'zlarni gapirsin yoki sukut saqlasin”, deyilgan (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Dunyo va oxirat uchun foydali so'zlarni so'zlab, foydasiz gaplardan tiyilish faqat yaxshilik keltiradi. Yana Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kishining har bir eshitgan narsasini gapiraverishi gunohkor bo'lishiga kifoyadir”, deganlar.

Odam bir gapni aytishdan oldin yaxshilab o'ylab ko'rishi kerak. Agar aytmoqchi bo'lgan so'zi yaxshi bo'lsa, savob keltirsa, gapirgani tuzuk. Bordiyu aytmoqchi bo'lgani yomonliklarni qo'zg'aydigan, yaxshilikka shubha uyg'otadigan bo'lsa, tilini tiysin. Odam har bir gapi uchun javob beradi. Og'izdan chiqqan har bir so'z gapiruvchining foydasiga yoki zarariga xizmat qiladi. O'ylamasdan aytilgan so'z bilan yaqin do'st goho dushmanga aylanib qolishi mumkin.

 

Manba: islom.uz

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Otamdan qolgan saboqlar: Insonning qadri qiyin kunlarda bilinadi

29.06.2026   1316   4 min.
Otamdan qolgan saboqlar: Insonning qadri qiyin kunlarda bilinadi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Otam (Alloh rahmatiga olsin) mehnat faoliyatini 1960-yillarning boshlarida Nigeriyadagi Saudiya Arabistoni elchixonasida boshlagan edilar.

Elchixonada Zayd ismli yana bir xodim ishlardi. Negadir ular bir-birlari bilan unchalik chiqisha olishmasdi.

Bir kuni Zayd aka betob bo‘lib qoldi. Shunda otam, oralaridagi sovuq munosabatga qaramay, uni ziyorat qilishga bordilar. O‘sha davr odamlari his-tuyg‘ularidan ko‘ra burch va odobni ustun qo‘yar edilar.

Zayd aka yotoqda yotardi. Otam esa indamay o‘rnidan turib, uning oyoqlari ostiga shippagini qo‘yib berdilar.

Bu juda oddiy ko‘ringan harakat edi.

Ammo aynan shu kichik e’tibor ularning munosabatini butunlay o‘zgartirib yubordi.

O‘sha ziyorat keyinchalik qariyb 60 yil davom etgan mustahkam do‘stlikning boshlanishiga aylandi.

Zayd aka aslida olijanob fe’l-atvorli inson edi. Chinakam xarakterga ega odam eng kichik ezgulikni ham unutmaydi va uni qadrlaydi.

Otam bilan Zayd aka o‘rtasidagi do‘stlik yillar soni bilan emas, balki birgalikda boshdan kechirgan sinovlar va vaziyatlar bilan o‘lchanardi.

Har bir sinov ularning do‘stligini yanada mustahkamlab borardi.

Qiyin damlarda Zayd aka otamni qo‘llab-quvvatladi, otam ham kerak bo‘lganida Zayd akaga suyanch bo‘ldi.

Ularning fe’l-atvori, turmush tarzi va qarashlari turlicha edi. Ammo ularni umumiy qadriyatlar, o‘zaro hurmat va birgalikda bosib o‘tilgan hayot yo‘li birlashtirib turardi.

Donolar aytishadi: insonlar o‘rtasidagi munosabatlar asosan uch turga bo‘linadi:

  • zavq va hordiq do‘stligi;
  • manfaat do‘stligi;
  • sinov va sadoqatga asoslangan do‘stlik.

Eng katta xatolardan biri – ana shu do‘stliklarning chegarasini adashtirishdir.

Masalan, ba’zi insonlar bilan faqat birga vaqt o‘tkazamiz, suhbatlashamiz, sayr qilamiz va h.k. Bu yillar davom etishi ham mumkin.

Lekin hayot sinovi kelmaguncha, bu munosabatning qanchalik mustahkam ekanini bilib bo‘lmaydi.

Ko‘p marta shunday bo‘ladiki, biz yillar davomida yaqin deb bilgan odamimiz eng kerakli paytda yonimizda bo‘lmaydi.

Aksincha, ayrim insonlar og‘ir kunlarda sadoqatini isbotlaydi.

Shuning uchun ham eng mustahkam do‘stlik – bu quvonchni ham, manfaatni ham, sinovni ham birgalikda yengib o‘ta oladigan do‘stlikdir.

Hayotda tamoyillaringizni baham ko‘radigan, og‘ir damlarda sizni yolg‘iz qoldirmaydigan bunday do‘stlar juda kam uchraydi.

Agar Alloh sizga shunday bir yoki ikki do‘stni nasib qilgan bo‘lsa, bu eng buyuk ne’matlardan biridir.

Otam bilan Zayd aka umrlarining katta qismini bir mamlakatda yashamaganlar.

Otam Jidda shahrida o‘z biznesini yo‘lga qo‘ydi. Zayd aka esa Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligida faoliyatini davom ettirib, turli mamlakatlardagi elchixonalarda xizmat qildi.

Ular faqat bayramlarda yoki qisqa muddatlarga uchrashishardi. Shunga qaramay, masofa ularning do‘stligini zaiflashtirmadi. Aksincha, yillar o‘tgan sari bu rishta yanada mustahkamlanib bordi. Go‘yo ular har kuni uchrashib turganday edi.

Nega?

Chunki ularning do‘stligi manfaatga emas, samimiyat va sadoqatga qurilgan edi.

Ayrim insonlar oltinga o‘xshaydi. Ular sinovlarga duch kelgan sari yanada poklanadi, yanada porlaydi.

Boshqalari esa qalayga o‘xshaydi. Hayot olovi tegishi bilan erib, asl qiyofasi namoyon bo‘ladi.

Chinakam insonning qadri aynan qiyin kunlarda bilinadi.

Davron NURMUHAMMAD

 

Maqolalar