Shu kunlarda ba'zi saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy vazifasiga kim saylanishi va nomzodlar haqida turli xabarlar e'lon qilinmoqda. Hatto ayrim ijtimoiy tarmoq yurituvchilari falon ulamo muftiy vazifasiga tayinlandi, degan mazmundagi asossiz axborotni ham tarqatib, aholini yolg'on ma'lumotlar bilan chalg'itayotgani kuzatilmoqda. Natijada, shunday gap-so'zlarni tarqatish orqali el-yurt hurmat qiladigan va ehtirom ko'rsatadigan ulamolarning ruhiyatiga salbiy ta'sir ham o'tkazilmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi yurtimiz fuqarolarini asl holat va mavjud vaziyatni bilmay turib, haqiqatga to'g'ri kelmaydigan xabarlarni tarqatishdan saqlanishga chaqiradi. Shuningdek, hammani o'zimga qarataman yoki kuzatuvchilarim soni ko'payadi, deya arzon shuhratga uchib, yolg'on axborot tarqatish esa jurnalistik etikasiga ham, ijtimoiy tarmoq yuritish odobiga ham, dinimiz ta'limotiga ham zid ekanini ma'lum qiladi.
Shu bilan birga, O'zbekiston musulmonlari idorasi mazkur mavzu atrofida asossiz bahs-munozarani hayotini xalqimiz va muqaddas dinimiz xizmatiga bag'ishlagan marhum muftiy Usmonxon Temirxon o'g'li hazratlarining vafotidan ko'p o'tmagan bir davrda ko'paytirishni diniy, milliy va oddiy insoniylik qadriyatlari nuqtai-nazaridan odobsizlik sifatida baholaydi hamda fuqarolarimizni bunday ishlar qilmaslikni so'raydi.
Ta'kidlash joizki, O'zbekiston musulmonlari idorasi respublika hududida rasmiy faoliyat olib borayotgan islomiy diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organi bo'lib, musulmonlarning e'tiqodiy birligini ta'minlashga xizmat qiladi. Shu maqsadda, fiqhda Hanafiy mazhabi va aqidada Imom Moturidiy ta'limoti asosida mo'min-musulmonlar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratadi. Shuningdek, Islom ma'rifatini keng yoyish, masjid-madrasalar ta'sis etish, diniy adabiyotlar nashr etish, xalqaro tashkilotlar va taniqli ulamolar bilan hamkorlikni amalga oshiradi.
Qayd etish lozimki, O'zbekiston musulmonlari idorasi Ustavining tegishli bandiga asosan Diniy idora raisi, muftiy Ulamolar Kengashi yig'ilishida besh yil muddatga saylanadi. Muftiy lavozimiga saylanayotgan shaxs O'zbekiston Respublikasi fuqarosi, oliy diniy ma'lumotli, kamida o'n yil O'zbekiston musulmonlari idorasi tizimida ishlagan,ulamolar hamda xalq orasida obro' va ishonch qozongan bo'lishi lozim.
Ayni kunlarda muftiy lavozimiga munosib nomzodlarni atroflicha ko'rib chiqish, mehnat faoliyatlarini o'rganish, bilim salohiyatlarini mezonga solish, ish tajribalarini kuzatish va xalq orasidagi obro'-e'tiborlariga baho berish ishlari olib borilmoqda. Mazkur jarayonlarning yakuni to'g'risida O'zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy matbuotida e'lon qilinadi.
O'z navbatida aytish kerakki, bu masalada internetdagi betizgin erkinlik sababli islomiy me'yorlarni esdan chiqarish ham durust emas. Alloh taolo Qur'oni karimda: “U (inson) biron so'zni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa) uning oldida hoziru nozir bo'lgan bir kuzatuvchi (farishta u so'zni yozib olur)”, deb bayon qilgan (“Qof” surasi, 18-oyat).
Ushbu oyati karimadan bugun yozganlarimiz ertaga o'zimizning foydamiz yoki zararimizga hujjat bo'lishi ayon bo'lmoqda. Har bir so'zimizni yozishga chog'lanar ekanmiz, ongimizda Alloh taolo va Uning Rasulining bizni ogohlantirgan kalomlari, Islom dini ko'rsatmalari paydo bo'lsa, so'z aytish mas'uliyatini yanada teranroq anglagan bo'lar edik...
Haq taolo barchamizni to'g'ri yo'lda sobitqadam qilsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 19 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi "Rakat" jome masjidida ado etdilar. Muftiy hazratlari juma namozidan oldin yig‘ilgan jamoatga masjid odoblari mavzusida mav’iza qilib berdilar.
Darhaqiqat, ma’ruzada aytib o‘tilganidek, masjidlar ehtirom yuzasidan “baytulloh” – Allohning uyi deyiladi. Zero, masjidning devorlari va ustunlari Alloh nomi bilan qurilgan. Ularda Alloh taologa ibodat qilinadi, U Zot ulug‘lanadi, maqtaladi. Unga ruku va sajdalar qilinadi. Zero, Qur’oni karimda bunday bayon qilingan: “Albatta, (barcha) masjidlar Allohnikidir. Bas, Allohdan boshqaga duo qilmang!” (Jin surasi, 18-oyat).
So‘nggi yillarda yurtimizda bir nechta yirik masjid va ziyoratgohlar obodonlashtirilmoqda. Birgina Samarqand viloyatida barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasini olaylik. Ushbu majmuaning umumiy maydoni 44 gektar bo‘lib, o‘z ichiga mahobatli maqbara, o‘n ming kishiga mo‘ljallangan katta masjid hamda alloma tarixiga bag‘ishlangan zamonaviy muzey bunyod etildi.
Alhamdulillah, bugungi kunda respublikamiz bo‘yicha 2147 ta masjid faoliyat olib bormoqda. Bu ham bo‘lsa, jamiyatimizda diniy-ma’naviy hayotning yuksalib borayotganidan dalolat. Masjidlar obodligiga bo‘lgan bu e’tibor, shubhasiz, muqaddas dinimizga va uning qadriyatlariga bo‘lgan ehtiromning yorqin ko‘rinishidir. Zero, masjidlarni obod qilishning zamirida inson qadrini ulug‘lash, uning ruhiy-ma’naviy ehtiyojlarini ta’minlashdek ezgulik mujassam.
Masjid bino qilishning fazli haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim Alloh taolo uchun bir masjid qursa, Alloh uning uchun jannatda bir uy quradi” (Imom Muslim rivoyati).
Manfaatli suhbat yakunida bunday xayrli ishlarga kamarbasta bo‘layotgan mutasaddilar haqqiga xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati