Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Iyul, 2025   |   9 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:11
Quyosh
04:55
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
04 Iyul, 2025, 9 Muharram, 1447

Tinchlik – amaliy shukr talab etuvchi buyuk ne'matdir!

03.09.2021   2291   11 min.
Tinchlik – amaliy shukr talab etuvchi buyuk ne'matdir!

Jonajon Vatanimizning Mustaqillik bayrami munosabati bilan qilinayotgan sarhisob barchamizni quvontirmoqda. Ayniqsa, so'nggi yillarda yangi O'zbekistonda iqtisodiyotni erkinlashtirish va tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, siyosiy huquq va erkinliklarni ta'minlash, demokratiya va qonuniylikni qaror toptirish, ijtimoiy muhofaza va aholining salomatligini asrash, ilm-fan va ta'lim-tarbiya, madaniyat va diniy-ma'rifat, shaharsozlik va qurilish, san'at va sport kabi sohalarda erishilgan ulkan yutuqlar nafaqat aholimiz, balki xalqaro hamjamiyat, dunyodagi taniqli olim va ekspertlar, nufuzli tashkilotlarning e'tiroflari har bir vatandoshimizning qalbini faxr va g'urur ila to'ldirmoqda.

Hususan, Davlatimiz Rahbarining shaxsan tashabbuslari bilan turli dinlarga mansub qadriyatlarni avaylab-asrashga, barcha fuqarolarga vijdon erkinligi va o'z e'tiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilib, ushbu yo'nalishda boshqa davlatlarga namuna bo'ladigan boy tajriba orttirildi. Mazkur yo'nalishlarda ko'plab hukumat qarorlari qabul qilinib, hayotga joriy qilindi.

Hech shubhasiz, yurtimizda turli sohalarda erishilayotgan barcha ulkan yutuqlarimizning zamirida jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik hisoblanadi. Tarixiy haqiqat shundan iboratki, ijtimoiy tarqaqqiyotning barcha davrlarida davlat va jamiyatning rivojlanishi barqarorlik va tinch-osoyishta hayot kechirishga uzviy bog'liq bo'lgan.

Ma'lumki, Islom dinida tinchlik Alloh taolo tomonidan butun insoniyatga in'om etilgan ulug' ne'mat sifatida qadrlanadi. Ulamolar Qur'oni karimning 50 dan ziyod surasidagi oyatlar mo'minlik, tinchlik va bag'rikenglik mavzulariga bag'ishlanganini e'tirof etadilar. Jumladan, Qur'oni karimda bayon qilinadiki: Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara surasi, 208-oyat).

Tinchlikning ilohiy ne'mat ekani Muhammad alayhissalomning quyidagi hadislarida qayd etilgan: “Allohdan afv va tinchlik-omonlikni so'ranglar. Chunki biror kishiga imondan keyin tinchlik-omonlikdandan afzalroq ne'mat berilgani yo'q” (“Sunani Termiziy”, 3558-hadis).

O'zbekiston azaldan turli millatga mansub, turli dinlarga e'tiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashagan o'lka bo'lib kelgani tarixiy haqiqatdir. Ajdodlarimiz turli millat va din vakillariga doimo hurmat bilan munosabatda bo'lgani, Vatan taraqqiyoti yo'lida elkadosh bo'lib mehnat qilgani tarixiy manbalarda ko'p qayd etilgan. Bugungi kunda jonajon Vatanimizda 130 dan ziyod millat, 16 konfessiyaga mansub fuqarolarimiz yagona ahil oila bo'lib, tinchlik-xotirjamlikda yashab, yurtimiz mustaqilligi va xalqimiz farovonligi yo'lida birgalikda faoliyat olib bormoqdalar.

Taassufki, bugun jahon hamjamiyati, xususan, musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechmoqda. Insoniyat muayyan siyosiy doiralar tomonidan o'z ta'sir doiralarini kengaytirish maqsadida, amalga oshirayotgan g'oyaviy kurashlar va mafkuraviy tahdidlar avj olgan bir vaziyatda yashamoqda. Qator davlatlar, xususan musulmon yurtlari o'tkir siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli nizolarni boshidan kechirmoqda. Mazkur mamlakatlarda odamlar og'ir iqtisodiy muammolar girdobida, nochorlik, oziq-ovqat tanqisligi, ochiqdan-ochiq zo'ravonliklar va xavfsizlikning yo'qligi sharoitida kun kechirmoqda. Oqibatda bunday hududlardan qochqinlar hajmi ortib, keng miqyosda gumanitar tangliklar yuzaga kelmoqda.

Darhaqiqat, Payg'abar alayhissalomning “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug' ne'matdurki, bundan ko'p odamlar mahrumdirlar” (Imom Buxoriy, 6412-hadis) degan hadislarini eslagan holda, bugungi kunda yurtimizdagi tinch-osoyishta hayot qator mamlakatlarning xalqlari uchun orzu bo'lib qolayotgani guvohi bo'lmoqdamiz.

Ushbu holat dunyodagi davlatlarning katta yoki kichikligi, dini va millatidan qat'iy nazar, tinchlik va barqarorlik naqadar aziz ne'mat ekanini yana bir bor isbotlab bermoqda. Shu o'rinda Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisni eslash o'rinlidir: “Kim oilasi tinch, tanasi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong orttirsa, unga dunyo to'lig'icha berilibdi” (“Sunani Termiziy”, 2346-hadis).

Ta'kidlash joizki, ijtimoiy barqarorlik jamiyat hayotining osoyishtaligi bilan tavsiflanadi. Barqarorlikka tinch-totuvlik va uni mustahkamlash uchun shart-sharoitlar yaratish, turli ijtimoiy qatlamga mansub fuqarolar va siyosiy partiyalar o'rtasidagi hamjihatlikni, davlat, jamoat va diniy tashkilotlar, fuqarolar o'rtasidagi ijtimoiy kelishuv va sherikchilik bardavomligini ta'minlash orqali erishiladi.

Aksincha, xalq orasida buzg'unchilik g'oyalarini tarqatish orqali beqarorlik keltirib chiqarish esa tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqaradi. Islom ta'limotida aholi osuda hayot kechirib turgan jamiyatda halovat va tinchlikka raxna soladigan har qanday fitna harakatlari odamlarning qonini to'kishdan ham og'ir gunoh sanaladi: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo'lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo'ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo'yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir” (“Anfol” surasi, 25-oyat).

Islom ulamolari Qur'oni karimda tinchlikka, odamlarning osoyishtaligi va xavfsizligiga raxna soluvchi amallarni qilmaslikni buyurilganini ta'kidlaydilar: “... Alloh esa, fasodni (buzg'unchilikni) yoqtirmaydi”(Baqara surasi, 205-oyat). Mazkur suraning 60-oyatida:“...Allohning rizqidan eb-ichingiz, Yer yuzida buzg'unchilik qilmangiz! ...” deb marhamat qilingan.

Shuningdek, islom ta'limoti odamlarni millati, dini, jinsi yoki qarashlaridan qat'iy nazar huquq va erkinliklarini himoya qiladi hamda ularga zulm qilishdan qaytaradi. Qur'oni karimda: “...biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni ularga nisbatan adolatsizlik qilishga undamasin!...” (“Moida” surasi, 8-oyat) deyilgan.

Tinchlikni saqlash hushyorlik va ogohlikni talab qiladi. Bugungi tahlikali zamon tinchlikni ta'minlash faqat davlatning vakolatli idoralari vazifasi degan noto'g'ri tushunchalardan voz kechish, Vatan taqdiri uchun astoydil qayg'urib yashashni taqozo etayotganiga barchamiz guvohmiz.

Alohida qayd etish lozimki, tinchlikning shukronasi amaliy bo'lishi lozim. Ya'ni, insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga etib, shukrini ado etishi, balki unga noshukrlik qilib putur etkazishdan ham saqlanishi, kelib chiqishi mumkin bo'lgan notinchlikning oldini olishda ham faol ishtirok etishlari lozim.

Ayniqsa axborot manbalari, xususan ijtimoiy tarmoqlar orqali tariximizni, milliy qadriyatlarimiz va Islom dini mohiyatini soxtalashtirishga, ma'naviyat va ma'rifatdan yiroqlashtirishga qaratilgan g'arazli urinishlarga qat'iy qarshi turishimiz lozim. Mazkur yo'nalishda jamiyatning ziyoli qatlamlari, olim va ulamolar oldingi safda bo'lishlari lozim.

Vatanparvarlik ota-bobolardan meros qolgan zaminni sevish, xalq urf-odatlarini, qadriyatlarini asrash va rivojlantirish, o'z ona-Vatanini dushmanlardan, yot va begona g'oyalardan himoya kilish, uning ozodligi va mustaqilligi uchun jonini ham ayamaslikni nazarda tutadi. Ulamolarmiz vatanparvarlik oddiy shior yoki his-tuyg'u emasligi, balki uni quyidagi xayrli amal va ibratli ishlarda ifoda etish lozim ekanini ta'kidlaydilar:

- Vatan haqqiga bor yaxshiliklarni tilab duo qilish;

- jamiyatda ahillikni kuchaytirish yo'lida harakat qilish (silai rahm, qo'shnilarga yaxshilik, o'zaro yordam, bir-birlarga yaxshilikni sog'inish, salbiy axloq va ijtimoiy illatlardan saqlanish va h.k.);

- Vatan salohiyatini oshirish va uni muhofazasi uchun jonkuyarlik qilish (Vatan mulkini avaylab-asrash, uning yuksalishi uchun halol mehnat qilish, o'zini bag'ishlash, bu yo'lda tama'ni yaqinlashtirmaslik va h.k.);

- Vatan erki, hududi yoki obro'siga qarshi g'oyaviy yoki harbiy hujumga qarshi mudofaada turish.

Ta'kidlash joizki, Vatan oiladan boshlanadi. Oilada tinchlik bo'lsa, mahalla, qishloq, shahar, viloyat va nihoyat mamlakatda osoyishtalik bo'ladi, yurt ravnaq topadi. Masalaning e'tiborli jihatlaridan biri shuki, tinchlikni ulug' ne'mat deb e'lon qilgan dinimizda bu yo'lda nafaqat amal bilan, balki so'z bilan ham zarar keltirishdan qaytarilgan.

Shu nuqtai-nazardan, fuqarolarimiz yurtimizda tinchlik-xotirjamlikni avaylab-asrash yo'lida davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarni nafaqat to'g'ri qabul qilishlari, balki e'tiqodan qo'llab-quvvatlashlari hamda bor imkoniyatlari bilan yordam berishlari lozim. Tahdidlarning oldini olishga qaratilgan aynan mana shunday chora-tadbirlar hisobiga yurtimiz tinch, xalqimiz farovon yashab, dindorlarimiz ibodatlarini xotirjamlik va emin-erkinlikda ado etmoqdalar.

Qayd etilganlardan bugungi tahlikali zamonning o'zi voqelikka hushyorlik, teran va chuqur mushohada yuritgan holda nazar tashlashni, jahonda kuchayib borayotgan xatarlarni to'g'ri baholab, ulardan tegishli saboq olib yashashni talab etmoqda. Shu nuqtai-nazardan, vatandoshlarimiz, ayniqsa yoshlarimizning ongi va shuurida murakkab va tahlikali dunyo va mintaqada ro'y berayotgan turli voqea-hodisalar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar haqida biryoqlama va noxolis tasavvurlar shakllanishiga yo'l qo'ymaslik zarur sanaladi.

Yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrash, qadriyatlarimiz, milliy-diniy an'analarimiz, mentalitetimizga zid tushuncha va g'oyalar kirib kelishining oldini olish aziz yurtimizning barcha fuqarolarining burchi hisoblanadi. Ayniqsa, har bir fuqarolarimiz yoshlarimiz ongiga, birinchi navbatda, ona-Vatani va oilasi oldidagi ma'suliyatni singdirishga, ularni insonparvarlik, vatanparvarlik va mamlakatimizga sadoqat ruhida tarbiyalashga ustuvor vazifa sifatida qarash kerak.

Zero, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 30 yillik bayramiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ta'kidlaganlaridek: “Ma'naviy uyg'oq jamiyatni, o'z oldiga ulkan vazifalar qo'yib, kelajak sari ishonch bilan borayotgan xalqni hech kim o'z yo'lidan to'xtata olmaydi. Bunday xalqni Yaratganimiz ham qo'llab-quvvatlaydi, doimo yo'lini ochib beradi”.

 

O'tkir HASANBAYeV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari

03.07.2025   1667   3 min.
Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari

Mana, bu yilgi Haj safarini ado qilish uchun yurtimizdan otlangan barcha ziyoratchilar muqaddas amallarni bajarib, eson-omon vatanga qaytdilar. Bu ulug‘ safar nihoya topgan bo‘lsada, uning xotirasi doimo yodda qoladi.

Yurtimizdan 15 000 dan ziyod, Farg‘ona viloyatidan esa 1600 dan ortiq mo‘min-musulmonlar Haj amallarini ado etdilar. Ziyoratda bo‘lgan hojilarning ayrimlari taassurotlarini bo‘lishdi.


Ibrohimjon Rustamov:

– Hojilarning ulug‘ safarga yo‘l olishida hujjat ishlaridan tortib, shifokor ko‘rigidan o‘tishgacha barcha jarayonlar tizimli va xavfsiz tashkil etildi. Madinai munavvaraga kelib, amallarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ravzalariga kirish bilan boshlash biz uchun juda xursandlik bag‘ishladi. O‘zimizning va yuborilgan salomlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hamda hazrati Abu Bakr va Umar roziyallohu anhularga yetkazdik. Duolarda yurtimiz tinchligi, el farovonligi, yaqinlarimiz va barcha yurtdoshlarimizning xayrli holati uchun iltijo qildik.

Ziyoratlar chog‘ida Uhud va Qubo masjidi, ikki qiblali masjid va boshqa muqaddas joylar sayohat qilindi. Ilmiy suhbatlar va tarixiy voqealar qalbimizga chuqur ta’sir qildi. Madinadagi vaqtimiz ibodat bilan o‘tdi.

Makkai mukarramaga avtobuslarda “Labbayka” sadolari ostida yo‘l oldik va shu kuniyoq guruhimiz bilan to‘liq Umra ibodatini ado etdik. Mino, Arofot, Muzdalifa va Ka’ba atrofidagi ibodatlar davomida jamoaviy duo va zikrlar bilan tavof qilish, guruhimiz tartibi hamda birdamligi boshqalar uchun ham ibrat bo‘ldi.

Shu ulug‘ safarda o‘zimni musulmon va o‘zbekistonlik sifatida baxtli his etdim. Hotirjam ibodat qilishimga yaratilgan imkoniyatlar uchun yuragimdan shukronalar aytdim. Guruhimizdagi har bir ziyoratchi yurt tinchligi, oilalar barakati, farzandlar saodati uchun chin dildan duo qildi.

Bu safar biz uchun buyuk imkoniyat bo‘ldi. Barcha tashkilotchilar, yo‘lboshchilar, xizmatchilar va, albatta, davlatimiz rahbariyatiga chuqur minnatdorlik izhor etamiz. Kelgusida manaviyat targ‘ibotchisi sifatida vatanimga va xalqimga sidqidildan xizmat qilishda davom etaman, insha Alloh.


Qurbonali Aripov:

— Haj safari juda chiroyli o‘tdi. Juda ham hursandmiz. Prezidentimizga shunday sharoitlarni yaratib berganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Yurtimiz uchun duolar qildik, muqaddas ziyoratni ado etishga imkon bo‘lgan kunlarga shukronalar aytamiz. Endilikda mahallamizda yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda, ma’naviyat targ‘ibotida faol ishtirok etamiz. Ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘lishga harakat qilamiz.

Hojilarning ulug‘ safarga kelishida hujjat tayyorlashdan tortib shifokor ko‘rigidan o‘tishda tizimli ish tashkil etib, namunali holda xavfsizligimizni ta’minlab, bizni safarga kuzatishdi.


Tolibjon O‘rmonov:

         — Men avval ziyoratga borganlardan eshitgan-bilganlarimga taqqoslasam, buyilgi ziyorat umuman o‘zgacha bo‘ldi. Ishchi guruh, elikboshilar xizmatini alohida qayd etish kerak. Davlat rahbarining hojilarga bergan e’tibori hammani xursand qildi.

 

Muborakxon Inomova:

         — Taassurotlarimni til bilan ifodalay olmayman, Madinai munavvara, Makkai mukarrama kabi ulug‘ dargohlarga avvalo qadamim yetgani men uchun katta baxt. Ayniqsa, yurtboshimizni bizni ortimizda turib hol-ahvol so‘ragani, bizga tabrik yo‘llaganlaridan ko‘zimga yosh oldim. Juda ham quvondim, shunday prezidentim borligidan.

        

Qaysi bir hoji bilan suhbatlashmang yuzida xursandchilik va shukronalik ifodasini ko‘rasiz. Alloh barchalarini ibodatu duolarini qabul qilsin!

Rahmatulloh Jalilov
tayyorladi

Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari
O'zbekiston yangiliklari