Farg'ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulla ABDULLAYeV bilan suhbat
– Assalomu alaykum, muhtaram domla. Aksariyat odamlar tushunchasi, tasavvurida diniy soha xodimi, umuman, musulmon kishi o'rtahol yoki faqirroq ko'rinishda jonlansa kerak. Chunki jamiyatdagi ayrim nopok yo'l bilan boylik orttiruvchi johillar boy bo'lish uchun albatta qaysidir harom ishga qo'l urish kerak, halol yo'l bilan boyib bo'lmaydi, deb o'ylashadi. Ho'sh, aslida dinimizda boylik va faqirlikka munosabat qanday? Shu haqda suhbatlashsak.
– Va alaykum assalom va rahmatulloh. Aytish kerak, mavzu ancha bahsli, bu borada turli qarashlar bor. Ba'zilar musulmon odam faqirona hayot kechirishi, boy bo'lishga intilmasligi lozim. Chunki boylik kishini ibodat va yaxshi fazilatlardan to'sishga sabab bo'ladi desa, boshqalar musulmon kishi boy bo'lgani yaxshi, payg'ambarlardan ham, sahobalar hamda boshqa salafi solihlardan ham ko'plab boy zotlar o'tgan, deyishadi. Yana boshqalari boylik jannatdan uzoqlashtiradi, faqirlik esa jannatga yaqinlashtiradi, deydi.
Inson hayoti mashaqqat, rohat, boylik va faqirlik kabi to'lqinlardan iborat. Boylik ham Alloh taoloning bandasiga bergan in'omidir. Uning shukrini har bir inson ado etishi kerak. Bu esa berilgan ne'matni halol va pok o'rinlarga sarflash, zakotini berish, isrofga yo'l qo'ymay, tejab foydalanish bilan bo'ladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday duo qilar edilar: “Ey Allohim, men Sendan manfaat beradigan ilm, keng rizq va qabul bo'ladigan amalni so'rayman!” (Imom Ahmad rivoyati).
Hofiz ibn Asokir Abdulloh ibn Mas'ud haqida bunday rivoyat qiladi: «Abdulloh ibn Mas'ud vafot etishi arafasida betob bo'lib qoldi. Usmon ibn Affon uning ziyoratiga kelib: “Nimadan shikoyating bor?” deb so'radi. Ibn Mas'ud: “Gunohlarimdan”, dedi. Usmon ibn Affon: “Nimani xohlaysan?” deb so'radi. Ibn Mas'ud: “Rabbimning rahmatini”, dedi. Usmon ibn Affon: “Senga tabib buyuraymi?” dedi. Ibn Mas'ud: “Tabib (ya'ni, Alloh) meni betob qildi”, deb javob berdi. Usmon ibn Affon: “U holda senga hadya buyurtiraymi?” deb so'radi. “Unga hojatim yo'q”, dedi Ibn Mas'ud. Usmon ibn Affon: “Senda hojat bo'lmasa, sendan keyin qizlaringga qoladi”, dedi. Ibn Mas'ud bunga javoban: “Qizlarimning kambag'al bo'lib qolishlaridan qo'rqyapsanmi? Men ularga har kecha Voqea surasini o'qishni buyurganman. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Kim har kechada Voqea surasini o'qisa, zinhor qashshoqlikka uchramaydi”, deganlarini eshitganman”, deb javob berdi».
Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Voqea surasi boylik (keltiruvchi) suradir. U (sura)ni o'qinglar va farzandlaringizga o'rgatinglar” (Ibn Mardavayh rivoyati).
Alloh taolo Baqara surasining 274-oyatida bunday marhamat qiladi: «Mol (boylik)larini kechayu kunduz, pinhonayu oshkora ehson qiladigan kishilar uchun Parvardigorlari huzurida (maxsus) mukofotlari muhayyodir. Ularga (oxiratda) xavf ham bo'lmas va ular tashvish ham chekmaslar».
– Demak, dinimiz kishini boy bo'lishdan, balki qo'lida davlati bor mo'min-musulmon uni g'animat bilib, o'tkinchi lazzatlar uchun emas, balki dunyo va oxiratiga manfaatli o'ringa sarflashga chaqirib, mol-mulk qadriga etmaslikdan qaytargan...
– Shunday. Inson qiyomat kuni boshqa amallaridan so'ralgani kabi boyligidan qanday foydalangani haqida hisob-kitob qilinishi ogohlantirilgan. Bundan shuni anglash mumkinki, boylikning eng asosiy jihati ehson, sadaqa va zakot degan masalalarga ham bevosita bog'liqligi ko'rinadi. Hazrat Ali roziyallohu anhu: “Biron-bir kimsa och qolsa, qaysidir boyning xasisligi tufayli och qolibdi!” deganlar.
Alloh taolo insoniyatning rizqini hammaga har xil qilib bergan-u, bandalar ehson, sadaqa va zakot orqali bir-birlarining holidan xabar olib turishini shart qilib qo'ygan. Bu Allohning hikmatidir!
Parvardigor insonlarning ba'zilariga boylik ato etadi, ba'zilariga faqirlikni yuboradi. Alloh bir boyga ko'p mulk bergan bo'lsa, uni yaxshi ko'rganidan emas, balki uning imonini sinash uchun beradi. Bir kimsa kambag'al bo'lishini iroda etgan bo'lsa, uni yomon ko'rganidan emas, balki mana shu holida ham shukrda davomli bo'ladimi, degan buyuk imtihon uchun shuni xohlagan bo'ladi. Unutmaslik kerak, boylik va faqirlik insoniyatning o'lchovi bo'lmagan, balki bu hollar sinovning ikki qutbidir. Kimdir boylik bilan sinaladi, kimdir faqirlik bilan.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Allohning nazdida dunyoning qadri pashshaning qanoticha ham emasligini aytib: “Dunyoning qadri Allohning nazdida pashshaning qanotichalik qadrli bo'lganida, kofirga bir tomchi suv ham bermay qo'yardi!” deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
– Ba'zan, o'quvchiga badiiy yo'sindagi misollar ham yaxshi ta'sir qilib, tafakkuri kengayishiga, mavzuga doir ilmni eslab qolishiga sabab bo'ladi...
– Anas ibn Molik roziyallohu anhudan kelgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilganlar: “Kimning tashvishi oxirat bo'lsa, Alloh uning qalbida boylik paydo qiladi va xotirini jam etadi. (Mol) dunyo unga sudralib keladi. Kimning g'ami dunyo bo'lsa, Alloh uning ikki ko'zi oldiga faqirligini keltiradi, xayolini parishon qiladi va unga (mol) dunyodan faqat o'ziga taqdir qilinganigina keladi” (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja rivoyati).
Hulosa o'rnida aytish lozimki, boylik yo faqirlik kishining Allohga yaqinligi yo uzoqligiga dalolat qilmaydi. Balki har ikki holat ham Uning imtihoni. Asosiy masala imon va qanoatda. Imon qancha baquvvat bo'lsa, kishi qanchalik qanoat sohibi bo'lsa, shunchalik buyuk maqomlarga erishadi. Alloh barchamizga keng va barakotli rizq ato aylab, uning shukrini ado qiluvchi solih bandalaridan qilsin!
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
Abdulatif ABDULLAYeV
suhbatlashdi
#tabrik
Ramazon hayitingiz muborak bo‘lsin!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari agar hayit kuni uchrashib qolishsa, bir-birlarini:
تقبل الله منا ومنكم
"Taqobbalallohu minnaa va minkum"
"Alloh biz va sizdan (ibodatlarimizni) qabul qilsin", deb tabriklashardi.
Alloh taolo ibodatlaringizni O‘z dargohida husni qabul etsin. Ramazon hayitingiz muborak bo‘lsin!