Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh
Bugun, 5 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari 3-hudud Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilmoqda.
Imtihonlar Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahridagi “Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi”da bo‘lib o‘tmoqda.
Abituriyentlar uchun muhim eslatma va qoidalar:
– Abituriyent test sinovlariga shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID-karta) hamda imtihon ruxsatnomasi bilan kelishi talab etiladi. Mazkur hujjatlardan biri bo‘lmagan taqdirda abituriyent test sinovlariga kiritilmaydi.
– Abituriyentlardan imtihon ruxsatnomasida ko‘rsatilgan vaqtdan 30 daqiqa oldin imtihon hududiga yetib kelish so‘raladi. O‘z vaqtida kelmaganlar imtihonga qo‘yilmaydi.
– Test davomida mobil telefon, aqlli soat, quloqchin, kalkulyator, lug‘at, kitob, shpargalka hamda har qanday elektron va xotira qurilmalaridan foydalanish qat’iyan man etiladi.
– Boshqalardan ko‘chirish, yordam berish, suhbatlashish, xalaqit berish yoki imtihon platformasida boshqa abituriyentning kabinetiga kirishga urinish holatlari aniqlansa, abituriyent darhol chetlatiladi.
Manzil: Qarshi shahri, Mustaqillik shoh ko‘chasi 13-uy. Murojaat uchun: +998 99 717 0461
Ma’lumot o‘rnida, 3-hudud Qashqadaryo viloyatidan imtihon jarayonlarida 789 nafar abituriyent ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati