Alloh taolo insonni tabiatan madaniy, jamoaviy hayotga moyil va boshqalar bilan o'zaro muloqot qilib yashaydigan holda yaratdi. Shu bois barchamiz boshqalar bilan muloqot qilishga, ular bilan fikrlashishga va jamoaviy yashashga muhtojmiz. Odam farzandi uchun kimlar bilan yashashi katta ahamiyat kasb etganidek, qayerda yashashi ham muhim hisoblanadi.
Odatda, barchamiz o'zimiz tug'ilib-o'sgan joyni yaxshi ko'ramiz, qadrlaymiz. Mahallamizning nafaqat odamlari, hatto yo'llari, uylari, ariqlari – xullas hamma narsasi aziz. Yaqinda bir tanishim “dom”ini sotib, hovliga ko'chib o'tdi. Uy bekasi “dom”dan ko'ra yaxshiroq maskanga ko'chib o'tishiga qaramasdan, qadrdon boshpanasidan ayrilayotgani uchun yig'labdi. Hatto unda-bunda “dom”i oldidan o'tib qolsa, turmush o'rtog'iga bir ko'rib o'tishni iltimos qilar ekan.
Inson o'zi yashaydigan joyini yaxshi ko'radi, sevadi. O'z erini, uy-joyini qadrlaydi va uni himoya qiladi. Chunki u joylarda uning yaxshi kunlari, quvnoq yoshligi, ota-bobolarining xotiralari va o'z farzandlarining jarangdor kulgilari yaqqol namoyon bo'lib turadi. Bu joy VATAN deyiladi. Inson vatanini sevishi, unga muhabbat qo'yishi uning tabiatida bor.
Ho'sh, Vatanni sevish, uni ardoqlash va himoya qilish haqida muqaddas dinimizda deylgan?
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Makka sendan ko'ra menga sevimliroq va suyukliroq shahar yo'q. Agar qavmim seni tashlab chiqishimga majbur qilmaganida aslo sendan boshqa joyni makon tutmasdim”, deya Makka shahridan chiqib ketayotganlarida marhamat qilgan ekanlar (Imom Termiziy rivoyati).
Vatanning havosi, suvi, tuprog'i – barcha-barchasi shifo. Ajdodlarimiz uzoq yo'l bosib kelgan mehmonga dastlab qatiq bergani boisi shuki, avvalo, qatiq charchoqni oladi, qolaversa, musofirning yurtga moslashishida asqotar ekan.
Nabiy alayhissalom biror kishi betobligidan shikoyat qilib kelsa, barmoqlarini muborak so'laklari bilan ho'llab, so'ngra tuproqqa surib, kasalga surtib dam solganlar. Bu haqda Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Qachon bir insonning tobi qochsa yoki yarami, jarohatmi paydo bo'lsa, Nabiy sollallohu alayhi va sallam panjalarini bundoq qilib ko'tarar va: “Bismillahi, turbati arzina. Biriyqoti ba'zina. Liyushfa bihi saqiymuna. Bi izni Robbina” (ya'ni, Allohning ismi ila dam solurman. Yerimizning tuprog'i va birimizning tupugi ila. Rabbimizning izni ila bemor shifo topsin), der edilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Inson o'zi yaxshi ko'rgan narsasini hidlasa ham shifo bo'ladi. Shuning uchun yaxshi ko'rishganlar bir-birlari bilan ko'rishishlari davo turlaridan hisoblanadi. Ya'qub alayhissalom o'g'illari Yusuf alayhissalom sog'inchida ko'zlari ojiz bo'lib qoldi. Yusuf alayhissalomning ko'ylaklarini boshlariga tashlaganlarida ko'rmay qolgan ko'zlari shifo topdi.
Ibrohim Halilulloh vatanlari Makkai mukarrama uchun duo qilgan: «Ibrohimning: “Rabbim, buni omonlik yurti qilgin va ahlidan Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirganlarini mevalar ila rizqlantirgin”, deganini esla...» (Baqara surasi, 126-oyat).
Ibrohim alayhissalomning duolari qalblaridan toshib chiqqan muhabbat edi. Makkaga tinchlik va rizq so'radilar. Zero, bu ikki ne'mat Vatan farovonligi omillaridandir. U ikkisi yoki biri topilmasa, baxt-saodat yo'qoladi.
Ajdodlarimiz qadimdan o'z Vataniga muhabbati tufayli boshqalardan ajralib turgan. Shiroqning qahramonligini Vatan muhabbatidan boshqa nima deya olamiz? O'z jonini Vatan uchun fido qilishdan ham ortiq ish bormi?!
Buyuk bobomiz, xalqimiz faxri Amir Temurdek zot hayotining mazmuni, betakror faoliyati va hayratomuz ishlarining asosida Vatan ozodligi, Vatanga muhabbat degan oliy qadriyatlar o'z aksini topgan.
Alloh taolo shu aziz Vatannining muhabbatini barchamizning qalbimizga joy aylasin! Shu jannatmonand diyorimizning mustaqilligini abadiy qilsin! Turli ofat, balo-qazolardan asrasin!
Mustaqillik bayrami muborak bo'lsin!
Zulayho SOATOVA,
Toshkent shahar bosh imom-xatibining
xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi
Xabaringiz bor, O‘zbekisto Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, Samarqand shahrida yirik xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli anjumanda ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyurgan Musulmon donishmandlari kengashi bosh kotibi Muhammad Abdussalom bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, professor Muzaffar Komilov o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Suhbat avvalida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash eng ustuvor vazifalardan ekanligi alohida ta’kidlandi.
Musulmon donishmandlari kengashi bilan aloqalarni rivojlantirish, diniy bag‘rikenglik hamda an’anaviy islom qadriyatlarini mustahkamlash borasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, Musulmon donishmandlari kengashi bilan hamkorlikda buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqand shahrida qayta barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi faoliyati doirasida samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari xususida so‘z yuritildi.
Bugungi kunda butun dunyo musulmonlari uchun ahillik, totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni turli xavf-xatarlardan asrash masalalari har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Bu yo‘nalishda tomonlar keng hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish, delegatsiyalar tashriflarini amalga oshirish, birgalikda turli ilmiy va amaliy tadbirlarni tashkil etishga kelishib olindi.