Milodiy 611 yil. Makkaning Hiro g'orida Alloh taolodan insoniyatga ilk xitob nozil bo'ldi: “O'qing (ey Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo'lmish Rabbingiz ismi bilan! (U) insonni laxta qondan yaratdi. O'qing! Rabbingiz esa karamlidir. U insonga qalam bilan (yozishni ham) o'rgatdi. U insonga bilmagan narsalarini bildirdi” (Alaq surasi, 1–5-oyatlar).
Shu kundan e'tiboran Islom ummatiga o'qish, ilm olish farz bo'ldi. Bu amalga “Labbay” deya javob bergan qancha sahobalar, tobeinlar va keyingi mo'min-musulmonlar o'zlaridan ko'plab bebaho ma'naviy asarlar qoldirishdi. Ularning ilm ziyosi bugungacha bashariyatga mayoq bo'lmoqda.
Inson ilm bilan ikki dunyoda aziz bo'ladi. Bilmaganini biladi, dunyoni anglaydi, yangi marralar sari intiladi. Eng asosiysi, Yaratganni yanada yaxshiroq taniydi. Ilm egasini esa Alloh farishtalar qatorida zikr qiladi va ularga yuqori darajalar ato etadi.
Bu haqda Qur'oni karimda: "Alloh adolatda (barqaror) turib, shunday guvohlik berdi: “Allohdan o'zga iloh yo'qdir”, farishtalar va ilm egalari ham..." (Oli Imron surasi, 18-oyat). “...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur...” (Mujodala surasi, 11-oyat), deyilgan.
Ilmni yoshlikdan farzandiga o'rgatish har bir ota-onaning vazifasidir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bolalaringizga mehr ko'rsating, ularga hurmat bilan qarang, odob va tarbiyasini go'zallashtiring!” deya ilmga targ'ib qilganlar (Imom Ibn Moja rivoyati).
Bu so'zlar Konstitutsiyamizning 77-moddasida ham aks etgan: “Ota-onalar va ularning o'rnini bosuvchi shaxslar o'z farzandlarini voyaga etguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta'lim olishi, sog'lom, to'laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g'amxo'rlik qilishga majburdirlar”.
Demak, farzandlarimizni ilmli, kasb-hunarli qilish dinimiz buyrug'i va qonuniy majburiyat. Lekin bu majburiyatni barcha ota-onalar ham tushunib etmayapti. Farzandini o'qishga rag'batlantirish, etuk inson qilib tarbiyalash o'rniga be'etibor bo'layotganlar, afsuski, oramizda yo'q emas.
– Hozir “Eti sizniki, suyagi bizniki”, deydigan ota-onalar deyarli yo'q, – deydi Bag'dod tumani 2-umumiy o'rta ta'lim maktabi o'qituvchisi Dilafruzxon Sulaymonova. – “Bolam qaysar, yaxshi gapirsam, aytganimni qiladi”, deya bolasini erkalayotganlar ko'p. Bunday farzandlarning aksari o'qishga qiziqmaydi. Ota-onalar bolasining ko'ngliga qarashi to'g'ri. Ammo uni ilmga qiziqtirishi, yurish-turishini nazorat qilishi kerak. Kezi kelganda erkalatishi, kezi kelganda qattiq turishi ham lozim. Moddiyatini ta'minlab qo'ygan bilan ma'naviy hech vaqo bera olmasa, ertaga kim bo'ladi ular? Bolaning yomoni yoki iqtidorsizi bo'lmaydi. Har bir o'quvchida o'ziga xos iqtidor bor. Uni shakllantirib, to'g'ri yo'naltirmoq ota-onaning vazifasi. Yaqinda bir a'lochi qizimizning ahvolini eshitib dilim og'ridi. U o'qishga kirish o'rniga o'zini pul topishga uribdi. Uning tengqurlaridan qanchasi oliy o'quv yurtlari talabasi bo'ldi. Buni ko'rib o'sha qiz ancha afsus-nadomat qildi.
Konstitutsiyamizning 50-moddasida: “Har kim ta'lim olish huquqiga ega... Davlat bepul umumiy o'rta ta'lim va boshlang'ich professional ta'lim olishni kafolatlaydi. Umumiy o'rta ta'lim majburiydir”, deya qayd etilgan.
Demak, farzandimizning bilim olishi – uning konstitutsiyaviy huquqi. Bundan yurtimizda tug'ilgan har bir bola foydalana olishi mumkin. Unga qarshilik qilish esa konstitutsiyaga zid hisoblanadi.
Ayni damda respublikamizda boshlang'ich va o'rta ta'limni olish mutlaqo bepul. Buning uchun esa davlat g'aznasidan milliardlab mablag' sarflanadi. Bolalarimiz maktablarda ilmli bo'lib chiqayotgan bo'lsa, bu pullar o'zini oqladi deyish mumkin. Agar aksi bo'lsa-chi? Bu o'qituvchining ham, o'quvchining ham vaqti behuda ketayotganidan, byudjet mablag'lari isrof bo'layotganidan darak emasmi? Bunga asosiy javobgar ota-onaga yuklanmaydimi? .
Qur'oni karimda: “…Isrofgarchilikka mutlaqo yo'l qo'ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir” (Isro surasi, 26–27-oyatlar), deyilgan. .
O'zimiz taqvo qilib, toat-ibodatdadirmiz, halol-haromni farqiga borarmiz. Biroq farzandimiz ham o'zimiz kabi bo'la olyaptimi? Vaqtini behudaga sovurib, isrofgarlardan bo'lmayaptimi? Uni nazorat qilmasdan, bee'tibor qo'yish unga sherik bo'lish kabi emasmi?
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Axloqli va jamiyatga foyda keltiradigan farzand o'stirgan ota-onaning amal daftari vafotidan keyin ham yopilmaydi”, deganlar (Imom Nasoiy rivoyati).
Demak, farzandimizning solih inson bo'lishi bizni ikki dunyo saodatiga eltishi mumkin. Bunga erishmoq uchun ularga ilmu hunar o'rgatmoq, haqiqiy ma'rifat chashmasini anglatmoq darkor.
Muhammadnabi ORIPOV
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.
Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.
Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.
Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.
Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).
Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.
Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari