Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyun, 2025   |   1 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
26 Iyun, 2025, 1 Muharram, 1447

“Yaxshiga qilsang yaxshilik, ham aytadi, ham qaytadi...”

27.08.2021   2327   19 min.
“Yaxshiga qilsang yaxshilik,  ham aytadi, ham qaytadi...”

 

Diniy soha rahbarlarining xalq bilan muloqotlaridan ko'ngillarda mamnunlik aks etmoqda...

 

Muloqot va safardan ko'zlangan asosiy maqsadlar

Inson hayotga bir marta keladi, baxtli yashashni istaydi va bunga to'la haqqi bor. Bugungi islohotlardan ko'zlangan maqsad-muddao ham aslida shu: bugunimiz kechagidan, ertamiz bugunimizdan ko'ra farovon bo'lishi kerak!

Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish bo'yicha yangi tizimga asos solingani o'zining amaliy va ijobiy natijalarini berayotgani ma'lum. Shu yo'nalishda diniy sohamiz rahbarlari, bir guruh ustoz-ulamolarimiz xalq bilan muloqot qilib, odamlarning dardu tashvishlari bilan yashash va ishlash yo'lidagi faoliyatlariga o'zgacha mazmun, ko'tarinki ruh olib kirib, bunday ishlarni yangi bosqichga olib chiqmoqdalar.

2021 yili iyun', iyul' va avgust oylarida bir guruh ulamo-ustozlarimiz hamda ziyolilarimiz yurtimizning 9 ta viloyatida bo'ldilar. Ushbu safar mobaynida viloyatlarning olis va chekka tuman-shaharlarida ham bo'lib, mahallalardagi fuqarolar bilan dildan suhbatlar va jome masjidlarga tashriflar qilindi. Safar davomida keng xalq ommasi bilan ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar, olis va chekka hududlardagi aholi vakillari bilan yuzma-yuz muloqotlar, taniqli ulamo-ustozlarimiz ishtirokida jome masjidlarimizda chiroyli va qiziqarli mav'izalarda dolzarb masalalar, kerakli mavzular va zarur ma'nolar yoritilib, shu bilan birgalikda ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish kabi xayrli ishlar amalga oshirildi.

Yurtimiz ahlini o'lkamizda bo'layotgan o'zgarishlar mazmun-mohiyati haqida xabardor qilish bilan bir qatorda ularning dardu tashvishlariga ko'maklashish, fikr-mulohazalarini tinglash va diniy sohaga tegishli takliflarini joyida o'rganib, bartaraf etish ishlari ham ado etilmoqda. Shuningdek, safar asnosida viloyatlardagi masjidlar, ziyoratgohlar, diniy ta'lim muassasasi faoliyati yaqindan o'rganildi va muammolarni o'rganish rejasi tuzildi. Zero, xalq bilan faol va ochiq muloqot olib borish yangi taraqqiyot bosqichi bo'lish bilan birga, mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish yo'lidagi maqsadlarga erishishning muhim vositasidir.

 

Odamlar bilan samimiy suhbatlar

Odamiy ersang, demagil odami onikim, yo'q xalq g'amidin g'ami” hikmatini hayot qoidasiga aylantirgan Miralisher Navoiy hazratlari ham, “Bori elga yaxshilig' qilg'ilki, mundin yaxshi kor yo'q”, deya taqdir va tadbirni birlashtirgan Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlari ham oddiy odamlar bilan doimiy muloqot qilib, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishni oliy maqsad, hayot mazmuni, deb bilganlar.

Davlatimiz ­rahbari bugun barchamizni xalq qalbiga quloq solishga, insonlarning dard-tashvishlarini astoydil tinglashga, muammolarini hal qilishda amaliy yordam berishga da'vat etayotgani, buyuk shoirimiz aytganidek, quchoq ochib xalq ichiga borish, uning armonlarini ushaltirish, orzularini ro'yobga chiqarishdek ulug' maqsadlarga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir.

Qayd etganimizdek, bir guruh diniy soha rahbarlari va ustoz-ulamolarimiz viloyatlarga safarlari mobaynida hududlardagi yordamga muhtoj kishilarning holidan xabar olinib, “Vaqf” fondi hisobidan shu oilalarga pul mablag'lari va oziq-ovqat mahsulotlari hamda diniy-ma'rifiy kitoblar tarqatildi. Shuningdek, homiylarni jalb etgan holda ham moddiy yordamlar ko'rsatildi.

Zero, muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan olib borilayotgan insonparvarlik siyosati va yordamga muhtoj aholi qatlamini har jihatdan qo'llab-quvvatlash ishlaridan masrur qalblar ko'rsatilgan yordam va muruvvatdan mamnun bo'lib, minnatdorlik izhor etib, xayrli duolar qilmoqdalar.

Darhaqiqat, dini mubinimizda muhtojlarga yordam qo'lini cho'zishga doimo targ'ib etiladi. Ulamo-ustozlarimiz mana shunday insonlar bilan dildan suhbat qilib, hadyalar ila ularning dillarini ravshan etmoqdalar. Hazrati Payg'ambarimiz Janob Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir hadisi shariflarida: “Alloh taologa farzlardan keyingi eng sevimli amal – musulmonning qalbiga xursandlik kirgizishdir”, deb marhamat qilganlar.

Alisher Navoiy hazratlari aytadilar:

Kimki bir ko'ngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Onchaborkim, Ka'ba vayron o'lsa, obod aylagay.

Ha, mana shunday xayriya ishlari orqali shunday insonlarning siniq ko'ngillarini ko'tarib, dillariga mamnunlik ulashish har bir vijdonli inson uchun huzurbaxsh amallardan hisoblanadi.

 

Yuzma-yuz uchrashuvlar va quvonchli xabarlar

Bir guruh ulamo-ustozlarimiz mazkur viloyatlarning olis va uzoq tumanlaridagi jome masjidlarga tashrif qilib, masjidlar qavmlari, mo'ysafid otaxonlar, keng aholi vakillari va yoshlar bilan uchrashuvlar o'tkazdilar.

Taniqli ustoz-ulamolarimiz esa vaqtli va juma namozlarida o'zlarining go'zal pandu nasihatlari ila kishilarni din-diyonat, imon-e'tiqod, sabr-toqat,  shukronalik, olijanoblik va samimiylik kabi fazilatlarga da'vat etdilar. Shuningdek, yurtimizda amalga oshirilayotgan eng so'nggi yangiliklar ila mo'min-musulmonlarning ko'ngillarini xushnud qildilar. Qur'oni karim hofizlarining go'zal tilovatlari esa yig'ilganlarning qalblarini jo'nbushga keltirdi.

Ko'p sonli fuqarolarimizning taklif va iltimoslarini inobatga olgan holda mavjud oliy va o'rta maxsus diniy ta'lim muassasalaridagi “Qur'oni karim va tajvid” kurslari kengaygani, ayni kunlarda esa ilg'or va xorijiy tajribalarni o'rgangan holda ushbu dasturlarni zamonaviy andozalarga solish va eng muqobil shaklda amaliyotga joriy etish ustida keng qamrovli ish olib borilayotganining xabarini berdilar. Dastlab, Toshkent shahrida 4 ta “Qur'oni karim va tajvid” markazi ish boshlashini ma'lum qildilar, keyinchalik esa Jizzax va Farg'ona viloyatlarida ham tashkil etilishi bildirildi. Mo'ysafid otaxonlar, iltijolari mustajob xalqimiz duolarida eslab tursalar, Haq taoloning irodasi ila ushbu ko'zlangan rejalar amalga oshishini bildirdilar.

 

Diniy-ma'rifiy islohotlar tarannumi

Mutasaddilar va ulamo-ustozlarimiz hududlarga safarlari davomida chekka qishloq va olis joylargacha kirib borib, masjidlar faoliyati bilan yaqindan tanishib, oddiy odamlar xonadonlarida bo'lib, aholining turmush sharoiti bilan tanishdilar, samimiy suhbatlar qurdilar. Ulamolar Davlatimiz Rahbari rahnamoliklarida diniy sohadagi o'zgarishlar, yangilanishlar haqida so'z yuritib, xususan, Buxorodagi Mir Arab madrasasining dunyodagi nufuzini inobatga olgan holda oliy maqomga ko'tarilgani, 500 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko'rilayotgani, Toshkentdagi Halqaro Islom akademiyasi, Samarqanddagi Hadis ilmi oliy maktabi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, ilmiy maktablar o'z faoliyatlari yo'lga qo'yilgani, yaqinda Surxondaryoda tashkil etilgan Imom Termiziy o'rta-maxsus islom bilim yurti to'rt yildan keyin oliy bo'lishi, Imom Buxoriy hazratlariga mos shaklda majmua qayta bunyod etilayotgani, Buxorodagi Yetti Pir obod qilinayotgani haqida so'z qilib berdilar. Mana shunday o'zgarishlarni xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizga etkazish zarurligi to'g'risida gapirdilar.

Darhaqiqat, bugungi murakkab va tahlikali davrda zamonaviy tahdidlarga qarshi tura oladigan, chuqur bilim va keng dunyoqarashga ega, diniy fanlarni puxta o'zlashtirgan mutaxassislarni tayyorlash maqsadida, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyat olib borayotgani, Samarqandda Hadis ilmi maktabi ish yuritayotgani, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil qilinganini qo'shimcha qildilar.

Yurtimizning shonli tarixi va buyuk kelajagini o'zida mujassam etadigan O'zbekiston Islom tsivilizatsiyasi markazi jadal sur'atlarda o'z faoliyatini olib borayotganiga suhbatlarda alohida urg'u qaratildi.

Ushbu sohadagi islohotlarning yana bir muhim maqsadi – O'zbekistonning insoniyat tsivilizatsiyasiga qo'shgan buyuk hissasini targ'ib qilish orqali yoshlarni ma'rifatga rag'batlantirish, innovatsion rivojlanishning boy milliy merosimizga asoslangan yangi taraqqiyotiga yo'l ochish hisoblanadi.

Safarlar davomida shu narsa ayon bo'ldiki, xalqimiz amalga oshirilayotgan islohotlar va o'zgarishlardan xursand, kayfiyati a'lo darajada. Oddiy odamlarga ko'rsatilayotgan g'amxo'rlik, e'tibor va yaratilayotgan shart-sharoitlardan juda ham mamnun, kishilarda shukronalik hissi yaqqol namoyon bo'lmoqda. Mo'ysafidlar yurt obodligi, to'kin-sochinlik, islohotlar bardavom bo'lishini tilab, chin qalbdan duolar qilayotganlarining har bir uchrashuvda guvohi bo'lindi.

 

Adashganni to'g'ri yo'lga boshlash – ulkan savob

Safar davomida muhtaram Prezidentimizning Afv farmonlari asosida ozodlikka chiqqan bir guruh fuqarolar bilan ham dildan suhbatlar qilindi. O'zaro muloqotda bugun xalqimizga xos kechirimlilik, insonparvarlik va bag'rikenglik qadriyatlaridan kelib chiqib, hayotda bilib-bilmay adashgan, xato qilgan insonlarga muruvvat qo'li cho'zilayotgani va ularni hayotda o'z o'rnilarini topishda ko'mak berilayotganini bildirdilar.

Darhaqiqat, chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, tanlagan yo'lini xato ekanini anglab tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan mahkumlar Davlatimiz Prezidenti tomonidan afv etilayotgani hatto dunyo tajribasida ham misli ko'rilmagan haqiqiy olijanoblik namunasi bo'lmoqda.

Mamlakatimizda 2016 yildan beri O'zbekistonda 4500 nafar afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag'riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug'ullanishi, sog'lom turmush tarzini yo'lga qo'yib, jamiyatda munosib o'rin topishi uchun ularga ko'mak berish bo'yicha rejali ishlar olib borilmoqda.

Ushbu o'tkazilgan suhbatlarda mana shunday fuqarolar muhtaram Prezidentimizga, xalqimizga o'z minnatdorligini bildirib, halol mehnat qilib, mamlakat rivojiga o'z hissalarini qo'shayotganlarini so'zlab berdilar.

Ta'kidlash joizki, turli yot oqimlar ta'siriga berilib, qilgan ishidan pushaymon bo'lgan 20 mingdan ziyod fuqarolar reabilitatsiya qilindi, ularni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, hayotda o'z o'rnini topishiga yordam berilmoqda.

O'zbekiston rahbariyatining kechirimlilik va yuksak insonparvarlik siyosatining amaldagi in'ikosini Suriya, Iroq va Afg'onistondan yurtimizga qaytarilgan fuqarolarimiz misolida ham anglab etish mumkin. “Mehr” operatsiyalari natijasida 317 nafar ayollar hamda bolalar urush o'choqlaridan tinchlik va farovonlik o'lkasi bo'lmish O'zbekistonimizga qaytarildi.

 

Olimlik  va  odamiylik  uyg'unligi

Jizzax viloyati safari davomida mana shunday xayrli ishlarda namuna va ishtirokchisi bo'lgan O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining vafotlarini eshitib chuqur qayg'uga botdik, beixtiyor ayriliq ko'z yoshlari qalqidi... Olamlarni yaratgan Hudoi taolodan Hazratga rahmat va mag'firat so'radik...

Fazilatli muftiy Usmonxon Alimov rahimahullohning vafotlari munosabati bilan xorijiy mamlakatlar muftiylari, nufuzli tashkilotlar rahbarlari, davlat va din arboblari nomidan hamdardlik maktublari kelmoqda. Ularda muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining Islom dini ma'rifatini keng yoyish, mo'min-musulmonlar ehtiyojini ta'minlash va xalqlar do'stligini mustahkamlashdagi xizmatlarini Haq taolo husni qabul aylab, ulkan ajru savoblar ato etishini so'ralgan. Ayniqsa, muftiy hazratlari 50 yildan ortiq din xizmatida o'z ishlariga astoydil yondoshishlari, boshqarishdagi dono rahbarliklari, odamlar bilan muloqotda zukko, ilmiy izlanishlarda qat'iyatliliklari bilan Diniy idora faoliyatini yangi bosqichga ko'targanliklari maktublarda alohida qayd etilgan.

Ta'kidlash joizki, hamdardlik izhor etish uchun taniqli ulamolar, davlat va din arboblari yurtimizga tashrif ham qilishdi. Ko'plab xorijiy davlatlarning yurtimizda faoliyat yuritayotgan elchilari ham Diniy idoramizga tashrif buyurib, chuqur ta'ziya bildirib, o'zlarining samimiy dil izhorlarini bayon etdilar.

Muhtaram va hurmatli elchilarning Idoramizga hamdardlik izhor etish uchun tashriflari nafaqat shaxsan o'zlarining, balki o'z davlatlarining, davlatlari rahbarlari, hukumatlarining ham, o'zlarining xalqlarining ham bizning muftiy hazratlarimizga nisbatan ham, bizning xalqimizga ham, bizning mamlakatimizga ham bildirgan cheksiz hurmatlari va yuksak ehtiromlaridur.

Jumladan, 18 avgust kuni Checheniston Respublikasi muftiysi o'rinbosari Usman Visarxanov hazratlari va Shali shahridagi Muhammad sallallohu alayhi vasallam nomidagi eng yirik jome masjid imom-xatibi Abdullo Hashxanov O'zbekiston musulmonlari idorasiga hamdardlik bildirish uchun tashrif qildilar va marhum muftiy hazratlarining haqlariga duolar qildilar. Martabali mehmonlar so'z olib, Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qadirov janoblari, shu yurtdagi olim-ulamolar, chechen xalqi nomidan hamdardlik yo'llaganini izhor etdilar.

Shali shahridagi Muhammad sallallohu alayhi vasallam nomidagi eng yirik jome masjid imom-xatibi Abdullo Hashxanov o'z xotiralarini shunday bayon qildi:

  • Bir kuni meni Checheniston Respublikasining Birinchi Prezidenti Ahmad Qadirov janoblari oldilariga chaqirib, Abdullo, seni istalgan eng yirik arab-musulmon mamlakatlaridagi nufuzli oliygohlarda ta'lim olishga jo'natishga imkonimiz bor. Lekin biz seni O'zbekistondagi mo''tabar ustozlar va tabarruk ilm dargohlarida ta'lim olishingni xohlaymiz. Chunki ushbu diyorda ham ilm olasan, ham tarbiya ko'rasan. Hullas, shunda olimlik va odamiylik ikkisi uyg'un bo'ladi... Hudoga ming shukrlar bo'lsinki, har safar shu diyorga kelganimda, ko'zimda yosh bilan minnatdorlik ila xotirlayman va meni shunday ulug' zotlar etkazib bergan muqaddas zaminda ham ta'lim, ham tarbiya olishimga eng birinchi sababchi bo'lgan marhum Prezidentimiz Ahmad Qadirov xaqqiga duolar qilaman...

Haqiqatan, bugungi kunda ko'plab xorijiy mamlakatlardagi etakchi din peshvolari aynan mo''tabar O'zbekiston diyorida mana shunday ikki fazilatni o'zlarida jam etganlari uchun ham juda katta hurmat va o'zgacha alohida e'tiborda bo'layotganlarini hayotning o'zi yaqqol namoyon etmoqda.

Diqqatimizni jalb etib, e'tiborimizni qaratadigan joyi bu – hozirgi zamonamizning dunyo tanigan va islom dunyosi tan olgan ulug' din peshvolarining bizning yurtimizga, bizning xalqimizga, muqaddas zaminimizda etishib chiqqan olim-ulamolarimizga bo'lgan yuksak ehtirom, so'zsiz e'tirof va cheksiz hurmatlari!

 

Yanada jipslashib, uyg'oq qalb bilan yashash – zamon talabi

Hayot bor ekan, inson bor ekan, ­muammolar ham bo'lishi tabiiy. Halqimiz yakdil-hamfikr bo'lsa, muammolarga tik qarab, ularni bir chetdan hal qilishga kirishsak, hayotdan rozilik, ishonch va adolat to'la qaror topadi.

Davlatimiz Rahbari hayotimizda yangi davrga, ­taraqqiyotimizning yangi bosqichiga asos soldi.­ Muhtaram Prezidentimizning “Inson­­larning dardu tashvishlarini o'ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir”, degan hayotbaxsh so'zlari bugun asosiy tamoyilga aylangan.

Bu so'zlar o'zining, oilasining, butun el-yurtimiz, bugungi va kelajak avlodlar ­taqdiriga befarq bo'lmagan har bir yurt­doshimiz uchun hayotiy a'molga, ezgu vazifaga aylanishi shart! O'zbekistonimiz taraqqiyotning yanada yuksak cho'qqilarini zabt etishi uchun bugun hayotning o'zi barchamizdan Prezidentimiz ­atrofida yanada jipslashib, uyg'oq vijdon bilan yashashni, katta g'ayrat va shijoat bilan ishlashni talab ­qilmoqda. Barcha masjidlarimizda Yurt rahbarining haqqiga duoi xayrlar qilinmoqda.

Halqimiz o'z hayotida ijobiy o'zgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun ko'rishi kerak” degan xalqimiz yuragining to'ridan joy olgan bu so'zlari bugun mamlakatimizda bosh maqsadga aylandi. Hamyurtlarimizning hayotiy talab va ehtiyojlarini ta'minlash, odamlarimizni rozi qilish yo'lidagi zalvorli ishlar tobora yangi ma'no-mazmun bilan boyib bormoqda.

Ulamo-ustozlarimiz olib borgan hamma-hamma joylardagi suhbatlarda hamda mutasaddilarimiz o'tkazgan barcha tadbirlarda mo'min-musulmonlarimiz oilaviy yumushlarini ham, zarur ishlarini ham chetga surib, ob-havoning haroratiga qaramasdan, yozning chillasi-yu chillaning issig'iga qaramasdan, yoshlaridan qat'iy nazar, katta-yu kichik o'zgacha mehr bilan qatnashdilar. Hattoki qo'shni tuman-qishloqlardan ham kelib ishtirok etganlari kishini xayratda qoldirib, ulkan taajjubga soldi.

Bu esa – yurtimizdagi davlatimiz, hukumatimiz tomonlaridan olib borilayotgan jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi, muborak dinimiz kamoloti va masjidu-madrasalarimiz obodligi uchun bajarilayotgan xayrli ishlardan, chiroyli islohotlardan hursandliklarining yaqqol ifodasi.

Chunki bugungi kunda Yangi O'zbekiston uchun qilinayotgan ishlar ota-onalarimiz uchun katta armon, ushalmas orzu edi. Ular hayotlarida kechayu-kunduz Hudoi taolodan iltijo-munojotlarida so'ragan, ammo u paytlar aslo erishib bo'lmaydigan orzu-havaslarini hozirgi zamon, bugungi kundagi xalqimizga nasib etayotganidan Yaratganga behisob-behisob shukrlar aytib, bu dunyodan o'tganlarimizni orzu-maqsadlarini ro'yobga chiqishida beqiyos, betakror va beminnat hizmat qilayotgan muhtaram Yurtboshimiz rahbarliklari ostida hukumatimiz tomonidan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklaridagi mehnatkash xalqimiz olib borayotgan barcha xayrli, yaxshi, savobli ishlardan dillari hushnud ekanligi ochiq-oydin sezilib turibdi...

Aytish mumkinki, viloyatlarimizga tashrif ana shunday ezgu maqsadlarning, xalq bilan muloqot va inson manfaatlari har narsadan ustun, degan tamoyilning yana bir bor amaliy ifodasi bo'lmoqda.

 

Ibrohimjon INOMOV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining o'rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ashuro kuni ushbu 2 amalni bajarishni unutmang!

23.06.2025   3763   1 min.
Ashuro kuni ushbu 2 amalni bajarishni unutmang!

G‘aflatda qolmang! Ertaga Ashuro kuni: Ro‘za tutishni va oilangizga kengchilik qilishni unutmang!


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.

Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Ashuro kunining ro‘zasi Allohdan umid qilamanki bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Esda tuting! Muharram oyining yolg‘iz o‘ninchi kunida emas, bu kunga qo‘shib, bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutish lozim.

 

Ashuro kuni yaqinlarga kengchilik qilish – bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.

Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: Kim Ashuro kuni ahli ayoliga hadya ulashsa, Alloh yilning barchasida unga ham hadya ulashadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”.

 

Davron NURMUHAMMAD