Biz yashayotgan hozirgi davrda ijtimoiy tarmoqlar insonlarning hayotiga tobora singib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning insonlar uchun foydali tomonlari bo'lgani kabi, salbiy tomonlari ham ko'p. Ko'plab yurtdoshlarimiz bu sohada foydali faoliyat olib borib, o'zlariga ham, jamiyatga ham manfaat keltirishmoqda. Jumladan, fan, madaniyat, reklama, savdo-sotiq, ko'rgazma va ilmiy faoliyatlar xalqaro tarmoqlarda olib borilayotganiga guvoh bo'lib turibmiz. Ammo, bu sohada ham odamlarning soddaligi, ishonuvchanligidan foydalanib, firibgarlik bilan shug'ullanuvchilar ham afsus-ki, topiladi. Bu maqolada ijtimoiy tarmoqlarning insonlar hayotidagi salbiy tomonlari haqida fikr yuritamiz, zero ogohlik davr talabidir, qolaversa, oxiratini o'ylagan har bir inson nojoiz gunoh ishlardan o'zini saqlashga harakat qiladi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarliklarni shartli ravishda umumiy ikki guruhga bo'lish mumkin: moliyaviy firibgarlik va ma'naviy firibgarlik.
Gohida esa firibgarlar ijtimoiy tarmoqlarga turli maqsadlarda o'z plastik kartalarini joylashtirgan kishilarga pul tashlab beramiz, deb maxfiy kodni yoki to'liq karta ma'lumotlarini so'rashadi, kod yoki ma'lumotlar aytilsa, karta ichidagi pulni tortib oladilar.
Boshqa holatlarda esa sizga to'lov qilganini aytib, hisobni tekshirish uchun havola jo'natadi. O'sha havolani ochib ko'rilsa, sizning kartangizdan pulni echib oladigan tizim ishga tushadi.
Yana boshqa firibgar telefon qilib ma'lumotlarni so'raydi, o'zini falon bank xizmatchisiman, deb tanishtirishi ham mumkin. Bu ishlarning barchasi zamonaviy firibgarlik – o'g'rilikdir.
O'g'rilik – dinimizda katta gunohlardan sanalib, dunyoda ham jazo tayinlangan jinoyatlardan biridir. O'g'rilik qadimdan barcha ilohiy dinlarda gunoh va jinoyat sanalgan. Katta gunohlarga dunyoda – jazo, oxiratda azob belgilangan bo'ladi. Katta gunohlar faqat tavba va birovni haqqini egasiga etkazish bilan yuviladi.
Alloh taolo musulmonlarni o'zaro mollarini botil yo'llar bilan eyishdan qaytaradi. Qur'oni karimda shunday deyiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ إِلَّا أَنْ تَكُونَ تِجَارَةً عَنْ تَرَاضٍ مِنْكُمْ
وَلَا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا
ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o'rtada nohaq (yo'llar) bilan emangiz! O'zaro rozilik asosidagi tijorat bo'lsa, u bundan mustasno…” (Niso surasi 29-oyat).
Odamlarni norozi qilib, ularning mablag'larini o'g'irlaydiganlarni topgan harom luqmalari ularni do'zaxning tubiga tortadi. Abu Hurayra raziyallohu anhu aytadilar: “Sizlardan har bir kishi og'ziga tuproq solishi harom luqma solishidan ko'ra xayrliroqdir”. Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasuli Akram sallallohu alayhi vasallam aytdilar: «Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi»” (Imom Abu Ya'lo va Imom Bazzor rivoyatlari).
Yolg'on xabar tarqatish. Har kuni ijtimoiy tarmoqlarda minglab xabarlar tarqaladi. Lekin ularning hammasi ham ishonchli emas. Ba'zilari bilmasdan yolg'onga aralashsa, ba'zilari qasddan, qandaydir maqsadlar bilan yolg'on ma'lumot tarqatadi. Natijada ular o'zi va yolg'onga amal qilganlarning gunohini elkalariga “ortib” oladilar. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنْ جَاءَكُمْ فَاسِقٌ بِنَبَأٍ فَتَبَيَّنُوا أَنْ تُصِيبُوا قَوْمًا بِجَهَالَةٍ فَتُصْبِحُوا عَلَى مَا فَعَلْتُمْ نَادِمِينَ
ya'ni: “Ey, mo'minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat etkazib qo'yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo'lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko'ringiz!” (Hujurot surasi 6-oyat).
Odamlardan eshitgan narsasini surishtirmay gapiraverish gunoh ekaniga ko'plab hadisi shariflar ham dalolat qiladi.
Qimor va firibgarlik o'yinlari. Ijtimoiy tarmoqlarda qimor o'yinlari sezilarli darajada ko'paydi. Ayniqsa bukmekerlik kompaniyalarda futbol uyinlariga pul tikish, ayrim blogerlarning qimor o'yinlarini tashkil etishi ko'zga tashlanmoqda. Islomda qimor o'yini qat'iy harom qilingan!
Qimordan topilgan molni emoq sudxo'rlik bilan topilgan molni emoqdan ham og'irroqdir! Chunki qimorboz shariatda harom qilingan ikki gunohi azimga qo'l uradi. Harom o'yin o'ynaydi va o'yinda yutib olgan harom molni o'zlashtiradi. Qimorni reklama qilib targ'ib qilayotganlar shuni bilsinlar-ki, ularning targ'iboti bilan qimorga qo'shilgan har bir kishining gunohidan bularga ham tengma-teng yozilib turadi.
Odamlarning obro'larini to'kish va ularni bir-biriga gij-gijlash. Shariatimizga ko'ra, har bir musulmonning sha'ni va obro'sini to'kish xuddi qonini to'kish yoki molini o'zlashtirish kabi, boshqa musulmon uchun haromdir! Aslida turli fitnalar uyushtirish, insonlar o'rtasida adovat urug'ini sochish – dinimizda eng katta jinoyatlardan biri ekani ta'kidlangan. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:
وَالْفِتْنَةُ أَكْبَرُ مِنَ الْقَتْلِ
ya'ni: “Fitna qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir” (Baqara surasi 217-oyat).
Fahsh va behayolikning tarqalishi. Firibgarlar katta daromad topish, odamlarni ma'naviy tubanlikka tushirish, xalqning o'zligini emirish uchun jamiyatda behayo tasvirlar, videoroliklar tarqatadilar. Nomahram bo'lgan shaxslarning ijtimoiy tarmoqlardagi noshar'iy suhbatlari ko'plab oilalarning buzilishiga sabab bo'lmoqda. Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi:
قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ
ya'ni: “(Ey, Muhammad!) Mo'minlarga ayting, ko'zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo'l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir” (Nur surasi 30-oyat).
Ijtimoiy tarmoqlarda o'g'il-qizlarni “ovlash” uchun “to'r” tashlab, poylab turgan fahsh targ'ibotchilari biz o'ylagandan ko'ra ancha ko'p. Farzandlarimizni ularning qo'liga topshirib qo'ymaylik, ularga o'zimiz ega chiqaylik! Buning uchun, chiroyli tarbiya berish bilan birga, doimiy nazoratni ham unutmaslik kerak! Zero yoshligidan fahsh botqog'iga botgan o'g'il-qizning kelajagi mavhumdir.
Ijtimoiy tarmoqdagi soxta da'vatchilar. Ming yillardan beri haq yo'lda sobit turgan musulmon jamoasi o'rtasiga turli xiloflar solish, Qur'on va sunnatning zohiriga yopishib olib, XVIII asrda paydo bo'lgan “bid'at” (yangi paydo bo'lgan) g'oyalar asosida fatvolar chiqarib, zamonaviy masalalarning aksariyatiga “bid'at” tamg'asini urib, natijada o'zini ham, o'zgani ham adashtirib da'vat qilyaptilar! Bunday kishilar odamlarga o'zlarini olim qilib ko'rsatib, izidan ergashtirib, noto'g'ri tomonga yo'llamoqdalar. Bu dunyoning o'zidayoq borsa-kelmas joylarga jo'natishmoqda va buzuq e'tiqod sababli “do'zax”ning yoqasiga olib borib qo'yishmoqda. Internet orqali, ijtimoiy tarmoqlar orqali dindan, shariatdan gapirayotgan, lekin aslida kimligi ham, kimdan ta'lim olgani ham noma'lum kimsalardan din olinmaydi. Chunki, fatvo bu – din demakdir! Shariatimizga ko'ra esa, uni kim etkazayotgani muhimdir. Shuning uchun mashhur tobein Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhi: “Bu ilm – dindir. Dinlaringizni kimdan olayotganingizga qaranglar”, – deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).
Peshqadam olimlarini tahqirlash, tuhmat-buhton so'zlari bilan obro'sizlantirish, ularni nifoqda, kufrda ayblash. Ijtimoiy tarmoqlar orqali dinimizga bo'layotgan zararlardan yana biri – har bir yurtning peshqadam olimlarini tahqirlash, tuhmat-buhton so'zlari bilan obro'sizlantirish, ularni nifoqda, kufrda ayblashdir. Ularning bundan o'ylagan maqsadlari – musulmon ommasini ilmiy rahbarsiz qoldirib, o'zlariga ergashtirish va boshqarish va shu orqali musulmonlar orasida fitna chiqarib, ularni bir-biridan bo'lish va kuchsizlantirishdir. Shunda ular o'zlari ko'zlagan maqsadga etishmoqchi bo'ladilar.
Qalbidan din tashvishi, ummat g'ami o'chib, ishi faqatgina ulamolarning ayblarini qidirish, ularni g'iybat qilish bo'lgan kimsalarning ushbu nayranglariga nisbatan xushyor bo'lmasak, oqibati juda ham xatarli bo'lishi mumkin. Alloh asrasin!
Har bir inson ijtimoiy tarmoqdan foydalanar ekan, yuqorida keltirilgan ma'lumotlarni bilishi, oqdan qorani ajrata olishi, nima gunoh, nima savob ekanini aniq ajratishi, qiladigan ishining oqibatlarini o'ylashi va bu dunyodagi va oxiratdagi mas'uliyatini his qilishi kerak! Zero, u Insondir!
Alloh taolo barchamizni O'zining dinida sobitqadam qilsin, ikki dunyo saodatini nasib qilsin! Amin!
Muslim.uz materiallari asosida
Hodjimuratova Zuxra tayyorladi
Oila – inson hayotidagi ma’naviy suyanch, ijtimoiy tartib, nasl davomiyligini ta’minlovchi qo‘rg‘on va mehr-muhabbat maskanidir.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum surasi, 21-oyat).
Bu oyat oila qurishning ilohiy hikmatga ega ekanini, er-xotin munosabatida muhabbat va mehr-shafqat asosiy omil bo‘lishini anglatadi.
Islom nikohni faqat shaxsiy xohish emas, balki ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy majburiyat sifatida qabul qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Nikoh mening sunnatimdir. Kim sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu hadisga ko‘ra, nikoh musulmon hayotidagi ibodat hisoblanadi. Uning asosiy maqsadlari nafsni halol yo‘l bilan qondirish, nasliy poklik, farzand tarbiyasi va jamiyat barqarorligini ta’minlashdir.
Islomda er va xotinning vazifalari bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega. Alloh taolo erkakni mas’uliyatli rahbar, ayolni esa oila mustahkamligini ta’minlovchi qilib yaratgan: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi, 34-oyat).
Erkak ayoldan ba’zi xususiyatlarda ortiq qilib yaratilganida bir necha hikmatlar bor. Mufassir ulamolar, jumladan, quyidagi shar’iy nuqtayi nazardan erkaklarga xos xususiyatlarni qayd etishgan: payg‘ambarlik, jismoniy kuch-quvvat, oila nafaqasiga mas’ullik, aqlu idrok, xotira va tafakkurning ziyodaligi, imom-xatiblik, muazzinlik, jamoat bilan namoz o‘qish, juma namozining vojib bo‘lishi, tashriq takbirini aytish, janglarda qatnashish, to‘liq guvohlik, taloq berish huquqiga ega bo‘lish, oilaning unga nisbat berilishi, namoz va ro‘zani uzrsiz ado etish kabilar.
Shu jihatlarni hisobga olib, ayol kishi eriga nisbatan itoatli, hamiyatli va iffatli bo‘lib, oila totuvligi yo‘lida doimiy harakatda bo‘lishi juda matlub ishdir.
Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshilik qiluvchilaringizdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Erkak oila boshlig‘i sifatida adolatli, g‘amxo‘r va mehribon bo‘lishi kerak. U o‘z ayoli va farzandlarining ehtiyojlarini ta’minlab, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi lozim.
Xotinning vazifalari – oilada sog‘lom muhit yaratish, erga itoat va uning sha’nini asrash. U oila tinchligi va farovonligi uchun intilishi, eriga vafodor bo‘lib, farzandlar tarbiyasida fidoyilik ko‘rsatishi lozim.
Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ular sizlarning libosingiz, sizlar ularga libossiz” (Baqara surasi, 187-oyat).
Bu oyat nikohdagi juftlarning bir-biriga muhtojligi va ular o‘rtasidagi yaqinlikni ta’riflaydi.
Nikoh faqatgina ikki insonning emas, balki oilalar va jamiyatning ham mas’uliyatidir. Ko‘p hollarda ota-onalar, qarindoshlar va jamiyatning qo‘llab-quvvatlashi nikohning mustahkamligida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda ko‘pchilik oilaviy muammolar uchinchi tomonlarning (qaynona-qaynota, yaqinlar, do‘stlar) chuqur va nomunosib aralashuvi oqibatida kelib chiqmoqda. Har bir inson o‘ziga tegishli chegarani bilishi zarur.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Odamlarning arazlashganlarini yarashtirib qo‘yish nafl namoz o‘qishdan va nafl ro‘za tutishdan ko‘ra savobliroqdir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ota-onalar, qarindoshlar – yoshlar hayotiga rahbar sifatida kerakli maslahat beradilar, ammo ularning shaxsiy munosabatlariga befarq yoki ortiqcha aralashish – oilaviy muhitni buzishi, o‘rtadagi muhabbatni so‘ndirishi mumkin.
Ko‘pincha oilada ota-ona va farzandlar, oilaning boshqa a’zolari orasida ham turli kelishmovchilik bo‘lib turadi. Arzimagan sabab-bahonalar bilan tinch xonadonlar mojarolar maskaniga aylanadi. Bir-biriga yaqin, qadrdon, qarindoshlar o‘rtasida mehr-oqibat ko‘tariladi.
Kechira olish – go‘zal fazilat, dinimizda maqtalgan sifatlardan. Bir qarashda oniy yutqazishday ko‘ringan kechira olish katta mojarolarning oldini oladi, g‘alabani ta’minlaydi. “Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi” deganlariday, ikki oshufta qalbning arazi uzoqqa bormasligi kunday ravshan.
Sal ixtilof chiqdimi, bir tomon darrov murosa-kelishuv yo‘lini ko‘rishi kerak. Bir tomonning aql-idrok bilan ish tutishi shaytonning bo‘ynini sindirib, katta mojarolarning oldini oladi.
Joriy yilning birinchi choragida viloyat imom-xatiblari, otinoyilari 838 ta ana shunday nizomi oilani yarashtirishib, yoshlarning baxtli hayot kechirishiga sababchi bo‘ldilar.
Xulosa shuki, Islom oilaga yuksak maqom bergan, uni jamiyatning yuragi deb baholagan. Biz oyat va hadislar asosida shu muqaddas ne’matni asrash, mustahkamlash va yoshlarga to‘g‘ri yetkazish yo‘lida jiddiy harakat qilishimiz kerak.
Ubaydulloh ABDULLAYEV,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi