Prezident Shavkat Mirziyoevning "Yangi O'zbekiston" gazetasiga bergan interv'yusi Malayziya ekspertlar hamjamiyatida katta qiziqish uyg'otdi, deb xabar bermoqda "Dunyo"axborot agentligi.
Fariza Shom, Malayziya Milliy universiteti qoshidagi Islom tsivilizatsiyasi instituti direktori, professor:
– Prezident Shavkat Mirziyoev bilan suhbatni diqqat bilan o'qib chiqdim. Avvalo, Malayziya O'zbekistonda siyosiy-huquqiy sohada, shuningdek, vijdon va din erkinligini ta'minlash, din sohasini erkinlashtirish, bag'rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni alohida qiziqish bilan kuzatayotganini ta'kidlashni istardim.
Darhaqiqat, so'nggi besh yilda O'zbekiston uchun jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida murakkab o'zgarishlar davri belgilandi. Shu nuqtai nazardan islom tsivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo'shgan buyuk o'zbek ilohiyotchilari va mutafakkirlarining ilmiy-ma'naviy merosini yanada chuqur o'rganish va ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar alohida e'tiborga loyiqdir.
Faqat so'nggi yillarda O'zbekistonda yirik ilmiy muassasalar o'z faoliyatini boshladi, ular orasida Samarqanddagi Imom Buxoriy va Surxondaryo viloyatidagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Toshkentdagi O'zbekiston Halqaro islom akademiyasi va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham bor.
Hozirgi kunda Toshkent shahrida qurilayotgan Islom tsivilizatsiyasi markazi o'zbek xalqining boy ma'naviy merosini chuqur o'rganish va xalqaro miqyosda targ'ib etish, shuningdek, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalashda muhim o'rin tutishiga shubha yo'q. Markazning yangi binosi Markaziy Osiyoda mehnat qilib, jahon madaniyati va musulmon tsivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo'shgan buyuk olim va mutafakkirlarning ulkan bilim va ijod qatlamini to'plashi meni ruhlantiradi.
Shu o'rinda aminmanki, yangi O'zbekiston qurilishi islom olamining buyuk mutafakkirlarining noyob madaniy merosini chuqurroq o'rganish bilan davom etadi, bu esa, shubhasiz, mamlakatda Uchinchi Renessans davrining qayta tiklanishiga zamin yaratadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekistonda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan nufuzli xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi. 2026 yil 9–11 aprel kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan mazkur anjuman mamlakatimiz ilmiy-ma’rifiy hayotidagi eng muhim voqealardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ana shu xalqaro anjumanni o‘tkazish chora-tadbirlar rejasi atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 5 fevralda qabul qilingan PQ-46-son qaroriga muvofiq, joriy yilda Sohibqiron tavalludining 690 yilligini keng nishonlash doirasida bir qator ustuvor vazifalar belgilangan. Mazkur qaror ijrosi doirasida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyani yuqori darajada tashkil etish yuzasidan keng qamrovli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ana shu chora-tadbirlar rejasi atroflicha muhokama qilindi.
Markaz direktori, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Markaz ilmiy kengashi a’zolari – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev hamda mutaxassislar va ishchi guruh vakillari ishtirok etdi.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov mazkur xalqaro anjumanning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, bu oddiy ilmiy tadbir emas, balki temuriylar davri sivilizatsiyasini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida qayta anglash va jahon hamjamiyatiga keng taqdim etishga xizmat qiluvchi strategik platforma sifatida baholadi.
Mazkur xalqaro anjuman bir qator hamkor tashkilotlar, ilmiy dargohlar ishtirokida o‘tkaziladi. Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi shular jumlasidandir.
O‘zbekiston FA vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimovning ta’kidlashicha, Fanlar akademiyasi mazkur xalqaro konferensiyani tashkil etishda barcha ilmiy va tashkiliy resurslar bilan qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Konferensiya doirasida keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy tadbirlar ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Jumladan:
• “Amir Temur va temuriylar davri qo‘lyozmalari” ko‘rgazmasi
• “Temuriylar numizmatik merosi” ko‘rgazmasi
• Yevropa muzeylari bilan hamkorlikda tayyorlangan maxsus ekspozitsiyalar
Shuningdek, “Tirik tarix” loyihasi doirasida:
• Amir Temur davriga oid kinoloyihalar
• Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy hayotiga bag‘ishlangan filmlar namoyishi ham rejalashtirilgan.
Anjumanda Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Amerika davlatlaridan 100 nafardan ortiq xorijiy olimlar va ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Konferensiya doirasida xorijdan olib kelinadigan temuriylar davriga oid nodir artefaktlarni vaqtinchalik namoyish etish, ularni saqlash va muhofaza qilish bo‘yicha ham alohida tashkiliy choralar belgilandi.
Yig‘ilish yakunida ta’kidlanganidek, mazkur xalqaro ilmiy konferensiya Amir Temur va temuriylar davri merosini, zamonaviy ilmiy yondashuv asosida qayta tahlil qilish, uni jahon hamjamiyatiga keng taqdim etish yo‘lida muhim ilmiy va madaniy voqea bo‘ladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi