Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

Registon ansambli nega sayyohlarni lol qoldiradi?

24.08.2021   2344   8 min.
Registon ansambli nega sayyohlarni lol qoldiradi?

1626 -1656 yillarda Samarqand shahar hokimi bo'lgan Yalangto'sh Bahodir shaxsini O'zbekiston arxitekturashunoslik fanida shu choqqacha o'sha davr arxitekturasi bilan bog'lab fikr yuritilmagan. Buning sababi ushbu shaxs haqida to'liqroq ma'lumotlar yo'q edi.

Mustaqilligimiz sharofati bilan Samarqand shahri bilan bog'liq barcha shaxslar tarixi chuqur o'rganilmoqda, xususan, Yalangto'sh Bahodir tarixi Samarqand davlat universiteti olimlari Erkin Musurmonov va Tolib Jo'rayevlar tomonidan o'rganildi.

Samarqand shahriga hokimlik qilganlar ichida shahar me'morchiligi va obodonchiligi, uning arxitekturasi va shaharsozlik muhitini rivojlantirishga hissa qo'shgan hukmdorlar anchagina. Ulardan eng taniqlilariga Amir Temur va Mirzo Ulug'beklar kirsa, ularning safiga Ibrohim ibn Nasr Tamg'achxon Qoraxoniy (1040-1070), Yalangto'sh Bahodir (1576-1656) va Samarqand begi Shohmurod ibn Doniyolni ham kiritish mumkin.

Tamg'achxon Qoraxoniy Samarqand shahriga asr boshi (1040-1070 yillar)da hokimlik qilib, shaharni obod qilish bo'yicha ko'p sa'y- harakatlar ko'rsatgan va ushbu shaharda bunyod ettirgan ikkita ajoyib inshooti: ilk madrasa va bemoriston (shifoxona) bilan tarixga ma'lumdir.

Samarqanddagi ilk ushbu madrasa hozirgi Shohi Zinda me'moriy majmuasi joylashgan hududda qurilgan bo'lsa, bemoriston bizgacha saqlangan vaqf hujjatiga ko'ra hozirgi So'zangaron ko'chasi bo'ylab joylashgan va Registon maydoniga yaqin bo'lgan. Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida ushbu bizgacha saqlanmagan har ikkala bino arxitekturasini o'sha vaqf hujjatlari va arxeolog Yu.Z.Shvaf, arxitektor K.S.Kryukovlarning ma'lumotlariga asoslanib grafik tiklashga harakat qildik.

Har ikkala binoning ham me'moriy – rejaviy echimi bo'ylama o'qli, ichki hovlili, tarhi to'g'ri to'rtburchakli me'moriy kompozitsiyaga asoslangan. Bu kompozitsiya o'sha davr va so'ngi asrlarda ham Islom sharqi mamlakatlarida qurilgan jamoat binolari, ayniqsa, masjid, madrasa, shifoxona va karvon-saroylar uchun keng qo'llanilgan.
Ularning arxitekturaviy obrazi bosh tarzda bo'rttirilgan darvoza peshtoqi va o'qi bo'ylab har ikki yonda aksli simmetrik joylashgan hajmlardan iborat. Binolarning ko'rinishi kursi, kirish peshtoqi, bino vujudi va badiiy tugallik qismlaridan tuzilgan. Har ikkala bino pishiq g'ishtdan bir qavatli qilib qurilgan. Biroq, bu binolar yaxlit bir me'moriy majmua ko'rinishida emas, balki bir-biridan alohida joylarda qurilgan imoratlar edi.

Endi Yalangto'sh Bahodir davri arxitekturasi asr) ga keladigan bo'lsak, bu davr Amir Temur va Mirzo Ulug'beklar davridan keyingi, O'rta Osiyodagi xonliklar davriga to'g'ri kelib, o'shanda Samarqand Buxoro xonligiga qarar edi. Biroq, Yalangto'sh Bahodir Samarqandni mustaqil tarzda boshqarish sharafiga ega bo'lgan va hokim sifatida erkin harakat qilgan.

Yalangto'sh davrida Samarqandning avvalgi jome masjidi va madrasasi, ya'ni Amir Temurning jome masjidi va Bibixonim madrasasi buzilgan bo'lib, shahar aholisi shunday masjid va madrasalarga muhtoj edi. Buning ustiga o'sha davrda Registon maydonida Mirzo Ulug'bek qurdirgan madrasa ta'mirtalab bo'lib qolgan, Ulug'bekning Mirzoi karvonsaroyi xaroba holida, Muqatta masjidi va Ulug'bek xonaqosi esa butkul yo'q bo'lib ketib, ularning o'rnida va hozirgi Registon maydonida shahar bozori joylashgan edi.

Yalangto'sh ushbu maydonni obod holga keltirish va shahar aholisining extiyojlaridan kelib chiqib, Ulug'bek karvonsaroyining saqlanib qolgan qismi va poydevorlariga o'zgartirishlar kiritadi. Bitta bino tarkibida ikkita imorat: jome masjidi va madrasa bunyod etadi (1641-1646 yil). Masjid imorati qibla tarafga, madrasa esa uning sharq tarafiga qaratib avvalgi karvonsaroy poydevorlari ustiga quriladi. Masjid binosining bosh gumbazi shiftiga ishlangan naqshlarga tilla suvi yugurtirilib zarhallanadi (1660 y) va shu boisdan ushbu bino “Tillakori masjid madrasasi” deb nom oladi.

Masjid xonaqosining gumbazi ustivon bilan baland ko'tarilib, o'sha davr Samarqand gumbazlari safidan munosib o'rin oladi, Registon maydonida esa u yagonaligi bilan ajralib turadi. Ta'kidlash joizki, o'sha davrlar Islom dunyosi masjidlarida baland ko'tarilgan gumbazlar masjidlarning “jamoli” hisoblangan.

Registonda Mirzo Ulug'bek davrida qurilgan xonaqoh o'rniga esa Yalangto'sh tomonidan “Sherdor” madrasasi (1619-1636 yy.) bunyod ettiriladi. Madrasa o'zining bosh tarzi bilan Ulug'bek madrasasi tarziga muqobil, ya'ni uning qarama-qarshisida, o'rtada maydon qoldirilib, bir umumiy bo'ylama o'qda joylashtiriladi.

Tillakori masjid-madrasasi tarzining o'qi esa ushbu o'qqa perpendikulyar qilib o'tkazilgan. Har ikkala binoning balandligi Ulug'bek madrasasiga qiyoslanib ikki qavatli qilib quriladi. Natijada, ushbu uchta alohida qurilgan imoratlar o'sha maydon atrofida o'zaro muayyan bir me'moriy tartib asosida joylashtirilib, Registon ansamblini vujudga keltiradi.

Bu ansambl o'sha davr O'rta Osiyo shaharsozligi va me'morchilik san'atining eng oliy darajadagi ko'rinishida, hozirgi til bilan aytsak, innovatsion kompozitsiyasi tarzida shakllanadi. Bu ansamblga qadar O'rta Osiyo o'rta asrlar ansamblsozlik san'atida “juft” va “qo'sh” ansambllari deb nomlangan majmualar yuzaga kelgan. Hozirgi adabiyotlarda Registon ansambli bir necha binolarni yagona maydon atrofida shakllantirilganligi sababli me'moriy tilda “maydoncha ansambli” deb ataladi.

Mazkur ansambl o'z davrida tengi yo'q edi. Uning O'rta Osiyo shaharsozligida hozirda ham anologi, ya'ni o'xshashi yo'q. U shu qadar jozibali, shu qadar go'zalki, Registon ansamblini tashkil etgan binolarning me'moriy tuzilishidagi mahobati, go'zalligi va jozibadorligi har qanday sayyoh (tomoshabin)ni lol qoldiradi. Nima uchun?

Ayrim tomoshabinlar ansambl binolarining mahobati-yu salobatiga qoyil qolsalar, boshqalari ularning munaqqashligiga tan beradi. To'g'ri, haqiqatan ham, bu erda binolar mahobatli va munaqqashdir. Biroq, O'rta Osiyoning boshqa tarixiy shaharlarida ham mahobatli va munaqqash binolar kam emas-ku, nega Registon boshqacha? ! Bu erda gap boshqa jihatda!

Gap ushbu imoratlar arxitekturasining o'zaro majmuaviy uyg'unlashib, yagona maydon atrofida yuksak me'moriy g'oya va uslub bilan joylashtirilganligidadir. Bunday uslubning Amir Temur va Mirzo Ulug'bek davri shaharsozlik san'atining uzviy davomi, desak to'g'ri bo'ladi. Biroq, u yuqorida aytganimizdek, O'rta Osiyo shaharsozlik san'atida Bahodir Yalangto'sh davridagi ko'rinishdagidek yaratilmagan edi. Yalangto'sh o'z davri me'morlari va shaharsoz ustalarining yuksak g'oyaviy imkoniyatlarini to'g'ri tushunib, ularning orzu-umidlarini ruyobga chiqarishga yaxshi sharoit yaratib beradi, ularni rag'batlantiradi. Bunday ulkan shaharsozlik ansamblini Amur Temurning Shahrisabzdagi “Oqsaroy”i ansamblidan keyin O'rta Osiyo me'morchiligi tarixida uchratmaysiz.

Registon ansamblini tashkil qilgan har bir binoga maydon ichidan turib qarar ekanmiz, ularda yashiringan sir-asrorlarni ilg'aymiz. Binolar peshtoqi va “qanot”laridagi qismlar, burchlardagi adlqomat minoralar, ritm bilan joylashgan ravoqlar, tarzlardagi go'zal naqshu-nigorlar, bularning barchasi o'zaro bir-biriga va ayni paytda, yaxlit imorat tarziga shaklan mutanosib (proportsional) hajmiy va mazmunan simmetrik, me'moriy hamohang va uyg'undir.

Mazkur ansamblni tashkil qiluvchi har bir imoratning go'zallik siri ham aynan ana shunda! Tillakori masjid-madrasasidagi masjid gumbazi va uning o'lchamlari imoratning madrasasi qismiga nisbatan assimetrik joylashgan bo'lsa-da, ushbu me'moriy munosabat ansamblning qolgan imoratlari bilan kontrast munosabatga kirib, go'zal yaxlitlikni shakllantirish imkonini bergan.

Ushbu ansambl keyinchalik nafaqat Movarounnahrda, balki butun Markaziy Osiyo mamlakatlari shaharsozligida ham namuna tarzida xizmat qildi. Registon ansambliga o'xshash me'moriy ansambllar keyinchalik O'rta Sharqning boshqa shaharlari ( Hirot, Agra, Dehlida) ham shakllanadi.

Hulosa qilib aytishimiz mumkinki, Yalangto'sh Bahodir davrida Samarqand arxitekturasi va shaharsozligidagi o'zgarishlar bu erdagi Amir Temur va Mirzo Ulug'beklar davridagi rivojlanishlardan o'zining sifat darajasi va g'oyaviy yaxlitligi bilan hech ham kam bo'lmadi, aksincha aynan ansamblsozlik san'ati jihatidan ulardan o'zib ketdi va yangi g'oyaviy echimlar yuzaga keldi.

Ahtam O'rolov,
me'morchilik fanlari doktori, professor, “Zarafshon”gazetasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

11.08.2026   7203   3 min.
Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.

IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.

Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.

Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.

Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.

Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.

Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari