Hazrati Muhammadning inson bolasi bo'lganlari butun odmizodga iftixordir. Chunki u zot ummiy bo'lishlari barobarida o'n asr oldin shunday qonun va asoslarni keltirdilarki, biz – ovrupaliklar ikki ming sanadan keyin ularning qiymati va haqiqatini anglab etsak, eng mas'ud, eng saodatli insonlar bo'lamiz.
Shebol, G'arb mutafakkiri.
* * *
Payg'ambar Muhammad alayhissalom hech qanday hokimiyatga ega bo'lmagan holda eng qudratli saltanatlar – Eron va Vizantiyani yagona Parvardigor nizomi bilan yashashga da'vat etgandilar.
Roje Gorodi, Farangiston Komfirqasi Markaziy Qo'mitasi a'zosi.
* * *
Biz Ovrupa millatlari madaniy imkonimiz yuqori bo'lishiga qaramay, hazrati Muhammad so'nggi pog'onasiga qadar chiqa olgan zinaning birinchi bosqichidamiz, xolos. Hech shubha yo'qki, bu musobaqada biron kimsa u zotdan yuqoriroqqa o'ta olmaydi.
Volfgang Gyote, mashhur olmon shoiri.
* * *
Alloh taoloning birligi va borligini Muso alayhissalom o'z millatiga, Iso alayhissalom o'z ummatiga, Muhammad alayhissalom esa, butun insoniyatga ma'lum qildi.
Napoleon Bonapart, Fransiya imperatori.
* * *
Men dunyo tarixini o'rganib bir xulosaga keldim: dunyo podshohlari to'plagan jamiki saltanatu sarvat-boyliklar, shohona qasrlaru muhtasham saroylar Muhammad alayhissalomning yamoq yaktaklariga arzimas ekan.
Volfgang Gyote, mashhur olmon shoiri.
* * *
Hazrati Muhammad haqida gapirganlarimiz bir nuqta ustida to'planadi. U ham bo'lsa, u zot xulq-atvorining yuksakligi, axloqining pokizaligidir. Bular shunday ulug' fazilatlarki, u zamondagi makkaliklar orasida juda nodir edi.
Vilyam Muir, ingliz sharqshunosi.
* * *
Faylasuf, notiq, payg'ambar, faqih, sarkarda, qalblar himoyachisi, g'oyalar koshifi, imom, davlat arbobi, Yer kurrasining yigirma joyida diniy saltanat tashkil etgan zot. Muhammad (alayhissalom) ana shunday kishi edi. U kishini dunyodagi qaysi buyuk shaxs bilan tenglashtirish mumkin? Nahotki u zotning qiyoslari bo'lsa?
Luis de Lamartin, farang mutafakkiri.
* * *
Mashhur payg'ambarlar va fotihlar ichida tarixiy hayoti hazrati Muhammad tarixidek eng ko'p va hamma nuqtalarigacha batafsil o'rganilgan tarixiy shaxs yo'qdir.
Jon Davenport, ingliz olimi.
* * *
U bir vaqtning o'zida ham Tsezar, ham Papa edi. Ammo Papa bo'lib, unda Papaning iddaolari yo'q edi, Tsezar bo'lib, unda Tsezar legionlari yo'q edi. Muntazam qo'shinsiz, tansoqchilarsiz, saroysiz, davlat daromadisiz (soliqlarsiz) agar biror shaxs men Allohning iznu ixtiyori bilan boshqardim, deya olsa, unda u Muhammadddir (sollallohu alayhi va sallam). Chunki uning qo'lida hech qanday hokimiyat vositalarisiz va asoslarisiz hokimiyat bor edi.
Bosvort Smit, angliyalik mutafakkir.
* * *
O'z e'tiqodi yo'lida Muhammad (alayhissalom) har qanday mashaqqat va qiynoqlarga tayyor edi. U ummat etakchisi bo'lishiga qaramay, kamtar va odamiyligicha qoldi. U odamlarni qattiq hurmat qilar, sharafini joyiga qo'yar edi. Uning buyukligiga uning zafar va yutuqlari dalildir. Uning shaxsi ulug'ligi g'oyasini tarqatishda muvaffaqiyat keltirdi.
Vilyam Montgomeri Uott, ingliz sharqshunosi, “Muhammad Makkada”, “Muhammad Madinada” kitoblari muallifi.
* * *
Muhammad (alayhissalom) targ'ib qilgan ta'limotlar tufayli uning izdoshlarini Payg'ambar shaxsiyati o'ziga qattiq jalb qiladi. Zero, u odamlarni aql va din vositasida boshqarar edi.
Edvard Gibbon, ingliz olimi.
Internet ma'lumotlari asosida tayyorlandi
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV