Allohning tavfiqiga erishay desangiz quyidagilarni qilishingiz darkor:
1) O'zgalarga yaxshilik qiling, odamlarning hojatini chiqaring, zotan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarning Allohga eng mahbubi odamlarga manfaati eng ko'pidir”.
2) Qur'onni o'rganing va o'rgating. “Sizlarning eng yaxshingiz Qur'onni o'rganib, o'rgatganlaringizdir”.
3) Yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaring, Alloh taolo bu haqda aytadi: “Sizlardan yaxshilikka chaqiradigan, amri ma'ruf–nahyi munkar qiladigan bir ummat bo'lsin. Ana o'shalar, o'zlari najot topguvchilardir” (Oli Imron surasi, 104-oyat)
4) Solih kishilar bilan hamsuhbat bo'ling, toki ular sizni toatga chorlasinlar, ma'siyatdan qaytarsinlar. “Faqat mo'min bilangina do'st bo'l. Taomingni faqat taqvodor kishigina esin”.
5) Doim husni-xulq uzra bo'ling, ko'nglingiz pok bo'lsin! Zero Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz – xulqi go'zallaringizdir”.
6) Oila qurishda o'zingizga soliha juft tanlang, negaki soliha ayol din va dunyo ishlaringizda sizga yordam beradi. Boshida Allohdan uzoq bo'lgan, soliha ayolga uylangandan keyin esa ayoli ularning hayotini o'zgartirib yuborgan qanchadan-qancha odamlarni ko'rdik! Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Dunyo bir matohdir, dunyoning eng yaxshi matohi esa soliha juftdir”.
7) Oilangizga e'tiborli bo'ling, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Sizlarning eng yaxshilaringiz ahliga yaxshi bo'lganlaringizdir. Men ahliga eng yaxshingizman”. Oilaning haqqi do'stlar, oshna-og'aynilarnikidan muqaddam turadi!
8) O'zingizga aloqador bo'lmagan ishlarga aralashmang, sababi Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “O'ziga aloqador bo'lmagan narsalarni tark etish kishi islomining go'zalligidandir”.
9) Allohdan sizni gap-so'zlarda, yurish-turishda to'g'rilikka yo'naltirishini so'rang. Bu Alloh taolo kalomida aytgan hikmatning ayni o'zidir: “U zot kimni xohlasa, o'shanga hikmatni beradi. Kimga hikmat berilsa, unga ko'p yaxshilik berilgan bo'ladi” (Baqara surasi, 269-oyat)
10) Ko'p-ko'p duo qiling, Allohga o'zingizni doim zaif, hojatmand ekaningizni namoyish eting. Umar ibn Hattob roziyallohu anhu aytarkanlar: “Men duoyim ijobat bo'lmasligidan qo'rqmaynman, qalbimda duoga muhtojlik sezmay qolishimdan qo'rqaman. Chunki duo qilish sizga ilhom etilsa, ijobati ham birga keladi”.
11) O'zingizni doim hisob-kitob qilib boring. Biror ibodat qilsangiz “Robbim mendan qabul etadi”, deya Robbingiz haqida yaxshi gumon qiling. Agar biror gunoh qilib, keyin undan tavba qilsangiz, Allohdan tavbangizni qabul etishini so'rang.
12) Allohdan sizga sog'lom qalb va haqgo'y til ato etishini so'rang. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh taoloning do'stlari – ko'rilganda Alloh taolo eslanadigan zotlardir”.
13) Allohni ko'p zikr qiling. Bu ibodatlarning eng osonidir. Alloh taolo Qur'onda: “Bas, Meni eslangiz, sizni eslayman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152-oyat)
14) Alloh sizni qanday ish va qanday amallar uzra qoim etagniga qarang! Alloh taolo nazdida mezoningizni, bahoyingizni bilmoq istasangiz g'am-tashvishingiz, amallaringiz Alloh uchun bo'lyaptimi yoki yo'qmi, shunga boqing!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar