Allohga shukrki, Qur'oni karimga muxlis xalqimizning istaklarini inobatga olgan holda yurtimizdagi “Qur'oni karim va tajvid” kurslari faoliyati kengaytirilmoqda.
Mazkur kurslarni rivojlantirish, qiroat ilmini o'rganuvchilar uchun sharoitlarni hozirlash, malakali ustozlarini tayyorlash, ularning mahoratlarini oshirish va Qur'on ta'limini o'rgatishdagi eng ilg'or uslublarni tadbiq etish ishlari boshlandi.
Ushbu xayrli ishga hissa qo'shishni istagan, farzandu arjumandlari dunyoda ko'zni quvontiradigan, Oxiratda esa ota-onasiga toj kiydiradigan qoriyu qurrolar bo'lishini niyat qilgan saxovatpesha kishilarimiz himmati uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondida maxsus hisob raqam ochildi.
Darhaqiqat, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz Qur'onni o'rganganlaringiz va o'rgatganlaringizdir”, deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Endilikda xayr-saxovatlarini qori va qoriyalarga sarf etishni istagan yurtdoshlarimiz quyidagi hisob raqamga muruvvat qilishlari mumkin.
“Qur'oni karim va tajvid” kurslarini rivojlantirish hisob raqami: 20212000900881753046
INN 207 276 595
MFO 00974
Toshkent shahrining “Kapitalbank” ATB amaliyot boshqarmasi
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Yurtimiz diniy soha vakillarining xorijda, xususan, Rossiya Federatsiyasida mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlari, ularning ijtimoiy-ma’naviy hayotidan xabar olish va diniy ehtiyojlarini qondirish borasidagi xayrli ishlari tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Safar dasturi doirasida Leningrad viloyati Kingisepp tumanida joylashgan "RENCONS Heavy Industries" kompaniyasida faoliyat yuritayotgan mingga yaqin vatandosh ishchi-xodimlar bilan birgalikda muborak juma namozi ado etildi. Namozdan so‘ng hamyurtlarimiz bilan samimiy suhbat qurilib, ularga musofirchilik odobi, halol mehnat va Vatan sog‘inchi haqida go‘zal mav’izalar qilindi.
Shuningdek, ishchi guruhning Kaliningrad shahriga tashrifi ham sermazmun uchrashuvlarga boy bo‘ldi. Jumladan:
Shahardagi mahalliy «Nur» musulmonlar diniy tashkilotida peshin namozidan so‘ng vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi;
Muhtasham «Ehson» jome masjidida shom namozi ado etilib, yig‘ilgan hamyurtlarimiz ishtirokida navbatdagi ma’rifiy suhbat o‘tkazildi. Unda musofir yurtda iymon-e’tiqod va milliy qadriyatlarni asrash, yot g‘oyalardan yiroq bo‘lish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Sankt-Peterburg shahrida turli sohalarda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan ham bir nechta manzillarda yuzma-yuz uchrashuvlar uyushtirildi. Uchrashuvlar davomida hamyurtlarimizni qiziqtirgan shar’iy savollarga batafsil javoblar berilib, ularning haqqiga, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Bu kabi jonli uchrashuvlar vatandoshlarimizga ulkan ma’naviy quvvat baxsh etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati