Islomiy axloq va tarbiya
Ali roziyallohu anhu o'zlari uchun qadrli bo'lgan qimmatbaho sovutlarini yo'qotib qo'ydilar. Bir oz vaqt o'tgach, Kufa bozorida uni bir zimmiy (islom yurtida yashovchi o'zga din vakili) sotayotganini ko'rib qoldilar va zimmiyga: “Bu mening sovutim, uni falon kuni falon joyda tuyamdan tushib qolgan edi”, dedilar. Zimmiy: “Ey mo'minlar amiri! Bu sovut meniki va u meni qo'limda turibdi”, dedi.
Ali roziyallohu anhu: “Bu mening sovutim, men uni hech kimga sotmaganman, hadya ham qilmaganman. Qanday qilib u seniki bo'lsin?!” dedilar.
Shunda zimmiy: “Bizning masalamizni musulmonlarning qozisi hal qilsin”, dedi.
Ali roziyallohu anhu unga: “Lekin shu gaping insofdan bo'ldi, qani, uning oldiga ketdik”, dedilar. So'ng ular Qozi Shurayhning oldiga borishdi.
Qozi Shurayh Ali roziyallohu anhuga: “Ey mo'minlar amiri! Siz nima deysiz?” dedi. Ali roziyallohu anhu: “Men mana bu sovutimni bu kishining qo'lida ko'rdim. Uni falon kuni, falon joyda tushirib qo'ygan edim, sovutim bu odamga biror savdo yo'li bilan ham, hadya yo'li bilan ham etib kelmagan”, dedilar. Shurayh zimmiyga: “Sen nima deysan?” dedi. U: “Bu sovut meniki, shuning uchun ham u mening qo'limda turibdi, ayni paytda, mo'minlar amiri yolg'on gapiryapti, deb tuhmat ham qilmayman”, dedi.
Qozi Shurayh Ali roziyallohu anhuga yuzlanib: “Ey mo'minlar amiri! Sizning rostgo'yligingizga, sovut ham sizniki ekaniga hech qanday shubha yo'q. Biroq, da'voingiz to'g'ri ekanini isbotlash uchun menga ikkita guvoh keltirishingiz kerak”, dedi. Ali roziyallohu anhu: “Mayli, qulim Qanbar va o'g'lim Hasanlar menga guvoh bo'lishadi”, dedilar. Shurayh: “Ey mo'minlar amiri! Farzandning otasiga bergan guvohligi qabul qilinmaydi”, dedi.
Ali roziyallohu anhu: “Subhonalloh! Jannat ahlidan bo'lgan kishining guvohligi qabul qilinmaydimi?! Sen Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Hasan va Husayn jannat ahli yigitlarining sayyidlaridir”, deganlarini bilmaysanmi?!”, dedilar. Shurayh: “Bilaman, ey mo'minlar amiri, bilaman, lekin men baribir farzandning otasiga bergan guvohligini qabul qila olmayman”, dedi. Shunda hazrat Ali roziyallohu anhu zimmiyga yuzlanib: “Sen sovutni olaver, mening ulardan boshqa guvohim yo'q”, dedilar.
Shunda zimmiy: “Men bu sovut sizniki ekaniga guvohlik beraman, ey mo'minlar amiri!” dedi. Yana gapida davom etib: “Yo Alloh! Mo'minlar amiri o'z qozisi huzurida men bilan da'volashib o'tirsa, qozi esa mening foydamga, uning zarariga hukm chiqarsa-ya! Guvohlik beramanki, ularni shunga buyurayotgan din haqdir, yana guvohlik beramanki, Allohdan O'zga iloh yo'q va Muhammad sollallohu alayhi va sallam Uning payg'ambari va bandasidir!”. Bilgin, ey qozi! Bu mo'minlar amirining sovutidir. Men Siffinga ketayotgan qo'shinga ergashdim, bu sovut mo'minlar amirining kulrang tuyasidan tushib qoldi va men uni egallab oldim”, dedi.
Ali roziyallohu anhu: “Sen musulmon bo'lding, sovutni ham, u bilan birga tuyamni ham senga hadya qildim!” dedilar.
Bu voqeadan ko'p vaqt o'tmay, o'sha kishi Nahravon kunida Ali roziyallohu anhuning bayroqlari ostida xorijiylarga qarshi jang qilib, shahid bo'ldi.
“Suvar min hayat at-tabi'iyn”–
“Tobeinlarhayotidan lavhalar” kitobidan,
Akmalxon Axmedov tayyorladi.
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.