Alloh taolo insonlarini doimo xayru ehson qilishga buyuradi. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi: (Ey Muhammad), sizdan nima ehson qilishni so'rashsa, ”Nima ehson qilsangiz ham ota-onaga, qarindoshlar, etimlar, miskinlar va musofirlarga qiling, qanday yaxshilik qilsangiz ham Alloh uni albatta biladi”, deng (Baqara surasi, 215-oyat).
“Ehson” so'zi lug'atda “yaxshilik qilish, ezgulik ko'rsatish ma'nolarini anglatib, birovga biror ne'matni berish va fazlu-karam ko'rsatish tushuniladi. Ehsonning bir necha turlari bor: Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomga ergashish ham – ehson, birovni kechirish ham – ehson, boshiga kelgan musibat va ozorlarga sabr qilish ham – ehson, hatto birovga yaxshi muomala qilish ham – ehson.
Mo''tabar kitoblarda yozilishicha, xayru saxovat insonlar o'rtasida mehr va muruvvat,oqibat rishtalarini bog'lashga,o'zaro hurmat va totuvlik hislarining ortishiga xizmat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu borada barchamizga ibrat bo'lib, ehson qilayotgan narsalariga kelajakda o'zlari muhtoj bo'lib qolishlarini o'ylamas edilar. Sadaqa so'rab kelganlarning birortasini ham quruq qaytarmaganlar.
Darhaqiqat biror kishiga bir narsa ehson qilsangiz bundan dilingiz ravshan tortadi, ruhiy xotirjamlik yuzaga keladi, boshqalarga foydangiz tekkanligidan xursand bo'lasiz.
Ehson olgan kishi ham e'tibordan chetda emasligidan,ko'rsatilgan yaxshilikdan sevinadi, dilida sizga muhabbat paydo bo'ladi, agar sizga dushmanligi, adovati bo'lsa unutadi. Shu tariqa jamiyatda kishilar o'rtasida totuvlik, hurmat-ehtirom paydo bo'ladi, dushmanchilik barham topadi, osayishtalik va farog'at barqaror bo'ladi. Eng asosiysi, kimga yaxshilik qilsangiz, Alloh taolo hammasini bilib turadi, ehsonni o'zingizga bir necha barobar qilib qaytaradi.
Inson tabiatan mol-dunyoni sevishga,uni ko'paytirishga moyil. Hatto anchagina mablag'ga ega bo'lgan kishilar ham ba'zan ehson – sadaqa qilishga jur'at qilmaydilar, ularning nazdida go'yo yiqqan mollari kamayib qolayotgandek bo'ladi.
Vaholanki, Islom dini insonlarni ana shunday xasislik illatidan qutulishga chaqiradi. Qur'oni karimda: “Kimki o'z nafsining baxilligidan saqlay olsa, bas, aynan o'shalar iqbollidirlar” deyiladi. (“Tag'obun” surasi, 16-oyat).
Alloh taolo barchalarimizning dunyo va oxiratlarimizni obod qilib, o'zaro birdamlikda hayot kechirib, saxovat pesha yurtdoshlarimizning qilayotgan yashirin va oshkora ehsonlarini Alloh taola benuqson ilohiy dargohida qabul qilsin.
Farhod TO'RAYeV,
“Hoja Ahmad Yassaviy” masjidi imom-xatibi
Diniy ta’lim muassasalari rektor va direktorlari hamda talabalaridan iborat delegatsiya Surxondaryoning tabarruk qadamjolari — "Hakim Termiziy" va “Sulton Saodat” majmualarini ziyorat qilishdi.
Ziyorat davomida dastlab Qur’oni karim tilovat qilinib, yurt tinchligi va ilm rivoji yo‘lida ezgu duolar qilindi.
Tashrif doirasida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi Jo‘rabek domla Cho‘tmatov mehmonlarga hamrohlik qilib, ushbu muqaddas maskanlarning tarixi, ularning islom sivilizatsiyasidagi o‘rni hamda ilmiy va ma’naviy ahamiyati haqida qimmatli ma’lumotlarni so‘zlab berdi.
Bu kabi tarixiy qadamjolar bilan tanishish ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatni yanada mustahkamladi.
“Imom Termiziy” madrasasi
Matbuot xizmati