Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyul, 2025   |   13 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:15
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
08 Iyul, 2025, 13 Muharram, 1447

ULUG'LARIMIZ BIZ UChUN KATTA IBRAT MAKTABIDIR

17.08.2021   1349   9 min.
ULUG'LARIMIZ BIZ UChUN KATTA IBRAT MAKTABIDIR

Biz dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qo'shgan buyuk ajdodlar vorislarimiz. Ilmiy yutuqlari va kashfiyotlari bilan jahon ahlini hayratga solgan ulug'larimiz bu darajaga osonlik bilan erishmagan, albatta. Ilmga umrini baxsh etgan, qanchadan-qancha ilmiy safarlar mashaqqatini boshdan kechirgan, ochlik, yupunlik kabi sinovlarga bardosh bergan. Shu bilan birga, ustoz-shogirdlik maktabining talab va qonunlariga qat'iy rioya qilgan. Ustoz huzurida odob saqlab, iznisiz gapirmagan, yuziga tik boqmagan, musofirlikda u yashaydigan yurt tomonga oyoq uzatmagan va hokazo.

Afsuski, bugun ana shunday go'zal odob-axloq qoidalariga rioya qilmaydigan, o'zboshimchalik bilan ilm olishga uringan ayrim kimsalar tufayli haq yo'ldan og'ishib, zalolatga ketganlar uchrayapti. Soxta olimlarning Qur'on va hadisdan iqtibos qilib, aytgan gaplariga laqqa ishonib, ulardan boshqa hech kimni tan olmaydigan kimsalar paydo bo'lyapti. Hatto buyuk mujtahid imomlarni ham adashganga, shariat ishida Payg'ambar alayhissalom bilan raqobatlashganga chiqarganlar paydo bo'ldi.

Darhaqiqat, buyuk salaflarimiz ilm va ilm egalarining hurmatini joyiga qo'yish borasida biz uchun katta ibrat maktabidir. Ularning hayoti va ilmiy faoliyati bilan yaqindan tanishar ekansiz, bunga yana bir bor amin bo'lasiz.

Abu Voildan naql qilishlaricha, Ibn Mas'ud roziyallohu anhu izorining pochasini osiltirib yurgan bir kishini ko'rib, unga: “Izoringni ko'tarib ol!” deydi. Haligi odam: “Ey Ibn Mas'ud, o'zingiz ham izoringizni ko'tarib oling”, deydi. Ibn Mas'ud: “Mening ikki boldirim o'ta ingichka, men odamlarga imomlikka o'taman”, deydi.

Bu voqeaning xabari Umar roziyallohu anhuga etib borgach, “Sen Ibn Mas'udga gap qaytardingmi?!” deb, haligi odamni savalay ketadi.

Hofiz Ibn Asokir rahimahulloh musulmonlarga nasihat qilib, ulamolar, mujtahid imomlarni ayblash, odamlarda ularga nisbatan ishonchsizlik paydo qilishdan qaytarib quyidagilarni aytgan:

“Ey birodar! Alloh ikkimizni ham O'zi rozi bo'ladigan ishlarga muvaffaq aylasin. Ikkimizni ham O'zidan qo'rqadigan mukammal taqvo egalaridan qilsin. Bilgilki, ulamolarning eti zaharlidir. Ularning obro'yini to'kishga uringanlar borasida Alloh taolo qanday hukm qilishi ma'lum. Olimlarni yomonlash bilan tiliga erk bergan kimsalarni Alloh taolo o'limidan avval qalbini o'ldirish bilan musibatlaydi. (Payg'ambarning) amriga xilof ish tutadigan kimsalar o'zlariga biror kulfat etib qolishidan yoki alamli azob etib qolishidan saqlansinlar!” (Nur surasi, 63-oyat)”.

Abu Dardo roziyallohu anhu: “Ilm talab qiling. Agar unga ojizlik qilsangiz, ilm ahlini yaxshi ko'ring. Agar yaxshi ko'rmasangiz, ularni yomon ko'rmang”, degan.

Ibn Abbos roziyallohu anhu Zayd ibn Sobit minib olgan otning uzangisidan ushlab oladi. Shunda Zayd: “Ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakivachchasi, chetga o'ting”, degan edi u: “Ulamolarimiz va ulug'larimizga ana shunday muomala qilishga buyurilganmiz”, deydi.

Zuhriy: “Abu Salama rahimahulloh ko'p hollarda Ibn Abbos roziyallohu anhuga qarshi fikr bilan chiqar edi. Shuning uchun bo'lsa kerak, uning ko'p ilmidan bebahra qoldi”, degan.

Iso ibn Yunusdan naql qilinadi. U: “Men A'mash rahimahullohning bunday deb aytayotganini eshitdim: “Anas ibn Molik roziyallohu anhu ertalab va kechqurun mening yonimdan o'tar va men unga: “Men sendan birorta ham hadis eshitmayman. Sen Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xizmat qilding. So'ng (zolim) Hajjojning huzuriga borib, uning yaqin odamiga aylanding”, der edim. Keyinchalik bu ishimdan ko'p nadomat qildim va Anas ibn Molikdan hadis eshitgan kishidan hadis rivoyat qiladigan bo'lib qoldim”.

Ehtimol, Anas ibn Molik roziyallohu anhu A'mash rahimahullohning o'ziga nisbatan beodoblik qilganini jazolash uchun unga hadis so'zlab bermagandir. U Anas roziyallohu anhu xususida xato ish qilganini anglab etib, nadomat qilganidan so'ng undan hadis eshitgan kishi orqali Anas ibn Molik roziyallohu anhudan hadis rivoyat qilishga majbur bo'lgan va oliy sanadni qo'ldan boy bergan edi. Ehtimol, u Anas ibn Molik roziyallohu anhu vafotidan so'ng nadomat qilgan va undan hadis eshitgan kishi orqali undan hadis rivoyat qilgandir. Nima bo'lganda ham, tolibi ilm o'z ustozidan yoki o'zidan ko'ra ilmliroq bo'lgan kishidan shubhali biror ish sodir bo'lganini ko'rib, uni munkar ish deb hisoblasa, buning uchun eng avval o'zini va aqlini ayblashi, ustozining biror uzri bordir, degan xulosaga kelishi lozim.

Anas roziyallohu anhuning cho'risi Jamila bunday degan: “Agar Sobit rahimahulloh keladigan bo'lsa, Anas: “Ey Jamila, menga biror xushbo'ylik ber, qo'limga surtib olay. Chunki Sobitning onasining o'g'li (ya'ni Sobit) “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak qo'llariga tekkan”, deya qo'limni o'pmagunicha rozi bo'lmaydi”, der edi”.

Abdurahmon ibn Azdak bunday degan: “Nofe' ibn Jubayr Ali ibn Husayn rahimahullohga: “Alloh Sizni mag'firat qilsin! Siz odamlarning sayyidi va afzalisiz. (U Sizning tengingiz emas, degan ma'noda) Siz manavi odam (Zayd ibn Aslam)ning huzuriga borib, u bilan o'tirasizmi?” dedi. Shunda Ali ibn Husayn rahimahulloh: “Ilm qayerda bo'lsa ham borib o'rganilishi lozim”, deb aytar edi”.

Sufyon ibn Uyaynaning huzurida turgan Abdulloh ibn Muborak rahimahullohdan bir masala haqida so'rab qolishdi. Shunda u: “Ulug'larimiz oldida gapirishdan qaytarilganmiz”, deb javob berdi.

Ha, ko'pni ko'rgan, hayotiy tajribasi katta bo'lgan ulug' ustozlar huzurida mahmadonalik qilish ilm ahlining ishi emas. Shuning uchun ham Abdulloh ibn Muborak yuqoridagi gapni aytib, yaxshigina saboq bergan.

Bishr ibn Horis: “Bir kishi yurib ketayotgan Abdulloh ibn Muborak rahimahullohga bir hadis haqida savol berdi. “Bu ish ilmning hurmatini joyiga qo'yishga kirmaydi”, dedi u. Men uning bu ishini juda ma'qulladim”, degan.

Hammasi o'z o'rnida va o'z vaqtida bo'lgani yaxshi. Ilm Allohning buyuk in'omi bo'lib, hammaga ham berilavermaydi. Axir U zot ilmni “ko'p-ko'p yaxshilik” deb atamaganmi? “Ilm egalarining darajasini baland qilishni xohlaydi”, demaganmi? “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar barobar bo'lurmi”, demaganmi? Shunday ekan, ana shu buyuk ne'matning qadrini bilish, hurmatini joyiga qo'yish lozim. Uni duch kelgan odamga berib ketavermaslik, aksincha, ilm ahlidan bo'lishga yarash-yaramasligini, bu yo'ldagi sinovlarga bardosh berish-bermasligini sinchiklab o'rganish lozim bo'ladi.

Ibrohim ibn Ishoq Harbiydan naql qilinadi: “Ato ibn Abu Raboh rahimahulloh makkalik bir ayolning qora tanli quli edi. Burni baqlajonga o'xshar edi. Mo'minlar amiri Sulaymon ibn Abdulmalik ikki o'g'li bilan kelib, namoz o'qib turgan ana shu qora qulning oldiga o'tirdi. Namozni o'qib bo'lgach, ularga orqasini o'girib oldi. Mana shu holatda ular Ato bilan haj amallari haqida savol-javob qildi. So'ng Sulaymon ikkala o'g'liga qarab: “O'rningizdan turing!” degan edi, ular o'rinlaridan turdi. Shunda: “Ey o'g'illarim, ilm talab qilishda sustkashlik qilmang. Chunki, men manavi qora tanli qulning huzurida xor bo'lib o'tirganimizni hech ham unutmayman”, dedi”.

Bir kishi Hasan ibn Zakvon rahimahullohning huzurida bir olimni bir nimalar bilan tilga olgan edi u: “Menga qara! Ulamolar haqida yomon gapirmaki, Alloh qalbingni o'ldiradi”, deb tanbeh berdi.

Darhaqiqat, ilm – buyuk ilohiy ne'mat. Ilm ahli Allohning suyukli bandalaridir. Insoniylik yuzasidan yo'l qo'ygan kamchiliklari deb ularni kamsitish, obro'sizlantirish, boshqalarda ularga nisbatan ishonchsizlik paydo qilishga urinish dinimizda qattiq taqiqlangan amallardan hisoblanadi. Ular payg'ambarlar kabi ma'sum zotlar emasligini, hatto eng buyuk olimlar ham ba'zan qoqilganini tushunib etish uchun kishidan ko'p narsa talab qilinmaydi. Ozgina narsa o'qib olib, allomalik, shayxlik maqomini da'vo qilish ilm ahlining ishi emas. Alloh roziligi uchun dinim, yurtim va xalqimga xizmat qilaman, ajdodlarning ilmiy merosini kelajak avlodga etkazaman, degan ezgu niyat bilan yillar davomida ustozlar etagini tutish, ularning ilmi, hayotiy tajribasini o'rganish va o'zlashtirish, nihoyat, buyuk ulamolar shohidligidan so'ng ularning duosini olish ilm yo'liga qadam qo'ygan har bir insonning birlamchi vazifasi bo'lishi kerak.

 

Alouddin HOFIY,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

ilmiy xodimi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Chumoli saqlagan don mo‘jizasi

07.07.2025   1205   1 min.
Chumoli saqlagan don mo‘jizasi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Nima uchun chumoli yer ostiga to‘plab qo‘ygan donlar yerdan o‘sib chiqmaydi?!

Olimlar tadqiqot olib borishlaricha, chumoli o‘ziga kerakli bo‘lgan don va urug‘larni yer ostiga to‘plab, jamg‘arganidan keyin uni ikkiga bo‘lib qo‘yadi. Chunki don va urug‘lik ikkiga bo‘lib qo‘yilsa, har qancha yer unumdor bo‘lmasin, u o‘sib chiqmaydi.

Lekin chumoli kashnich donini to‘rt bo‘lakka bo‘lganini ko‘rgach, olimlar taajjubga tushishdi. 

Bu xususda kerakli tadqiqot olib borgach, quyidagi narsani kashf qildilar. Kashnich doni agar ikkiga bo‘linsa ham o‘sib chiqaverar ekan.

Lekin to‘rt bo‘lakka bo‘linsa o‘sib chiqmas ekan. Chumoliga bu narsani ta’lim bergan Alloh har qanday ayb nuqsonlardan pokdir.

"Parvardigorimiz barcha narsaga o‘z xilqati (shakli)ni ato etib, so‘ngra (uni) to‘g‘ri yo‘lga solib qo‘ygan Zotdir" (Toha surasi, 50-oyat).