Alloh taolo Yerni yashashga qulay qilib yaratgani barobarida, unda suvlarni oqizib qo'ydi, turli o't-o'lan, dov-daraxtlarni o'stirib qo'ydi. Suv Allohning ulkan ne'matidir. Rangsiz, ta'msiz, hidsiz suyuqlik tanamizni tekiklashtiradi, liboslarimizni poklaydi, tashnaligimizni qondiradi, hayotimizning davom etishiga sabab bo'ladi. Bejizga suvni “Obihayot” (“Hayot suvi”) deyishmaydi.
Yaqinda Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog'ida faollar bilan o'tkazgan yig'ilishda bugungi kunda dunyo bo'yicha katta muammoga aylanayotgan suv masalasiga alohida to'xtalib: «“Suv – tekin emas”, degan g'oyani aholiga chuqur singdirish, uni mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar va keng jamoatchilik bilan birga kundalik turmush qoidasiga aylantirish asosiy vazifa bo'lishi lozim”» dedilar.
Darhaqiqat, inson taomsiz bir ikki haftagacha yashashi mumkin, ammo suvsiz uch kunga ham chiday olmaydi. Odam tanasidagi suv agar o'n besh foizga kamaysa, u halok bo'ladi. Mutaxassislar fikricha, inson tanasining aksar qismi suvdan iborat. Masalan, chaqaloq og'irligining etmish besh foizini suv tashkil etadi.
Suv – insonning hayot kechirishi uchun asosiy quvvat manbaidir. Bunga yana odamning poklanishi uchun va boshqa maqsadlarda ishlatadigan suvi ham qo'shilsa, insonga suv qanchalik zarur va bebaho ne'mat ekani oydinlashadi. Alloh taolo Qur'oni karimning Anbiyo surasida bunday marhamat qiladi:
...﴿وَجَعَلْنَا مِنَ الْمَاءِ كُلَّ شَيْءٍ حَيٍّ أَفَلَا يُؤْمِنُونَ﴾
“...va barcha tirik mavjudotni suvdan (paydo) qilganimizni ko'rmadilarmi?!”(Anbiyo surasi, 30-oyat).
Toza ichimlik suvini ehtiyojdan tashqari ishlatish va behudaga oqizib qo'yish kabi holatlarning uchrayotgani o'ta achinarli holdir. Ayrim davlatlarda toza ichimlik suvi oltinga teng bo'lib turgan, minglab kishilar, yosh go'daklar ichimlik suvi tanqisligidan aziyat chekayotgan bir sharoitda, biz Alloh ato etgan shunday buyuk ne'matning qadriga etmasligimiz noshukrlikdan bo'lak narsa emas.
Hozirgi vaqtda jami 470 million nafar odam suv taqchilligi keskinlashgan mintaqalarda, 2,4 milliard kishi esa suv tozalash qurilmalari va drenaj tizimi orzuligicha qolayotgan o'lkalarda yashaydi. Sifatli ichimlik suvi etishmasligidan jahonda yiliga millionlab insonlar kasallanib, nobud bo'lmoqda.
Alloh taolo barcha narsalarni bir-biriga uzviy bog'liq holda, o'ziga xos o'lchovi va hisobi bilan yaratgan. Bu borada Qur'oni karimda shunday degan:
﴿وَأَنْزَلْنَا مِنَ السَّمَاءِ مَاءً بِقَدَرٍ فَأَسْكَنَّاهُ فِي الْأَرْضِ وَإِنَّا عَلَى ذَهَابٍ بِهِ لَقَادِرُونَ﴾
“Biz osmondan hisobi bilan yomg'ir suvlarini yog'dirib, Yerga o'rnashtirdik. Biz bu suvlarni ketkazib, sizlarni undan mahrum qilib qo'yishga ham qodirmiz”(Muminun surasi, 17-oyat).
Bu oyati karimalar orqali Haq taolo bizga Yer yuzidagi barcha narsalar, shu jumladan suv ham O'zining ma'lum hisobi va o'lchovi bilan yaratilganligini ma'lum qiladi. Shunday ekan, suvni isrof qilishga aslo yo'q qo'ymasligimiz zarur.
Bugungi kunda musulmonlar orasida Alloh taolo o'zlariga ato etgan turli ne'matlar qatori suvni ham isrof qilayotgan, bu bebaho ne'matga beparvo munosabatda bo'layotgan kishilarning ham borligi achinarli hol. Hayotimiz uchun eng zarur ne'mat bo'lgan suv isrofi hammasidan oshib tushyapti.
Suvning isrof bo'lishiga yo'l qo'ymay, uni tejab-tergab ishlataylik. Farzandlarimizga ham suvni isrof qilmaslikni o'rgataylik. Suvni isrof qilmaslik barchamizning burch va vazifamiz ekanligini aslo unutmaylik. Hozir jahonda ichimlik suvi muammosi birinchi darajali muammolardan bo'lib turibdi. Ayni paytda dunyoda bir milliarddan ortiq kishi toza ichimlik suviga muhtoj.
Suvni tejash haqida hadisi sharifda bunday keladi:
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْروٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَرَّ بِسَعْدٍ وَهُوَ يَتَوَضَّأُ فَقَالَ: مَا هَذَا السَّرَفُ يَا سَعْدُ؟ قَالَ: أَفِي الْوُضُوءِ سَرَفٌ؟ قَالَ: نَعَمْ، وَإِنْ كُنْتَ عَلَى نَهْرٍ جَارٍ (رواه الإمام أحمد والإمام ابن ماجة .(
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg'ambarimiz sollalohu alayhi vasallam sahobalardan Sa'd roziyallohu anhu tahorat qilayotganlarida “Ey Sa'd bu isrof nimasi”, dedilar. Sa'd roziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof qilish bormi?”, – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ha, agarchi oqib turgan daryoning bo'yida turgan bo'lsang ham”, – dedilar (Imom Ahmad va Imom Ibn Moja rivoyati).
Tahoratda ortiqcha suv ishlatish isrof va mumkin bo'lmaganidan keyin qolgan narsalarni qiyoslab olavering. Ekinga ham ehtiyojdan ortig'ini ishlatish isrofdir.
So'nggi yillarda tevarak atrof, er, suv va havoda sezilarli ifloslanish holatlari kuzatilmoqda. Buning oldini olish, tabiatni muhofaza qilib, sog'lom avlod uchun kurashish esa barchamizning burchimizdir.
Qolaversa, dunyoda ichishga yaroqli suv zaxirasi juda oz. Dengiz va ummonlar suvi sho'r. Chuchuk suvlar asosan tog'dagi muzliklarda jamlangan. Undan keyin daryo va ko'llarning suvlari ham chuchukdir. Daryo va ko'l suvlari qayta ishlanib, aholiga etkaziladi.
Ammo dunyoning hamma davlatlarida ham bunday emas. Ichimlik suvi tanqisligidan qiynalayotgan ko'plab mamlakatlar bor. Bularning asosiy qismi Afrika qit'asi mamlakatlariga to'g'ri keladi. Yog'ingarchilikning kamligi, suv havzalarining mavjud emasligi va boshqa omillar shunday holga sabab bo'lgan.
Allohga shukrki, yurtimizda ichimlik suvi borasida bunday muammolar yo'q. Ammo soha mutaxassislari yaqin kelajakda bizda ham kuzatilishi mumkinligini aytishmoqda. Bizda ham suv miqdori o'lchovlidir. Banda ne'matni qadriga etsa, shukr qilsa, o'sha ne'mat ziyoda qilib beriladi. Bordiyu noshukrlik qilib, isrofga yo'l qo'ysa, ne'mat tortib olinadi va o'rniga azob keladi.
Afsuski, suvni isrof qilish hollariga tez-tez guvoh bo'lib qolyapmiz. Jo'mragi buzilgan suv quvurlaridan toza ichimlik suvi sharillab oqib yotadi. O'sha suvdan ichadigan aholi vakillaridan birortasi: “Kel, shu jo'mrakni tuzattirib qo'yay! Axir bu suvdan o'zimiz ichamiz-ku! Shuncha suv isrof bo'lib oqib yotmasin. Bu isrofning ham so'rog'i bor” deb o'ylab ko'rmay, o'sha quvur yonidan beparvolarcha o'tib ketaveradi.
Suv sharillab oqishi u yoqda tursin, hatto tomchilab oqib tursa ham isrof bo'ladi. Chunki shu tomchilar jamlansa, katta miqdorda suv isrof bo'layotgani oydinlashadi.
Ha, dunyoning ayrim joylarida insonlar tanaga zararli mikroblar bilan to'la bo'lgan, dizbakterioz, diareya va boshqa zaharlanish ko'rinishlariga olib keladigan suvlarni ichishmoqda. Shularni o'ylab, ichayotgan musaffo, pok suvimiz uchun Robbimizga ko'p-ko'p shukrlar qilaylik!
Allohga hamdu sano aytish, ne'matlarining shukrini ado etish banda uchun ham ibodat, ham Allohning unga bergan katta mukofotidir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَا أَنْعَمَ ﺍﷲُ عَلىَ عَبْدٍ مِنْ نِعْمَةٍ صَغُرَتْ اَوْ كَبُرَتْ فَقَالَ الْحَمْدُ للهِ إِلاَّ كَانَ قَدْ أُعْطِىَ أَفْضَلَ مِمَّا أَخَذَ" (رواه الإمام ابن ماجه).
“Alloh taolo bandaga kattami, kichikmi bir ne'mat bersa va banda uning shukronasi uchun: “Allohga hamd bo'lsin” desa, o'sha ne'matdan ham afzalroq narsaga erishgan bo'ladi”, – deganlar (Imom Ibn Moja rivoyati).
Alloh taolo bizga ato qilayotgan chuchuk suv ne'mati haqida bunday marhamat qilgan:
﴿أَفَرَأَيْتُمُ الْمَاء الَّذِي تَشْرَبُونَ أَأَنتُمْ أَنزَلْتُمُوهُ مِنَ الْمُزْنِ أَمْ نَحْنُ الْمُنزِلُونَ لَوْ نَشَاء جَعَلْنَاهُ أُجَاجاً فَلَوْلَا تَشْكُرُونَ﴾
“O'zingiz ichadigan suvni o'ylab ko'ring-a! Uni bulutlardan siz tushirasizmi yoki Biz tushuruvchimizmi? Agar xohlasak, Biz uni sho'r qilib qo'yamiz. Shukr qilsangiz-chi!”(Voqea surasi, 68-70-oyatlar).
Robbimizning bergan barcha ne'matlari qatori, istaganimizdek suv ichish ne'matini bergani uchun ham ko'proq shukr qilaylik! Shunda Alloh bu ne'matlarini yanada ziyoda qilib beradi!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: لَمَّا قَدِمَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْمَدِينَةَ وَأَمَرَ بِبِنَاءِ الْمَسْجِدِ، قَالَ: يَا بَنِي النَّجَّارِ، ثَامِنُونِي بِحَائِطِكُمْ هَذَا، قَالُوا: لَا وَاللهِ، لَا نَطْلُبُ ثَمَنَهُ إِلَّا إِلَى اللهِ تَعَالَى، أَيْ فَأَخَذَهُ فَبَنَاهُ مَسْجِداً. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasulalloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida va masjid bino qilishga amr qilganlarida:
«Ey Bani Najjor! Men bilan mana bu bog‘ingizni baholashinglar», dedilar.
«Yo‘q! Allohga qasamki, uning bahosini faqat Allohdan so‘raymiz», deyishdi.
Bas, u zot uni olib, masjid qurdilar».
Uchovlari rivoyat qilganlar.
Bu rivoyatda Bani Najjor qabilasining o‘zlariga mulk bo‘lgan bog‘ yerini masjid qurish uchun vaqf qilganliklari haqida so‘z bormoqda.
Bani najjorliklarning bu himmatlari keyin ham barcha zamonlar va makonlarning muxlis musulmonlari tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Masjid uchun hech narsasini ayamaslik yaxshi odat bo‘lib qolgan. Faqat musulmonligini emas, balki odamiyligini ham unutganlargina boshqacha tasarruf qilishi mumkin.
عَنْ عُثْمَانَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ حَفَرَ بِئْرَ رُومَةَ فَلَهُ الْجَنَّةُ، فَحَفَرْتُهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ.
Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Kim Ruma qudug‘ini kovlasa, unga jannat bo‘lur», deganlarida uni men kovladim».
Buxoriy, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Boshqa rivoyatlarda:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida u yerda Ruma qudug‘idan boshqa shirin suvli quduq yo‘q edi. «Kim quduqni sotib olib, o‘z chelagini musulmonlar chelagi bilan birga qilsa, unga jannatda yaxshiroq quduq berilur», dedilar. Shunda men uni o‘zimning asl molimdan yigirma besh yoki o‘ttiz besh ming dirhamga sotib oldim», deyilgan.
U Bani g‘iforlik bir kishining bulog‘i edi. Hazrati Usmon roziyallohu anhu uni quduq qilib kovlatdilar, qurilish qildilar va musulmonlar uchun atab, o‘z chelaklarida ular bilan bir qatorda suv olib, ichib yurdilar.
عَنْ سَعْدِ بْنِ عُبَادَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ قَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ أُمَّ سَعْدٍ مَاتَتْ، فَأَيُّ الصَّدَقَةِ أَفْضَلُ؟ قَالَ: الْمَاءُ، فَحَفَرَ بِئْرًا وَقَالَ: هَذِهِ لِأُمِّ سَعْدٍ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ. وَزَادَ: فَتِلْكَ سِقَايَةُ سَعْدٍ بِالْمَدِينَةِ. وَاللهُ أَعْلَى وَأَعْلَمُ.
Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«U kishi roziyallohu anhu:
«Ey Allohning Rasuli, Ummu Sa’d vafot etdi. Qaysi sadaqa afzal?» dedi.
«Suv», dedilar u zot.
Bas, u quduq qazidi va:
«Bu Ummu Sa’dga», dedi».
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar va:
«Ana o‘sha Sa’dning Madinadagi suvxonasidir»ni ziyoda qilganlar. Alloh oliy va bilguvchiroqdir.
Ushbu rivoyatdan savobini ma’lum kishiga atab vaqf qilish joizligi kelib chiqmoqda.
O‘sha vaqtda musulmonlar jamoasining ehtiyojiga binoan, shu ish qilingan. Keyinchalik ushbu ma’noda turli vaqflar qilingan. Turar joylar, madrasalar, muhtojlarga maosh bo‘ladigan narsalar vaqf qilingan.
Hozirgi musulmonlar ham bu ishlardan o‘rnak olishlari kerak. Chunki vaqf sadaqai joriya bo‘ladi, undan doimiy ravishda savob yetib turadi.
Dinimizdagi vaqflar tushunchasini hozirgi kundagi xayriya jamiyatlari tushunchasiga o‘xshatish mumkin. Albatta, ikkisi o‘rtasidagi farq juda ham katta. Bu nozik farqlarni ularni sinchiklab o‘rgangan kishilar yaxshi anglab yetishlari mumkin.
A’zolari oliymaqom insoniy fazilatlar sohibi bo‘lgan ummatgina hayotga, taraqqiyotga va dunyoda peshqadam bo‘lishga loyiqdir. Mazkur oliymaqom insoniy fazilatlardan yaxshilik, xayr-ehson va mehru shafqat barq urib turadi hamda ulardan jamiyatdagi barcha tabaqalar bahramand bo‘ladilar.
Musulmonlar xuddi ana shu oliymaqom fazilatlar bilan butun dunyoga yaxshilik urug‘ini sochgan jamoa a’zolaridir. Ular Qur’oni Karim va Payg‘ambarlari Muhammad alayhissalomning hadislarida kelgan butun mavjudotga yaxshilik qilish haqidagi ta’limotlarga amal qilgan holda yaxshilik, xayr-ehson va mehr-shafqat ulashib kelganlar.
Musulmonlarning xayriya ishlarining barchasiga dinimizdagi vaqflar haqidagi ko‘rsatmalar asos bo‘lgan.
Mazkur xayriya ishlarini qilishda barcha musulmonlarga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning o‘zlari bosh o‘rnak bo‘lganlar. U zot turli kishilar tark qilgan yettita bog‘ni miskinlar, faqirlar va hojatmandlar foydasiga vaqf qilganlar.
Keyin u zotga Hazrati Umar, Hazrati Abu Bakr, Hazrati Usmon, Hazrati Ali, Zubayr ibn Avvom, Mu’oz ibn Jabal kabi sahobalar ergashib, katta miqdordagi vaqflarni qilganlar. Asta-sekin bu xayrli ish kengayib borgan va deyarli imkoni bor bo‘lgan barcha sahoblar vaqflar qilganlar.
Bu haqda ulkan sahobiy Jobir ibn Abdulloh: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muhojir bo‘lsin, ansoriy bo‘lsin, qudrati yetgan sahobalaridan biror kishining sotilmaslik, merosga qolmaslik va hadya qilinmaslik sharti ila o‘z molidan vaqf qilmaganini bilmayman», deydilar.
Keyin kelgan musulmonlar ham bu xayrli ishni sharaf bilan davom ettirdilar. Ular hisobsiz bog‘u rog‘larni, yerlarni, hovli-joylarni va boshqa turli-tuman mulklarni vaqf qildilar. Buning oqibatida hamma taraflarga xayriya muassasalari tarqaldi.
Mazkur vaqflar ikki xil bo‘lgan:
Birinchisi – davlat tomonidan tashkil qilingan vaqflar.
Ikkinchisi – shaxslar tomonidan tashkil qilingan vaqflar.
Xayriya muassasalarining eng birinchilaridan bo‘lgani masjidlardir. Musulmonlar masjid qurishda qadimdan bir-birlari bilan musobaqa qilib kelganlar.
Shuningdek, madrasalar ham bu borada Islom ummatining alohida e’tiborga sazovor ishlaridan biridir.
Vaqflar haqida so‘z ketar ekan, shifoxonalar, mehmonxonalar, zoviya – zikrxonalar, takyalar kabi muhtojlarga atalgan muassasalar haqida alohida ta’kidlash lozim bo‘ladi.
Kambag‘alligi tufayli turar-joy qura olmaydigan, uy sotib yoki ijaraga ololmaydigan oila va shaxslarga atalgan turar-joy vaqflari ham ko‘p bo‘lgan.
Yo‘lovchi va muhtojlarga suv tarqatishga atalgan alohida vaqflar ham hamma joylarda yetarli ravishda bo‘lgan. Kishilarga turli taomlar, non, go‘sht, holva va boshqa narsalarni tarqatadigan xayriya oshxonalari ham juda ko‘p bo‘lgan.
Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga haj hamda ziyoratga kelganlarga atalgan takiyalar ham juda ko‘p bo‘lgan. Ulardan hozirga qadar ko‘pchilik foydalanib kelmoqda.
Yo‘lovchilar, ziroatlar, hayvonlar va muhtojlarni suv bilan ta’minlash niyatida hamma joylarda quduqlar qaziydigan vaqflar ham ko‘p bo‘lgan.
Musulmonlarning xayriya ijtimoiy muassasalari qatorida yo‘l va ko‘priklarni tuzatish bilan o‘z xizmatlarini taqdim qiladigan vaqflari ham bo‘lgan.
Tashlandiq va yetim bolalarga atalgan vaqflar ularni yedirish, ichirish, kiyintirish, yashash joyi bilan ta’minlash bilan birga, ularni xatna qildirishga ham katta ahamiyat berganlar.
Shuningdek, ko‘zi ojiz, shol va nogiron kishilarga atalgan vaqflar ularning huzur-halovat ila yashashlari uchun barcha kerakli narsalarni hozir qilganlar.
Qamoqdagilarga yordam beradigan, ularga oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib beradigan vaqflar ham bo‘lgan.
Oila qurishda qiynalib qolgan yosh yigit-qizlarga oila qurishda kerakli barcha yordamlarni taqdim qiladigan vaqflar ham hamma joylarda muvaffaqiyat bilan ish olib borganlar.
Emizikli onalarni sut va qand bilan ta’minlaydigan xayriya muassasalari bo‘lib, bu kabi vaqfni birinchilardan bo‘lib, Salohuddin Ayyubiy tashkil qilgan edi. U kishi Damashq shahri qal’asi darvozalaridan biri yaqinida ikki tarnov qilib, biridan sut, ikkinchisidan qandli suv oqib turadigan qilgan edi. Onalar har haftada ikki marta kelib, bolalari uchun sut va qandli suv olib ketar edilar.
Idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yordam beradigan vaqflar o‘yinqaroqlik qilib, idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yangi idish berar edilar. Bolalar esa yangi idishlarni olib, xuddi hech narsa bo‘lmagandek, ota-onalari huzurlariga bemalol boraverar edilar.
Musulmonlarning xayriya tashkilotlaridan hamma barobariga foyda topar edi. Hatto qarovsiz qolgan hayvonlarga yordam beradigan xayriya tashkilotlari ham turli joylarda o‘z xizmatlarini ado etar edi.
«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi