Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

MANGULIK – ALLOHGA HOS

16.08.2021   2063   6 min.
MANGULIK – ALLOHGA HOS

Hamdardlik

 O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari umr haqida bunday yozgan edilar: «Umr insonga berilgan ne'matlar ichra eng qadrlisidir. Kunlar ketidan haftalar, oylar, yillar o'tib boryapti. Inson umri cheklangan. Shu bois uni g'animat bilib, manfaatli ishlarga sarflash zarur. Chunki o'tib ketgan vaqtni ortga qaytarishning sira iloji yo'q.

Akani ukadan, otani boladan, onani qizdan, boyni moldan judo qilib, hayot lazzatlarini kesadigan o'limni esda tutish va shunga yarasha Alloh roziligi uchun harakat qilish kishining umriga baraka kiritadi...»

Muftiy hazratlari o'zlarining ana shu so'zlariga amal qilib yashadilar. Afsuski, o'lim u kishini birodarlaridan, farzandlaridan, barcha yaqinlaridan judo qildi.

Inson umri qancha yashalgani bilan emas, balki qanday yashalgani bilan ahamiyatlidir. Chunonchi, Abdurahmon ibn Abu Bakra roziyallohu anhu otasidan rivoyat qiladi: «Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan: “Yo Rasululloh, qaysi inson yaxshi?” deb so'radi. U zot: “Umri uzun va xayrli amallari ko'p bo'lgan kishi”, deb javob berdilar» (Imom Termiziy rivoyati).

Yarim asrga teng Alloh taoloning hanif dini xizmatida bo'lish – katta sharaf, ulkan baxt va saodatdir. Ana shunday baxt va saodatni qo'lga kiritgan ulug' olim, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, shayx Usmonxon Temirxon o'g'li Alimov hazratlari og'ir xastalikdan so'ng Rabbimiz huzuriga rihlat qildilar.

Hazratning hayot yo'llariga nazar solsak, u kishida mo'min-musulmonlar uchun namuna bo'ladigan sifatlar, xislatlar, fazilatlar juda ko'p edi. Ayniqsa, halimliklari, har bir masalani yotig'i bilan tushuntirib, muloyim muomala qilishlari biz uchun ibratdir.

Halimlik Rasulimiz alayhissalom maqtagan xislatlardandir. U zot: “Albatta, Alloh taolo muloyimlikni yaxshi ko'radigan Halim zotdir. U muloyimlik (sohibiga)ka qo'pollik va undan boshqa narsa (xislat)larga berilmaydigan narsa (ajr-mukofot)ni beradi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Usmonxon Alimov hazratlari 15 yil muftiylik qilgan bo'lsalar, o'sha davrda yurtimizda diniy-ma'rifiy sohada ulkan islohotlar amalga oshirildi. Ko'plab masjidlar ochildi, madrasalar faoliyati yo'lga qo'yildi. Birgina so'nggi uch-to'rt yilda poytaxtimizda bunyod etilgan, qayta qurilgan o'nlab masjidlarda bugun mo'min-musulmonlarimiz emin-erkin. Yayrab-yashnab ibodat qilishmoqda.

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhumo aytadi: «Ilm ko'tarilmasidan burun uni o'rganinglar. Ilm olimlarning vafoti tufayli ko'tariladi. Jonim qo'lida bo'lgan Zotga qasam, Alloh yo'lida shahid bo'lgan kishilar (qiyomat kunida) olimlarga berilgan karomat-darajalarni ko'rib: “Koshki bizni ham Alloh olim qilib tiriltirsa”, deb orzu qiladilar. Zero, hech kim olim bo'lib tug'ilmaydi. Ilm o'rganish ta'lim olish bilan egallanadi».

Muftiy hazrat umrini ilm olishga va ma'rifat tarqatishga bag'ishlagan olim edi, desak yanglishmaymiz. U kishi ta'lif etgan “Tafsiri irfon”, “Rasulullohning muborak vasiyatlari”, “Rasululloh mo''jizalari”, “Imom Buxoriy barakoti”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “IX–XI asrlarda Samarqanda kalom ilmining rivojlanishi”, “Sunnat va hadis” kabi ko'plab kitoblari muqaddas dinimizning sof aqidasini, asl mazmun-mohiyatini yurtimiz mo'min-musulmonlariga etkazishda asrlar osha muhim manbalar bo'lib xizmat qiladi, inshoalloh.

Hadisi sharifda: “Qaysi bir musulmonning sochi Islomda oqarsa, unga har bir oq tola barobarida savob yoziladi va bir xatosini o'chiriladi”(Imom Abu Dovud rivoyati), deyilgan.

Muftiy hazratlari koronavirus pandemiyasi tufayli vaziyat qaltis bo'lib turganiga qaramasdan, atrofiga ulamolarni yig'ib, xalqimizga, mo'min-musulmonlarga Islomning sof ta'limotni etkazish, yurtimizning chekka hududlarida yashayotgan aholi bilan muloqot qilib, ularning dardu tashvishlarini tinglash, imkon qadar ularga yordamlashish maqsadida safarlar uyushtirdilar.

Vodiy viloyatlariga safarlari davomida mahallama-mahalla yurib, xonadonlarga kirib, ehtiyojmand, boquvchisini yo'qotgan oilalarga “Vaqf” fondining sovg'alarini ulashdilar. Ana shu xayrli amallar tufayli qanchadan-qancha oilalrga quvonch kirgan bo'lsa, bugun og'ir judolikni eshitib ana shu oilalar, butun O'zbekiston xalqi katta ulamosidan ayrilgani tufayli qattiq qayg'uga cho'mdi.

Na chora, jonning egasi Alloh taolo. U Zot xohlagan paytda omonatini qaytarib olishiga shubha yo'q. Bizga taskin beradigan jihati shuki, Usmonxon Alimov hazratlaridan xalqimiz uchun juda kata sadaqai joriy qoldi.

Muftiy hazratlari juda ko'pchilik mo'min-musulmonlarning,  olimlarning janozalarini o'qiganlarida bir so'zni ko'p takrorlar edilar: “Al-baqou lillahi vahdah”, ya'ni boqiylik, mangulik yolg'iz Alloh taologa xosdir.

Alloh taolo marhum ustozimizning bu dunyoda qilgan barcha xayrli ishlariga ajru savoblarni ko'paytirib bersin. Oxiratlarini obod qilib, u kishini nabiylar, siddiqlar, shahidlar bilan jannatlarda birga qilsin. O'zi va'da qilgan mukofotlar bilan siylasin!

Innã lillahi va innã ilayhi rojiu'n!

 

Nuriddin domla HOLIQNAZAROV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   973   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari