Bugun bizga qayg'uli bir xabar kelib tushdi – O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, O'zbekiston Respublikasi Oliy muftiysi Shayx Usmonxon Alimov vafot etdilar.
Moskva musulmonlari diniy boshqarmasi va o'z nomimdan Shayx Usmonxon Alimovning oilalari va yaqinlariga hamda butun O'zbekiston ummatiga chuqur hamdardlik bildiraman. O'tganlarni so'zlar bilan orqaga qaytarib bo'lmaydi. Lekin biz, musulmonlar, “Biz, albatta, Allohnikimiz va Ungagina qaytamiz”, degan aqiydadamiz (Baqara surasi, 156-oyat).
Albatta, bu juda og'ir yo'qotish, O'zbekiston xalqi Shayx Usmonxon Alimov erishgan yutuqlarni doimo yodda saqlaydi. Usmonxon Alimov Islomning asl qadriyatlarini qayta tiklash va asrab-avaylashga katta hissa qo'shdi. Yillar davomida u nafaqat xalqiga, balki butun musulmonlar manfaati uchun chin dildan xizmat qilib, muhim loyihalarni qo'llab-quvvatlash va amalga oshirga ulkan hissa qo'shdi.
Qodir Allohdan hurmatli shayx Usmonxon Alimovning ruhini qabul qilib, o'z rahmatini ato etishini so'raymiz. Alloh taolo marhumning bilib-bilmay gunohlarni kechirsin, yaxshiliklarini qabul qilsin va eng yaxshi mukofotlar ila mukofotlasin, jannati na'imda eng yuqori darajalarni ato etsin.
Moskva muftiysi Ildar Alyautdinov
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan bir janoza olib o‘tildi, shunda u zot alayhissalom: "Tin oluvchi va undan tin olinuvchi", dedilar.
"Yo Allohning Rasuli, tin oluvchi va undan tin olinuvchi nima?" deyishdi.
U zot alayhissalom: "Mo‘min banda (vafot etsa) dunyoning qiyinchiliklaridan istirohat oladi. Fojir banda (o‘lsa) undan bandalar, elu yurtlar, dov-daraxtlar va jonzotlar qutuladilar", dedilar» (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Birortangiz vafot etganida unga o‘rni ertayu kech ko‘rsatib turiladi: agar jannat ahlidan bo‘lsa, jannat ahlidan ekani, do‘zax ahlidan bo‘lsa, do‘zax ahlidan ekani. "Alloh seni qiyomat kuni qayta tiriltirgunicha sening o‘rning mana shudir", deyiladi", dedilar» (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilishgan).