Bizga ota-onadek buyuk ne'matni ato etgan Alloh haq subhanahu va taologa bitmas tuganmas hamdu sanolarimiz, ota-onaga xizmat qilish va ularning duolari sababli jannatiy bo'lish bashoratini bergan ikki olam sarvari, buyuk xulqlarni kamoliga etkazgan zot Payg'ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga durud va salovotlarimiz bo'lsin.
Bizni dunyoga kelishimizga sababchi bo'lgan, avaylab-asrab turli xavf-xatarlardan omonda saqlab o'stirgan, nimaniki xohlasak biz uchun muhayyo qilgan, bizlarga odob-axloqni va kasb-hunarni o'rgatgan, din va dunyo ilmlarini ta'lim bergan, hayotga yo'llagan, uylab-joylagan, odamlar qatoriga qo'shgan, umrlari nihoyasigacha ardoqlab o'tgan ota-onalarimizni hurmatlash, ularga yaxshilik qilish, mehribonlik ko'rsatish har bir farzandning eng sharafli burchi sanaladi.
Bu burch Alloh taolo tomonidan barcha insonlarga buyurilgan go'zal insoniy fazilat, haqiqiy inson tabiatida xos bo'lgan boshqa jonzotlarga namuna bo'ladigan amaldir. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Robbingiz Uning O'zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishingizni amr etdi. (Ey inson), agar ulardan biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga etishsa, ularga “uf!” dema va ularni jerkima! Ularga doimo yoqimli so'z ayt! Ularga mehribonlik bilan xorlik qanotini past tut va (duoda) ayt: “Ey Robbim, meni go'daklik chog'imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qil!”(Isro surasi, 23-24-oyatlar).
Alloh taolo bandalariga qat'iy qilib faqat o'zigagina ibodat qilmoqlikka va ota-onaga yaxshilik qilishni buyurdi. Ularga yaxshilik qilishni ibodat darajasiga ko'tardi, hatto ota-onaga yaxshilik qilish ba'zi ibodatlardan ham afzalroqdir.
Ota-onaning hurmatini joyiga qo'yib, mudom ularning holidan xabar olib xizmatida bo'lish, ular yoqtirmagan narsalardan yiroq bo'lish, ular vafotidan keyin do'stlari holidan xabar olib turish ham ularga nisbatan yaxshilik qilish hisoblanadi. Alloh taolo bandalarini ota-onasiga hatto “Uf” degan so'zni aytmaslikka buyuradi. “Uf” kalimasi biror narsadan bezor bo'lganda aytiladigan so'z bo'lib, aslida inson o'ziga etgan chang-g'ubor va shunga o'xshash yoqimsiz narsalarni o'zidan daf qilish uchun aytiladigan so'zdir. Shuningdek oyatda ota-onaga baqirmaslikka buyurilgan bo'lib, ular huzurida boshqaga baqirish ham ota-onaga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi. Jumladan, ularga dunyodagi eng yaxshi — chiroyli so'zlarni topib so'zlashga hamda ular xizmati uchun o'zni xoru-hokisor tutishga buyuriladiki, bu ota-onaning farzandi oldida nechog'lik ulug' martabada ekanligini anglatadi.Demak, ota-onaning hurmatini joyiga qo'yish, ular oldida hamisha o'zini hoksor tutish,ularga yoqimli gaplarni so'zlash, ularning haqqiga duolar qilib turish farzandning eng muhim burch va vazifalaridandir.
Ka'bul Axbordan rivoyat qilinadi: «Luqmon o'g'liga shunday dedi: «Ey o'g'lim, kim ota-onasini rozi qilsa, Rahmonni rozi qilgan bo'ladi. Kim ota-onasini norozi qilsa, Rahmonni norozi qilgan bo'ladi. Ey bolam, albatta, ota-ona jannat eshiklaridan biridir. Agar rozi bo'lsalar, Jabbor sari borasan. Agar achchiqlari chiqsa, mahrum bo'lasan». Luqmoni hakim va uning o'g'liga qilgan nasihatlari Qur'oni Karimda ham zikr qilingan. Bu rivoyatdan Luqmoni hakimning o'g'liga qilgan nasihatlari hadislarda ham bayon qilinganini bilib olamiz. «Ey o'g'lim, kim ota-onasini rozi qilsa, Rahmonni rozi qilgan bo'ladi». Halqimizda Ota rozi – Hudo rozi, ona rozi – Hudo rozi, degan gaplar mana shu hadislardan olinib, maqolga aylantirilgan. Shuning uchun albatta, farzandlar ota-onalarining roziligi uchun harakat qilishlari, bu masalada nihoyatda ehtiyot bo'lishlari lozim.«Kim ota-onasini norozi qilsa, Rahmonni norozi qilgan bo'ladi». Ota-onaning roziligini topish uchun harakat qilish bilan bir qatorda ularning noroziligiga uchrashdan ham saqlanish lozim bo'ladi. Chunki ota-onaning noroziligi Allohning noroziligiga sabab bo'ladi.Ushbu ikki ishning o'zi farzandning jannatga kirishiga sabab bo'lishi turgan gap. Ammo, shu bilan birga, yana ham ta'kidlash uchun quyidagi jumla ham keltirilmoqda: «Ey bolam, albatta, ota-ona jannat eshiklaridan biridir. Agar rozi bo'lsalar, Jabbor sari borasan. Agar achchiqlari chiqsa, mahrum bo'lasan».bu rivoyatda ota onalar aynan «jannat eshigi» deb atalmoqda. Bu ibora yana ham ta'sirchan chiqqan.Bas, har bir farzand ota-onasining roziligini topib, ular orqali jannatga kirish payidan bo'lsin.
Amrata binti Abdurahmondan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Tushimda o'zimni jannatda ko'ribman. Bir qorini eshitdim va: «Bu kim?» deb so'radim. «Horisa ibn Nu'mon. Yaxshilik shunaqa bo'ladi. Yaxshilik shunaqa bo'ladi», deyishdi. U odamlarning onasiga eng ko'p yaxshilik qiladigani edi», dedilar».
Horisa ibn Nu'mon roziyallohu anhu onasining roziligini olgan, xizmatini qilgan farzandlardan ekan. Ana shu sababli u kishining jannatga tushish bashorati Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tushlarida ko'rsatilgan ekan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam tushlarida jannatda yurib, Horisa ibn Nu'mon roziyallohu anhuning u erda qiroat qilayotganlarini eshitib, so'rab, u kishining kimliklarini bilgan ekanlar.Boshqa rivoyatlarda zikr qilinishicha, Horisa ibn Nu'mon roziyallohu anhu onasiga o'z qo'li bilan taom berar ekan. Biror gaplarini anglamay qolsa ham, «Nima dedingiz?» deb so'ramas, tashqariga chiqqanda, boshqalardan «Onam nima dedilar?» deya so'rar ekanlar. Bu ishni qilish uchun sabr bilan birga cheksiz ixlos ham kerak bo'ladi. Shuningdek, katta odamga doimiy ravishda qo'li bilan taom egizib borish ham mislsiz chidam bilan birga benazir muhabbat va ehtiromni ham taqozo qiladi. Ona gapirganida biror so'zni anglamay qolgan farzand onasining o'ziga indamay, tashqariga chiqib, «Hozir onam nima dedilar?» deb so'rashi onaga bo'lgan ehtiromning oliy namunasi, desak mubolag'a bo'lmaydi. Albatta, zikr qilingan nozik ishlarni qoyilmaqom qilib o'rinlatgan odam ulardan boshqalarini go'zal tarzda joyiga qo'ygan bo'ladi. Shuning uchun ham Nabiy sollallohu alayhi vasallam Horisa ibn Nu'mon roziyallohu anhuga jannat bashoratini berganlar. Horisa ibn Nu'mon roziyallohu anhuning onalariga ko'rsatgan xizmatlari har bir mo'min-musulmon farzandga yaxshi o'rnak, go'zal namuna bo'lishi lozim.
Alisher JUMAYeV,
Shahrisabz tuman bosh imom-xatibi.
Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.
IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.
Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.
Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.
Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.
Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.
Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.
Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati