Bugun, 11 avgust kuni Toshkent islom instituti Modul' ta'lim tizimi uchun test sinovlari bo'lib o'tdi.
Dastlab, abituriyentlar karantin chora-tadbirlariga muvofiq, institut hovlisidagi ochiq havodagi imtihon o'tkaziladigan joydagi partalarga joylashtirildi. Uni intitut rektori U.G'afurov kirish so'zi bilan ochib berdi.
So'ng institut xodimi Kozimxon qori Asrorovning Qur'on tilovati va ustozlarning xayrli duolar qilishdi.
Kirish imtihoni avvalida Din ishlari bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari M.Komilov va O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari I.Inomov bo'lajak tolibi ilmlarga muvaffaqiyat tiladi.
Shundan so'ng O'zbekiston musulmonlari idorasi Ta'lim va ilmiy-tadqiqot bo'limi boshlig'i Salohiddin Sherxonov, Diniy-ma'rifiy ta'lim muassasalari bilan ishlash bo'limi boshlig'i Bobomurod Rustamovlar, qabul hay'ati a'zolari, abituriyentlar va ota-onalar guvohligida imtihon biletlari solingan va muhrlangan maxsus qoplar ochildi.
Keyin test savollar kitobidan foydalanish va javoblar varaqasini to'g'ri bo'yash bo'yicha tushuncha berildi. Test materiallari abituriyentlarga tarqatilgach, ularni echish uchun 2 soat vaqt ajratildi.
Eslatib o'tamiz, Modul' ta'limida kamida 5 yil mobaynida masjidlarda ishlab kelayotgan o'rta maxsus diniy ma'lumotli imom-xatiblar o'qishi mumkin. “Imom-xatib” talabalar Modul' tizimida to'lov-kontrakt asosida masjiddagi ish faoliyatidan bo'shamagan holda, 3 yil tahsil oladi.
Ma'lumot uchun, 2021-2022 o'quv yili uchun Toshkent islom instituti Modul' ta'lim tizimiga modul.muslim.uz sayti orqali 192 nafar abituriyent ariza topshirgan edi.
Test sinovi jarayoni onlayn uzatildi. Quyida ushbu videoni tomosha qilishingiz mumkin:
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi