Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyul, 2025   |   20 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:22
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:32
Bismillah
15 Iyul, 2025, 20 Muharram, 1447

Qanday qilib Allohning tavfiqiga loyiq bo'la olamiz? (1 qism)

24.11.2023   2218   5 min.
Qanday qilib Allohning tavfiqiga loyiq bo'la olamiz? (1 qism)

Alloh taoloning bandasiga tavfiq berganining alomatlari:

- Alloh uni odamlarga panogoh qilib qo'yadi.

- Odamlarning g'amini aritadigan qilib qo'yadi.

Qarzdorlarning qarzini to'lab beradigan, qayg'uga cho'mganlarga yordam beradigan, mazlumlarning qo'lidan tutadigan, adashganlarni qutqaradigan, maslahatga muhtojlarga maslahat beradigan, osiylarni to'g'ri yo'lga boshlaydigan qilib qo'yadi. Shularning bari bizda mujassam bo'lsa naqadar yaxshi!

Ayrim odamlar Allohning bandaga tavfiq berishi unga dunyo eshiklari keng qilib ochib qo'yilishida namoyon bo'ladi, deb o'ylashadi. Din va oxirat ishiga qanchalik darajada e'tibor berish-bermasligining bunga daxli yo'q, deb bilishadi. Aslida esa buning haqiqatini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha ochib berganlar: “Alloh orangizda rizqni taqsimot qilganidek, axloqni ham taqsimot qilib qo'ygan! Alloh mol-davlatni O'zi yaxshi ko'rganiga ham, yaxshi ko'rmaganiga ham beradi. Lekin iymonni faqat yaxshi ko'rganlarigagina beradi. Alloh qaysiki bandani yaxshi ko'rsa, unga iymonni tuhfa etadi”.

Ibnul Qoyyim rohimahulloh aytadi: “Tavfiq” bu Alloh seni o'z holingga tashlab qo'ymasligidir. “Hizlon” esa o'z holingga tashlab qo'yishidir”.

Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'z holiga tashlab qo'ymaslikni duo qilib so'rashga o'rgatganlar: “Musibat etgan kishi quyidagicha duo qilsin: Yo Alloh, rahmatingdan umidvorman, meni ko'z ochib yumguncha ham o'z holimga tashlab qo'yma, hamma ishimni O'zing isloh et, Sendan o'zga iloh yo'q!”    

Allohning tavfiqiga erishishni istasangiz, Allohga itoat eting, buyruqlariga amal qiling. Alloh subhonahu va taolo Qur'onda aytadiki: "Kim Allohga va Uning Rasuliga itoat qilsa, batahqiq, buyuk zafarga erishibdir"(Ahzob surasi, 71-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Alloh bandaga yaxshilikni ravo ko'rsa unga amal qildiradi". Sahobalar: "Qanaqa amal qildiradi?" deb so'rashdi. U zot: "Unga o'limi oldidan solih amal berib qo'yadi (va shu amali ustida jonini oladi. Atrofidagi odamlar buni ko'rib) undan rozi bo'ladilar (Allohning huzurida unga guvohlik beradilar)".

Har ishingizda sabablarni amalga oshirish bilan bir qatorda Allohga tavakkal qiling. "Mening muvaffaqiyatim faqat Allohga bog'liq. Ungagina tavakkal qildim. Ungagina qaytaman"(Hud surasi, 88-oyat).

Alloh bandaga tavfiq bersa uni tanlab oladi va unga yaxshilik eshiklarini muyassar etadi.

Niyatingizni Alloh uchun xolis qiling, Odamlar sizni maqtashiga, ularni lol qoldirishga intilmang. Riyo, ujub va boshqa buzuq amallardan ehtiyot bo'ling.

Allohning dinini o'rganing va chuqur tushunishga intiling, zero Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh kimga yaxshilikni ravo ko'rsa, dinni yaxshi tushunadigan (faqih) qilib qo'yadi", deganlar.

Yaxshilikni yoyishda, Allohga da'vat etishda, odamlarni isloh etish yo'lida sa'y-harakat qiling. Chunki Alloh taolo bir oyatda: "Allohga da'vat qilgan, solih amallarni qilgan va "Albatta men musulmonlardanman!" degan kishidan ham go'zal so'zli kim bor?!"(Fussilat surasi, 33-oyat) deya marhamat qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarida: "Kim yaxshilikka dalolat qilsa, unga bajaruvchisining ajrichalik ajr bo'ladi", deganlar.

Dunyoni butunlay unutib qo'ymagan holda, asosiy g'am-tashvishingizni oxiratingizga qarating. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Kimning g'ami oxirat bo'lsa, Alloh uning qalbiga to'qlikni (boylikni) solib qo'yadi, ko'nglini xotirjam qilib qo'yadi, unga dunyo xohlamagan holda keladi".

Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan

G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Ayol kishi eriga iqtido qilib namoz o‘qisa bo‘ladimi?

14.07.2025   1315   1 min.
Ayol kishi eriga iqtido qilib namoz o‘qisa bo‘ladimi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Ayol kishi uyida eriga iqtido qilib namoz o‘qisa bo‘ladimi? Agar joiz bo‘lsa, ayol qayerda turadi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, ayollar uyda erlari yoki boshqa erkak mahramlariga iqtido qilgan holda jamoat bo‘lib namoz o‘qishlari joiz bo‘ladi. Bu borada alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh bunday zikr qiladilar:

“Agar imom bilan bir ayol namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, uning orqasida turadi. Chunki ayolni erkak bilan bir safda yonma-yon turishi erkakning namozini buzadi. Agar imomdan tashqari bir erkak va bir ayol bo‘lsa, erkak imomning o‘ng tomoniga va ayol esa, orqasida turadi. Agar imomdan tashqari ikki erkak va bitta ayol bo‘lsa, ikki erkak imomning orqasida va bitta ayol ularning orqasida turadi. Agar erkaklar va ayollar hamda yosh o‘g‘il va qiz bolalar jamoat bo‘lib namoz o‘qimoqchi bo‘lsalar, u holda imomning orqasida dastlab balog‘atga yetgan erkaklar turadi. So‘ng balog‘atga yetmagan yosh o‘g‘il bolalar, so‘ng balog‘atga yetgan ayollar, so‘ng yosh qizlar turadilar” (“Badoyeus-sanoye’” kitobi). Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi