Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa beadad hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo'lsin
Mo'minlar uchun har kuni 5 mahal duolari ijobat bo'ladigan vaqt bor. Unda qilingan duolar Alloh taoloning nazdida qabuldir. Bu vaqt – muazzin azon aytgan lahzalardir. Bu haqda Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: "Azon va iqomat orasidagi duo rad qilinmaydi", dedilar. Shunda sahobalar: "Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nima deb duo qilaylik?" deb so'rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh taolodan dunyo va oxirat ofiyatini so'rang", dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Sahobalardan biri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: "Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muazzinlar bizdan ko'ra ko'proq fazilatga ega-mi?" dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qachonki azon eshitsang, muazzin aytayotgan narsani ayt. Azon tugagach esa Allohga duo qil. So'ragan narsang beriladi", dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Sa'd ibn Abu Vaqqos ibn Uhayb Zuhriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim muazzin aytgan narsani aytsa hamda “hayya ala” (hayya alas solat va hayya alal falah) larda “Laa havla va laa quvvata” desa jannatga kiradi», dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qachonki muazzinning ovozini eshitsangiz, uning aytganlarini qaytaring, so'ngra menga salavot ayting. Zero, kim menga bir salavot aytsa, Alloh unga o'n marta salavot yo'llaydi", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim azonni eshitgandan keyin “Allohumma, Robba hazihid da'vatit tammati vas solatil qoimati ati Muhammadanil vasilata val faziylata vab'ashu maqomam Mahmudan allaziy va'adtah”desa, qiyomat kuni unga shafoatim halol bo'ladi», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sa'd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kim muazzinni eshitganda: “Ashhadu alla ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va Rasuluhu. Roziytu billahi Robban va bi Muhammadir Rasulan va bil Islami diynan”(Allohdan o'zga iloh yo'qligiga guvohlik beraman. Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning Rasulidir. Allohni Robb deb, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni payg'ambar deb, Islomni din deb rozi bo'ldim”) desa, gunohlari mag'firat qilinadi", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo O'ziga ixlos ila duo qilishimizga tavfiq ato etsin. Duolarimizni qabul qilsin.
Davron NURMUHAMMAD
Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.
IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.
Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.
Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."
Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.
Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:
Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati