Habaringiz bor, ikki oydan beri ulamolarimiz keng xalq ommasi bilan uchrashib, chekka hududlardagi aholi bilan muloqotlar, jome masjidlarda mav'izalar va ehtiyojmand oilalarga yordamlar ko'rsatib kelmoqdalar.
Allohga shukrki, Qur'oni karimga muxlis xalqimizning istaklarini inobatga olgan holda yurtimizda Allohning kalomini o'rganish va o'rgatish borasida juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, ona-Vatanimizda Mushafi Sharif chop etilishi, qorilar musobaqalari o'tkazilishi va Qur'on kurslari kengayishini alohida qayd etish mumkin.
Mana shunday quvonchli voqealar davom etib, diyorimizdagi malakali qori ustozlarga Qiroat ilmi bo'yicha Ijoza taqdim etish kabi xayrli ana'na joriy etildi. Qiroat ilmi ustozi, 10 ta qiroat sohibi Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o'g'li mana shunday xayrli ishni boshlab berdilar.
Aytish kerakki, Shayx Alijon qori Qur'oni karim va tajvid ilmi matnlari bo'yicha eng mo''tabar ustozlarning ijozalarini olgan. Shuningdek, u dunyodagi mashhur qiroat allomalariga Qur'oni karimni tabarrukona o'qib bergan. Shayx Alijon qori dunyoning ko'plab qiroat ilmi ulamolari tomonidan e'tirof etilgan zabardast qorilardan biri. U Qur'on ta'limida minglab shogirdlarning ustozi sanaladi.
Mazkur safarlar davomida Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o'g'li tomonlaridin Surxondaryo viloyatidagi Imom Termiziy o'rta maxsus diniy ta'lim muassasasining “Qur'oni karim va tajvid” kursi o'qituvchisi Muzaffar qori Ahmedov, Qashqadaryo viloyatidagi “Hoja Buxoriy” o'rta maxsus diniy ta'lim muassasasi o'qituvchilari Saidmuhammad qori Muhibullayev, Akbarxon qori Asqarov va Qarshi shahar “Ko'k gumbaz” jome masjidi xodimlari Yahyoxon qori Ahmedov va Abusaidxon qori Valiyevga Qur'oni karimning tegishli sura va oyatlari bo'yicha Ijoza shahodatnomalari taqdim etildi.
Ma'lumot o'rnida, Ijoza – ijoza beruvchi shayx (muqriy)dan ijoza oluvchi tolib (qoriy)ga o'qish va o'qitish uchun beriladigan shahodatdir. Ijoza – avloddan avlodga Qur'oni karimni ovoz ila naql qilishlik amaliyotidir. Unga ko'ra, ijoza beruvchini «Albatta, ijoza oluvchining tilovati bir rivoyat yoki rivoyatlarga ko'ra yuz foiz to'g'ri bo'ldi», deb guvohlik berishi hamda unga Qur'oni karimni o'qish va o'zidan boshqasiga o'qitish uchun izn (ruxsat) berishidir.
Alloh taolo qorilarimizning ilmlarini yanada ziyoda qilsin, olgan ijozalarini muborak aylasin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Yaqinlashib kelayotgan muborak Qurbon hayiti ayyomiga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Surxondaryo viloyatidagi barcha qabriston va ziyoratgohlarda umumxalq xayriya hasharlari yuqori uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.
Mazkur savobli tadbirlarda diniy soha vakillari ham alohida faollik ko‘rsatib, o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shmoqdalar.
Joriy yilning 23 may kuni viloyat hokimining o‘rinbosari hamda viloyat bosh imom-xatibi Rasuljon domla Abdullayev Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Ma’rifat” mahallasida joylashgan “Mullo Hazrat” qabristoniga tashrif buyurdilar.
Mutasaddilar u yerda olib borilayotgan tozalash va ko‘klamzorlashtirish ishlari jarayoni bilan yaqindan tanishib, hududni yanada tartibga keltirish hamda ziyoratchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalarni berdilar.
Bu kabi xayrli hashar tadbirlari ayni paytda viloyatning barcha shahar va tumanlarida qizg‘in davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati