Insonga berilgan eng bebaho ne'matlardan biri – o'z Vatanida yashashdir. Chunki Vatan uning kindik qoni to'kilgan, go'daklik chog'i o'tgan, ilk qadamlarini qo'ygan, yoshlik, keksalik davrlarini suradigan, xotiralari muhrlangan, ota-bobolarining yurti, farzandu nabiralari ulg'aygan zamindir! Alloh taolo har bir insonga vatanni sevish va unga muhabbat qo'yish tabiatini ato etgan.
Islomda vatanga muhabbat bu – tug'ilib o'sgan yurtiga nisbatan e'zozdan iboratdir! Demak, musulmon kishi vatanini sevadi! Uning iqboli uchun harakat qiladi, uni himoya qiladi, xursand bo'lsa – xursand, xafalik etsa – qayg'uradi. Inson “Vatan menga nima berdi?” deb emas, balki “men Vatanimga nima qildim?” degan tuyg'u bilan yashamog'i lozim.
Toshkent shahridagi “Ubay ibn Ka'b” masjidi imom-xatibi, ustoz Abdulhakim domla Matqulov “Saroy” jome masjidiga tashrifi chog'ida ayni shu mavzuda go'zal ma'ruza qilib berdildar. Suhbat yakunida yurtimiz tinchligi, insoniyat boshiga tushib baloning tezda ko'tarilishini so'rab duoi xayrlar qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bir o‘smir “ulg‘ayib, boy bo‘lsam hammaga yordam beraman” deb yurar edi. U boylik bo‘lsagina odamlarga yordam berish mumkin, degan fikrda ekan, bir kuni Payg‘ambar alayhissalomning bir xurmoni yarmini sadaqa qilib bo‘lsa ham do‘zaxdan saqlanish lozimligi haqidagi hadisini eshitib qoldi. Bir kichik xurmoning yarmi qancha bo‘lardi, deb tasavvur qilolmadi.
Ertasiga ko‘chaga chiqish oldidan bir xurmoni cho‘ntagiga solib oldi. Yo‘l bo‘yda tilanib turgan otaxonning yonidan o‘tarkan, cho‘ntagiga qo‘lini tiqib, beixtiyor kechagi hadisni esladi. Xurmoni olib, yarmini otaxonga uzatdi. Shunda otaxonning ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi. O‘smir yigit o‘yladiki, “hatto ko‘p pul berilsa ham bu qadar xursand bo‘lmasdi”, deb o‘yladi. Qilgan ishidan o‘ziyam shodlandi. Angladiki, otaxon o‘ziga berilgan narsaning qiymatidan emas, o‘ziga berilgan e’tibor va baham ko‘rishdan nihoyatda shodlangandi.
Yigitcha bu ishidan keyin yuqoridagi hadisning hikmatini tushunib ketdi. Endi u bir ko‘ngilni obod qilish uchun boy bo‘lishni kutib yurmaslik kerakligini bildi. Zero, ko‘ngil Xudoning nazargohidir. Uni quvontirgan kishini Alloh quvontirishi shubhasizdir.
Akbarshoh Rasulov