2025 yili Checheniston poytaxti Grozniyda Muso payg'ambar nomidagi ilmiy-ma'rifiy islom markazini ochish rejalashtirilgan. Bu haqda Checheniston madaniyat vaziri o'rinbosari Mamed Madayev “IslamNews”ga ma'lum qildi.
“Grozniy shahrida ko'plab islomiy majmualar, masjidlar, hofizlik maktablari qurilgan va hozirda ham qurilmoqda. 2025 yilda Rossiyadagi eng yirik ilmiy-ma'rifiy islom markazi ochiladi”, dedi u Grozniyning madaniyat poytaxti taqdimoti chog'ida.
Mazkur islom markazi hududida Rossiyaning eng yirik ilmiy-ma'rifiy majmuasi va masjidi quriladi. Shuningdek, uning tarkibida kutubxona va sinfxonalar, qadimiy qo'lyozmalarini tiklash uchun tadqiqot bo'limlari tashkil etiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Ekologiya haqida gapirganda, atrof-muhitni Alloh taolo tomonidan bizga berilgan omonat ekanini tushunishimiz kerak.
Inson tabiatning egasi emas, balki uning himoyachisidir. Qur’oni karimda yer yuzidagi muvozanatni buzmaslik haqida shunday deyiladi:
«Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo‘yganidan keyin unda buzg‘unchilik qilmangiz!» (A’rof surasi, 56-oyat).
Tabiatni chiqindilar bilan ifloslantirish, suvni behuda isrof qilish va daraxtlarni sababsiz kesish buzg‘unchilikning bir ko‘rinishidir.
Ekologik madaniyatning eng go‘zal namunasi Payg‘ambarimiz alayhissalomning ushbu hadislarida namoyon bo‘ladi:
«Agar qiyomat qoyim bo‘lib qolsa-yu, birontangizning qo‘lida ko‘chat bo‘lsa, uni ekishga ulgursa, ekib qo‘ysin» (Imom Ahmad rivoyati).
Bu hadis bizga har qanday vaziyatda ham tabiatga hayot bag‘ishlash, ko‘kalamzorlashtirish naqadar savobli ish ekanini o‘rgatadi.
Suv – hayot manbai. Hatto daryo bo‘yida tahorat olganda ham suvni isrof qilmaslikka buyurilganmiz. Bugungi yoshlar suv va energiya resurslarini tejash orqali nafaqat tabiatni asraydilar, balki dinimizning muhim talabi bo‘lgan isrof qilmaslik tamoyiliga amal qiladilar.
Ekologik madaniyat iymonning bir bo‘lagidir. Tozalik va tartib bor joyda baraka bo‘ladi. Shunday ekan omonatni munosib saqlaylik!
Toshkent islom instituti
katta o‘qituvchisi Po‘latxon Kattayev