2025 yili Checheniston poytaxti Grozniyda Muso payg'ambar nomidagi ilmiy-ma'rifiy islom markazini ochish rejalashtirilgan. Bu haqda Checheniston madaniyat vaziri o'rinbosari Mamed Madayev “IslamNews”ga ma'lum qildi.
“Grozniy shahrida ko'plab islomiy majmualar, masjidlar, hofizlik maktablari qurilgan va hozirda ham qurilmoqda. 2025 yilda Rossiyadagi eng yirik ilmiy-ma'rifiy islom markazi ochiladi”, dedi u Grozniyning madaniyat poytaxti taqdimoti chog'ida.
Mazkur islom markazi hududida Rossiyaning eng yirik ilmiy-ma'rifiy majmuasi va masjidi quriladi. Shuningdek, uning tarkibida kutubxona va sinfxonalar, qadimiy qo'lyozmalarini tiklash uchun tadqiqot bo'limlari tashkil etiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#xabar #namangan #talaba
Shu yil 11 aprel kuni Namangan viloyatida imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligidagi ishchi guruh To‘raqo‘rg‘on tumani misolida masjidlar boshqaruvi va ma’naviy-ma’rifiy ishlar holatini o‘rgandi. Shuningdek, diniy soha xodimlari oldiga qo‘yilgan muhim vazifalar va yangicha ishlash tizimi taqdimot qilindi.
Amaliy ko‘mak va ma’naviy targ‘ibot ishchi guruh a’zolari 20 ta mahalladagi 100 ta xonadonga tashrif buyurib, aholi bilan yaqindan suhbatlashdilar.
Ushbu tashriflar davomida "Vaqf" fondi tomonidan 100 ta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari va xurmolar ulashildi, nizoli vaziyatlar o‘rganilib, 9 ta oila yarashtirildi, kam ta’minlangan, bemor va yetimli xonadonlarga moddiy hamda ma’naviy ko‘mak berildi, mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari holidan xabar olindi.
Shuningdek, hududda obodonlashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilib, «Yashil makon» loyihasi doirasida 100 ga yaqin ko‘chat o‘tqazildi.
Seminarning bir qismi masjidlarda "Yashil energiya" manbalarini joriy etish va moliyaviy shaffoflikni ta’minlashga bag‘ishlandi. Unda ishtirokchilarga energiya tejamkorligi bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Alohida qayd etish joizki, imom-xatiblar faoliyatini baholashda yangi KPI tizimi taqdimot qilindi. Bu imomlarning mehnatini munosib baholash va faoliyat samaradorligini doimiy nazorat qilish imkonini beradi.
Safar asnosida "Hidoya" islom ta’lim muassasasining 8 nafar talabasiga 36 mln so‘mlik shartnoma pullari to‘lab berildi. Shuningdek, viloyatdagi 48-sonli maxsus maktab-internat tarbiyalanuvchilariga kitob va sovg‘alar ulashildi.
Tashrif davomida Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov va mas’ul vakillari bitiruvchi kurs talabalari bilan uchrashib, ularni ishga taqsimot qilish va sohadagi ilk faoliyatlarini boshlash bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatdi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Oliy hay’at kengashida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati