Alloh taolo o'z bandalariga mehribon va rahmli Zotki, kichik amallarga ham ulkan ajr-mukofot beradi. Ikki marta "Alhamdulillah" deyishi tufayli bandasidan rozi bo'ladigan Zot naqadar saxovatlidir!
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Banda ovqat eb, ortidan hamd aytsa yoki ichimlik ichib, hamd aytsa, Alloh (u) bandasidan rozi bo'ladi", dedilar» (Imom Muslim rivoyati).
Allohning roziligi esa ulkan mukofotdir. Qur'oni karimda: «...Allohning roziligi esa, hamma narsadan ulug'roqdir. Mana shu Buyuk saodatdir» (Tavba surasi, 72-oyat), deyilgan.
"Sanoqli daqiqalarda tog'day savoblar" kitobidan.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
O‘lim bir eshik. Barcha insonlar undan o‘tadi. Eh koshki, bu eshikka kirgandan keyin mening uyim qanaqaligi ma’lum bo‘lsa?!
Birodar! Qarang, qabrdagilar bir-birlariga juda yaqin yotishibdi. Lekin ular sirtdan yaqin qo‘shni. Aslida esa, bir-birlarining yoniga ham bora olmaydilar.
Usmon roziyallohu anhu qachon qabr yonidan o‘tsalar, shu darajada yig‘lar edilarki, soqollari ko‘z yoshlaridan ho‘l bo‘lib ketardi.
U kishidan: "Siz nega jannat va do‘zaxni esga olganingizda yig‘lamaysiz. Lekin qabrni ko‘rib yig‘laysiz?" deb so‘rashdi. U kishi shunday dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qabr oxiratning ilk manzilidir", deganlar. Shunga ko‘ra, agar mayyit qabrdagi azobdan najot topsa, undan keyingi hayot oson bo‘ladi. Agar qabrdagi azobdan najot topa olmasa, u holda undan keyingi hayot qiyin bo‘ladi.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Men qabrdan ko‘ra daxshatliroq biror manzarani ko‘rmadim", deganlar.
Biz uchun bu qabrlarda ibrat yo‘qmi? Qarang, boy ham, faqir ham, zo‘ravon ham, kuchsiz ham, oq tanli ham, qora tanli ham, podshoh ham, fuqaro ham barcha barobar yotibdi. Ular dunyoga qaytishni xohlaydilar. Boylik jamlash yoki qasr qurish uchun emas, balki, koshki men bir namoz o‘qish uchun muhlat topsam, koshki bizga bir martagina "Subhanalloh" deyish uchun fursat berilsa, deb, shu amallarni qilish uchun dunyoga qaytishni xohlaydilar. Lekin endi iloji yo‘q. Nomai a’mol yopilib bo‘ldi. Ruh jismdan chiqqan. Hayot muhlati tugab bo‘lgan. Endi har bir mayyit o‘z amalining garovi o‘laroq qabrida yotibdi...
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan