Shu yil 3 avgust kuni yurtimizdagi bir guruh taniqli ulamolarning Qashqadaryo viloyatiga tashriflari boshlanadi.
Safar davomida ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar, olis va chekka hududlardagi aholi vakillari bilan yuzma-yuz muloqotlar, taniqli ulamolar ishitirokida jome masjidlarda suhbatlar o'tkazilishi va ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish kabi xayrli ishlarni amalga oshirish maqsad qilingan.
Shuningdek, viloyat ahlini yurtimizda bo'layotgan o'zgarishlar mazmun-mohiyati haqida xabardor qilish bilan bir qatorda, ularning dardu tashvishlariga ko'maklashish, fikr-mulohazalarini tinglash va diniy sohaga tegishli muammolarini joyida o'rganib, bartaraf etish ham ko'zda tutilgan.
Ushbu safarga quyidagi Ulamolarimiz tashriflari ko'zda tutilgan:
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon qori Ishmatbekov;
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining o'rinbosari Ibrohimjon domla Inomov;
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining maslahatchisi Salohiddin domla Sharipov;
O'zbekiston musulmonlari idorasi bo'lim boshlig'i Erdon domla Esonov;
Toshkent shahar “Oltintepa” masjidi imom noibi Islomiddin domla Zuxriddinov;
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi Rahmatulloh domla Sayfuddinov;
Toshkent shahar “Burhoniddin Marg'inoniy” masjidi imom-xatibi Abdulhamid domla Tursunov;
Toshkent shahri “Ubay ibn Ka'b” masjidi imom-xatibi Abdulhakim qori Matqulov;
Toshkent shahar “Islomota” masjidi imom-xatibi Yo'ldoshali domla Karimov;
Toshkent shahar “Omina” masjidi imom-xatibi Yusuf domla Muhiddinov;
Toshkent shahri “Rakat” masjidi imom-xatibi Robbimqul domla Muhammadiyev;
Toshkent shahar “Ahmad Yassaviy” masjidi imom-xatibi Murodulla domla Hunnazarov;
Toshkent shahar “Dorussalom” masjidi imom-xatibi Muhammadrahim domla Abduqodirov;
Toshkent shahar “Umar ibn Hattob” masjidi imom-xatibi Mansur domla Daminov;
Qolaversa, ushbu muloqot va tadbirlarda Prezident maslahatchisi Shoazim Minovarov, Din ishlari bo'yicha qo'mita raisining birinchi o'rinbosari Muzaffar Komilov va boshqa mutasaddilar ham ishtirok etishi reja qilingan.
Alloh taolo viloyatimizga ulamolarimiz safarini xayrli va manfaatli qilsin!
O'MI Qashqadaryo viloyat vakilligi matbuot xizmati.
•┈┈•┈┈•⊰✿???✿⊱•┈┈•┈┈•
Yaqinlaringizga ham ulashing!
https://t.me/joinchat/S8c2omyVIb1MadlE
https://t.me/joinchat/AAAAAFLbtImNQqKWruwBuA
O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.
Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.
Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.
O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.
Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.
Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.
– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.
– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.
Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.
– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati