Riyo — ish va harakatlarni ko'rsatmoq, bir yaxshilikni yoki amalni Allohning roziligi uchun emas balki, insonlarning maqtovi uchun qilishdir. Bu harakatlarni amalga oshirgan insonga riyokor deyiladi.
Riyo — insonlar orasida ruhiy ta'sir, shon-shuhrat, moddiy foyda uchun qilinadi. Dunyoga oid bu kabi moddiy va ma'naviy foydalarni qo'lga kiritish uchun, dinga bo'lgan hurmat va e'tiborni ishlatish, riyoning eng yomon shaklidir. Bunday harakatlar hiylakorlik va yolg'onchilikdir.
Riyokor — kishining so'z va harakatlaridagi samimiyatsizliklari, boshqa insonlar tomonidan qisqa vaqtda bilinadi. Bu insonlarga hech kim ishonmaydi. Riyoning hammasi axloqsizlik bo'lgani kabi, ibodatlarda riyokor bo'lish eng katta axloqsizlikdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta siz uchun eng qo'rqadigan narsam, kichik shirk, ya'ni riyodir» deganlar (Termiziy rivoyat qilgan).
Ibodat Alloh uchun qilinadi. Allohning roziligidan boshqa bir maqsad uchun ibodat qilish, Allohning roziligini o'rtadan olib tashlaydi. Ko'rsatish va foyda tushunchasi bilan Qur'on o'qish, namoz o'qish, ro'za tutish, zakot berish, hajga borish, sadaqa berish ibodatlarni xabata, ya'ni bekorga chiqaradi.
Alloh taolo bu haqda O'zining kalomida shunday marhamat qiladi:
«Ey iymon keltirganlar! Sadaqalaringizni minnat va ozor berish bilan, molini Allohga va oxirat kuniga iymon keltirmasa ham kishilarga riyo uchun nafaqa qilganga o'xshab bekorga ketkazmang. U misoli bir ustini tuproq bosgan silliq toshga o'xshaydi. Bas, kuchli yomg'ir yog'sa, silliq bo'lib qoladir. Kasb qilganlaridan hech narsaga qodir bo'lmaslar» (Baqara surasi, 264-oyat).
Shu holda, Allohning buyrug'ini va roziligini o'ylab emas, dindor ko'rinish uchun ibodat qilish, olim va bilimli deyishsin, deya ilm bilan mashg'ul bo'lish, sahiy deb nomlanish uchun zakot va sadaqa berish, riyodan iborat yomon harakatdan boshqa bir ma'no ifoda qilmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
«Shubhasiz riyo shirkdir» (Ibn Moja rivoyat qilgan).
Allohga va insonlarga qarshi o'zini samimiy tutib riyodan uzoq turish, iloji bo'lsa, ibodatlarni yashirin qilish, Allohning roziligini insonlarning maqtoviga, istagiga, qo'rquviga qarshi tanlash har bir musulmonning tamoyilidir.
Internet manbalari asosida tayyorlandi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Namozdan keyin uch marta istig‘for aytamiz. Shu istig‘forni nima uchun aytilishi menga tushunarsiz bo‘lyapti. Chunki istig‘forni gunoh ishlarga yo‘l qo‘yilgani uchun aytiladi, deb o‘ylardim. Nimaga bu o‘rinda savobli amal hisoblanadigan namoz o‘qishdan keyin aytilyapti?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin uch marta istig‘for aytish Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari hisoblanadi. Chunki hadisi shariflarda U zot alayhissalom namozdan keyin ana shunday qilganlari rivoyat qilingan:
“Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozdan forig‘ bo‘lgach, uch marta istig‘for aytar va (istig‘fordan keyin) “Allohumma antas-salam va minkas-salom, tabarokta yaa Zal Jalali val Ikrom”, der edilar”. (Imom Muslim rivoyati).
Shu va shu mazmundagi boshqa hadislarni sharhlagan muhaddis ulamolar habibimiz Rasululloh alayhissalomning istig‘for aytganliklari ehtimol u zot o‘ta kamtar va tavozeli bo‘lganlari uchun Alloh taologa qilayotgan ibodatlarida kamchilikka yo‘l qo‘ydim, ibodatni buyurilgandek ado eta olmadim, deb aytgan bo‘lishlari mumkin, deb izohlaganlar.
Shu bois biz ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini bajarish hamda namozda turib, turli-tuman xayollarga berilish, g‘aflat bosish kabi kamchiliklarimiz uchun istig‘for aytamiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.