Sayt test holatida ishlamoqda!
13 May, 2025   |   15 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:06
Peshin
12:24
Asr
17:23
Shom
19:36
Xufton
21:04
Bismillah
13 May, 2025, 15 Zulqa`da, 1446

TANIQLI ULAMOLARNING NAVBATDAGI TAShRIF MANZILI – SURHONDARYo

28.07.2021   1482   3 min.
TANIQLI ULAMOLARNING NAVBATDAGI TAShRIF MANZILI – SURHONDARYo

Shu yil 28 iyul' kuni yurtimizdagi bir guruh taniqli ulamolarning Surxondaryo viloyatiga tashriflari boshlanadi.

Safar davomida ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar, olis va chekka hududlardagi aholi vakillari bilan yuzma-yuz muloqotlar, taniqli ulamolar ishitirokida jome masjidlarda suhbatlar o'tkazilishi va ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish kabi xayrli ishlarni amalga oshirish maqsad qilingan.

Shuningdek, viloyat ahlini yurtimizda bo'layotgan o'zgarishlar mazmun-mohiyati haqida xabardor qilish bilan bir qatorda, ularning dardu tashvishlariga ko'maklashish, fikr-mulohazalarini tinglash va diniy sohaga tegishli muammolarini joyida o'rganib, bartaraf etish ham ko'zda tutilgan.

Ushbu safarga Toshkent shahridan quyidagi ulamolarimiz borishlari ko'zda tutilgan:

 O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon qori Ishmatbekov;

 O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining o'rinbosari Ibrohimjon domla Inomov;

 O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining maslahatchisi Salohiddin domla Sharipov;

 O'zbekiston musulmonlari idorasi bo'lim boshlig'i Erdon domla Esonov;

 Toshkent shahar bosh imom-xatibi o'rinbosari Abduqahhor domla Yunusov;

 Yunusobod tumani bosh imom-xatibi Rahmatulloh domla Sayfuddinov;

 Yashnobod tumani bosh imom-xatibi Fazliddin domla Allayorov;

 Farg'on viloyati Toshloq tumani bosh imom-xatibi Shukrulloh domla Egamberdiyev;

 Toshkent shahri “Ubay ibn Ka'b” masjidi imom-xatibi Abdulhakim qori Matqulov;

 Toshkent shahri “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidi imom-xatibi Ismoil domla Muhammad Sodiq;

 Toshkent shahri “Rakat” masjidi imom-xatibi Robbimqul domla Muhammadiyev;

 Toshkent shahar “Yakkasaroy” masjidi imom-xatibi Salohiddin domla Tashanov;

 Toshkent shahar “Dorussalom” masjidi imom-xatibi Muhammadrahim domla Abduqodirov;

 Toshkent shahar “Umar ibn Hattob” masjidi imom-xatibi Mansur domla Daminov;

Qolaversa, ushbu muloqot va tadbirlarda Prezident maslahatchisi Shoazim Minovarov, Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiqjon Toshboyev va boshqa mutasaddilar ham ishtirok etishi reja qilingan.

Alloh taolo viloyatimizga ulamolarimiz safarini xayrli va manfaatli qilsin!

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
@muslimuzportal | @mp3muslim | @diniysavollar

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Er ayolining topgan pulini olishga haqqi bormi?

12.05.2025   2285   3 min.
Er ayolining topgan pulini olishga haqqi bormi?

Savol: Oilaliman, 2 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ehtiyojlarim, kasal bo‘lsam dori-darmonim uchun pul bermaydilar. Bolalarimizni ehtiyojlari uchun berib turadilar, xolos. O‘zim ishlayman, “ishlab topgan pulingni hammasini menga berishing kerak, chunki Xadicha onamiz ham hamma pullarini Rasulimiz alayhissalomga berganlar” deydilar doim. E’tiroz bildirsam, “menga itoatsizlik qilyapsan” deydilar.

Yaqinda shu masalada janjallashib qolganimizdan keyin pulimni yarmini olib, o‘zimda qolgan yarmini ro‘zg‘orga ishlatishimga majburlayaptilar. Bizning vaziyatimizga shariatda qanday izoh beriladi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo oilada erkakni rahbar etib tayinlab, uning zimmasiga qo‘l ostidagilarning: ayoli va farzandlarining nafaqasini yuklab qo‘ygan. Ayolning topayotgan pulida na erning va na qaynonaning haqi bor, uni zulm qilib olib qo‘yishga mutlaqo haqi yo‘q. Agar o‘zi rozi bo‘lib bersa, olishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).

“Hech kim o‘zganing molini uning ruxsatisiz, vakilligisiz yoki vasiyligisiz tasarruf qila olmaydi. Agar shunday qilsa, to‘lab beradi” (“Sharhul majalla” kitobi).


Xadiyja roziyallohu anho onamiz butun molu jonini Sarvari olam bo‘lgan turmush o‘rtoqlariga in’om etganlar, ya’ni o‘z ixtiyorlari bilan berganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom tortib yoki talab qilib olib qo‘ymaganlar. Nafaqat Xadiyja onamiz, balki u zotning atrofidagi barcha sahobalar u zotni jonlaridan ortiq yaxshi ko‘rganlar va borini berishga shay turganlar.

Shariatimiz har bir shaxsga moliyaviy mustaqillik bergan. Er topgan pulini o‘zi istaganday sarflashi va bunga na ayoli va na boshqa odamlar to‘sqinlik qilishga haqi yo‘q bo‘lgani kabi, ayolning ham shaxsiy mablag‘idagi tasarrufi o‘z qo‘lida bo‘ladi. Faqatgina foyda-zararni bilmaydigan aqli zaif toifalargina bundan mustasno. Ularning tasarrufini valiylari olib boradi.

Shunga ko‘ra, ayol kishining topgan mablag‘ini olib qo‘yishga, egalik qilishga hech kimning haqi yo‘q.


Ammo yuqoridagi gaplardan ayol topganini hech kimga bermasligi, faqat o‘zi ishlatishi kerak ekan, degan xulosa chiqmaydi. O‘z ixtiyori bilan eriga, farzandlariga yoki boshqalarga hadya qilishi mumkin va bu uchun albatta, ajr oladi.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ayollari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Erimga sadaqa qilsam bo‘ladimi?” – deb so‘ragan va u zot alayhissalom: “Ha”, deb javob berganlar. Ya’ni sahobiya ayollar erlariga sadaqa, hadya qilib turganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bejizga: “O‘zaro hadyalashinglar, o‘rtada muhabbat paydo bo‘ladi”, deb aytmaganlar.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oila er-xotin o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, hurmat qilishlari va o‘z burchlarini muhabbat bilan ado etishlari lozim. Ana shunda oilaviy hayot saodatli davom etadi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.