Turkiyadagi ommabop elektron nashrdan biri – «haberakdeniz.com» saytida o'zbek diasporasining faol vakili, professor Salih Aynuralning «O'zbekiston - borib ko'rish shart bo'lgan o'lka» sarlavhali maqolasi e'lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Materialda mamlakatimizning boy tarixiy merosi, turizm salohiyati, muqaddas islom dini bilan bog'liq qadamjolari va bugungi zamonaviy rivojlanishi batafsil qalamga olingan. Maqolada ta'kidlanishicha, qadim madaniyatlar chorrahasi bo'lgan O'zbekiston Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan umumiy chegaradosh.
«O'zbekiston tarixiy, madaniy me'rosi jihatidan Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng boy mamlakatdir, - deb yozadi muallif. - Ayniqsa, Samarqand, Buxoro, Hiva va Shahrisabz osmon ostidagi ochiq shahar-muzeylar sifatida e'tirof etiladi. Bu shaharlarda bo'lsangiz, ko'chalarida kezsangiz o'zingizni tarixga tushib qolgandek his qilasiz. Tasavvur qiling, Samarqandni aylanib yurib, maktabda o'rganganlaringiz, kitoblardan o'qib hayratlangan Ulug'bekning rasadxonasiga duch kelasiz. U damda o'zingizni fazo qa'rida his qilasiz. «Ziji jadidi Ko'ragoniy» jadvalidagi 1018 ta yulduzga sayohat qilgandek tassavvur qilasiz».
Nashrda butun hayoti davomida bir marta ham engilmagan, qudratli davlat barpo etgan Sohibqiron Amir Temur haqida alohida ma'lumotlar o'rin olgan. «Samarqandga borganingizda Amir Temur maqbarasini, Mirzo Ulug'bek, Tillakori va Sherdor madrasalarini, albatta, tomosha qiling. Dunyo ilmiga ulkan hissa qo'shgan va O'zbekistonda tug'ilgan Beruniy, Horazmiy, Ibn Sino, Farg'oniy, Ulug'bek va Ali Qushchidek mutafakkir olimlar bilan ayni havodan nafas olgandek bo'lasiz», – deya qayd etiladi materialda.
“Samarqandga borganda turkiy xalqlar ilm va tafakkurga qanchalik ahamiyat bergani va olimlarni ne chog'li e'zozlaganini yurakdan shohid his qilasiz. Buyuk allomalar Imom Buxoriy, Moturidiy, Termiziy, Bahouddin Naqshbandiy va Ho'ja Ubaydulloh Ahror hazratlarining maqbaralari yoki Qusam Ibn Abbosning qabrlari joylashgan Shohi Zinda ansamblini ziyorat kilsangiz o'zingizni xuddi ilohiy olamda his qilasiz. Shuning uchun, O'zbekiston faqatgina Turkiya xalqining emas, butun islom olamining borib ko'rishi kerak bo'lgan mamlakat sifatida ahamiyatlidir”, - deb ta'kidlaydi muallif.
«Buxoroda Minorai Kalon, Chor minor, Ark qal'asi, Somoniylar maqbarasi, Mir Arab, Nodir Devonbegi, Abdulazizxon madrasalari joylashgan. Hivadagi Ichan qal'a, Islomxo'ja minorasi va Kalta minor, Muhammad Aminxon va Sherg'ozixon madrasalari, qadimiy Juma masjidi majmuasi, Qo'xna ark qal'asida esa ertaklar olamining nafasini tuyasiz», - deb yozadi turk olimi.
Maqolada yozilishicha, poytaxt Toshkentga kelganingizda zamonaviylik va tarixni o'zaro uyg'unlashganini ko'rasiz. Toshkent o'zining keng yo'llari, yam-yashil bog'lari va ko'rkam binolari bilan Turkiya uchun na'muna bo'la oladigan shahardir.
«Qisqasi, O'zbekiston biz uchun tabiat go'zalliklari, tarixiy va madaniy boyligi hamda mushtarak qadriyatlari nuqtai nazaridan borib ko'rilishi kerak bo'lgan o'lkalarning avvalida turadi. O'zbekistonga borganingizda o'zingizni zinhor begona his qilmaysiz», - deb yozadi Salih Aynural.
Maqolaning to'liq shakli bilan https://www.haberakdeniz.com.tr/haber-mutlaka-gorulmesi-gereken-kardes-ulke-ozbekistan-53818.html havolasi orqali tanishish mumkin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
AQSHning Sietl shahri meri Keti B. Uilson 2026 yil 1 sentyabrni “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” deb rasman e’lon qildi. Bu haqda shahar meri tomonidan imzolangan maxsus proklamatsiyada qayd etilgan.
Hujjatda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi, mamlakatning shu davr mobaynida suverenitet, taraqqiyot va keng ko‘lamli o‘zgarishlar yo‘lini bosib o‘tgani alohida ta’kidlangan.
Shuningdek, proklamatsiyada O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega davlat ekani, iqtisodiyot yillik 5–6 foiz atrofida o‘sib borayotgani, ochiq bozor va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga intilayotgani qayd etilgan.
Hujjatda O‘zbekistonning qadimiy Ipak yo‘li markazida joylashgani va bugungi kunda 100 milliondan ortiq iste’molchini qamrab oluvchi mintaqaga strategik darvoza vazifasini bajarayotganiga ham urg‘u berilgan. Bu esa savdo, investitsiya, logistika, texnologiya va energetika sohalarida Sietl biznes hamjamiyati bilan hamkorlik uchun katta imkoniyat sifatida baholangan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning Sietldagi Bosh konsulligi faoliyati ikki tomon o‘rtasida odamlar, biznes va davlat idoralari darajasida uzoq muddatli aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlangan.
https://t.me/Rasmiy_axborot_official