Shu yil 20 iyul' kuni Islom taraqqiyot banki (ITB), Boshqaruvchilar Kengashi raisi, O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov ITB Guruhining Bosh kotibiyati tasdig'iga muvofiq, Boshqaruvchilar Kengashi Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan taklif etilgan nomzod – doktor Muhammad Sulaymon al-Jassirni ITBning yangi prezidenti lavozimiga besh yil muddatga saylash to'g'risida sirtdan qaror qabul qilganligini e'lon qildi.
Boshqaruvchilar Kengashi hamda Ikki muqaddas masjid xodimi, Podshoh Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud va Saudiya Arabistoni Podshohligi hukumatiga ITBni tashkil etilganidan buyon qo'llab-quvvatlab kelayotgani uchun o'zining chuqur minnatdorligini bildirishi xususida qaror qabul qildi.
Qarorda doktor Bandar ibn Muhammad Al-Hajar Janobi Oliylari tomonidan saylanganidan buyon ITB tuzilmalari va ITB Guruhi oldida amalga oshirilgan mukammal faoliyati hamda o'tgan davr mobaynida jahon moliya bozorlaridagi moliyaviy tashkilotlar orasida o'z mavqeini ko'tarishga imkon bergan ulkan muvaffaqiyatlari Bank Boshqaruvchilari Kengashi tomonidan e'tirof etilgani va yuqori baholangani aks ettirilgan.
Ma'lumot uchun, yangi prezident – Muhammad Sulaymon al-Jassir Kaliforniya universitetida iqtisodiyot bo'yicha falsafa doktori (PhD) darajasini olgan. 2009-2011 yillarda Saudiya Arabistoni Markaziy banki raisi, 2011-2015 yillarda Saudiya Arabistoni iqtisodiyot va rejalashtirish vaziri lavozimlarida ishlagan; ayni paytda podshohlik Vazirlar Kengashi Bosh kotibiyatida maslahatchi sifatida faoliyat yuritmoqda.
ITB – 57 ta hissador a'zo ishtirokidagi, islom moliyasini qo'llab-quvvatlovchi xalqaro moliyaviy institut. 1973 yilda tashkil etilgan, bosh shtab-kvartirasi Jidda shahrida.
Kun.uz ma'lumotiga ko'ra, ushbu bank – O'zbekistonning asosiy 10 ta kreditorlari qatorida turadi. 2021 yil 1 aprel' holatiga, O'zbekiston davlat tashqi qarzining 0,9 mlrd dollari Islom taraqqiyot bankiga to'g'ri keladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun, 16 iyun kuni poytaxtimizda start olgan «Investitsiyalar barqarorligi: yangi ufqlar, yangi hamkorliklar» mavzusidagi Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida «Toshkent» zalida muhim panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
«Islomiy moliya va sukuk bozorlari: Ko‘rfaz kapitalini rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga yo‘naltirish» mavzusiga bag‘ishlangan ushbu sessiyada xalqaro va mahalliy ekspertlar, moliyaviy tashkilotlar va davlat sektori vakillari ishtirok etdi.
Bugungi kunda jahon islomiy moliya bozorining hajmi 3 trillion AQSH dollaridan oshib ulgurdi. Sessiya davomida islomiy moliyaning asosiy vositalari hisoblangan sukuk (islomiy obligatsiyalar), takaful (islomiy sug‘urta) va shariat tamoyillariga muvofiq bo‘lgan boshqa moliyaviy tuzilmalar rivojlanayotgan bozorlar, xususan, O‘zbekiston iqtisodiyoti va infratuzilma loyihalariga suveren kapitalni jalb qilishda qanday rol o‘ynashi mumkinligi atroflicha tahlil qilindi.
Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakili Xusan Xasanov moderatorlik qilgan davra suhbatida yangi moliyaviy mahsulotlar dizaynini yaratish, milliy qonunchilik va tartibga solish tizimini xalqaro shariat standartlari bilan uyg‘unlashtirish hamda yangi emissiyalarga institutsional investorlarning talabini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Panel sessiyasida sohaning nufuzli ma’ruzachilari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov, "AD Wealth" boshqaruvchi sherigi Alisher Jumanov, "IMAN" bosh ijrochi direktori Rustam Raxmatov, Ruminiyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Ramona Menesku hamda O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi vitse-prezidenti Salome Svanadze o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Ekspertlarning firicha, O‘zbekistonda islomiy moliya ekotizimining rivojlanishi Ko‘rfaz mamlakatlaridan yirik investitsiya oqimlarini jalb qilish va mamlakatda tadbirkorlik sohasini moliyalashtirishning muqobil manbalarini yaratishda yangi ufqlarni ochib beradi.
Forum doirasidagi muhokamalar va sho‘ba majlislari davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati