Zohidjon Suvonov
"Hazrati Sulton Abulxayr" jome masjidi imom-xatibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Oliy Hay’ati yig‘ilishi qarorlari ijrosini ta’minlash hamda tizim xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida Toshkent shahridagi tuman masjidlari ish yurituvchilari uchun o‘quv-amaliy mahorat darsi tashkil etildi.
Tadbirda Diniy idoraning Huquqshunoslik bo‘limi mutaxassislari sohaga oid qonunchilik talablari va ijro intizomi bo‘yicha quyidagi muhim yo‘nalishlarga alohida to‘xtaldilar:
masjidlar rahbar organlari tarkibidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida belgilangan tartibda (bir oy muddatda) adliya idoralariga rasmiy ma’lumot taqdim etish;
masjid ustavi, guvohnomalari va boshqa ta’sis hujjatlarini qonunchilik talablari asosida yuritish hamda saqlash;
imom-xatib va noiblarning besh vaqt namozlarda xizmat joyida bo‘lishini ta’minlash;
masjid binolarida olib boriladigan qurilish-ta’mirlash ishlarining loyiha hujjatlarini vakolatli idoralar bilan oldindan belgilangan tartibda kelishish.
Qizg‘in savol-javob va muhokamalar ruhida o‘tgan mahorat darsida ishtirokchilar kundalik ish faoliyatida yuzaga kelayotgan huquqiy masalalar bo‘yicha batafsil tushuntirish va amaliy tavsiyalar oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati