Zohidjon Suvonov
"Hazrati Sulton Abulxayr" jome masjidi imom-xatibi
Maqolada O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi aloqalar shunchaki diplomatik munosabat emas, balki teran ildizlarga ega ma’naviy rishtalarga tayanishi alohida ta’kidlangan. Muallif Yava orolida islom dini yoyilishida beqiyos xizmat qilgan mashhur “Vali Songo” (To‘qqiz avliyo) jamoasi vakillari, xususan, kelib chiqishi samarqandlik bo‘lgan Mavlono Malik Ibrohim Samarqandiyning faoliyati ikki mintaqa o‘rtasidagi ilk intellektual va ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘taganini qayd etadi.
Maqolada asosiy e’tibor moturidiylik ta’limotining Indoneziya musulmonlari hayotidagi tutgan o‘rniga bag‘ishlanadi. Sh.Islomovning ta’kidlashicha, Indoneziyadagi an’anaviy madrasalar bevosita Imom Moturidiy ilmiy maktabining ma’naviy vorislari sanaladi. Moturidiylikka xos bo‘lgan aql va naql uyg‘unligi, bag‘rikenglik hamda mo‘tadillik tamoyillari bugungi Indoneziya jamiyatiga xos inklyuzivlik va bag‘rikenglik fazilatlarini shakllantirgan asosiy omillardan.
Shuningdek, maqolada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqandda Imom Moturidiy yodgorlik majmuasining qayta tiklanishi va u yerda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Muallif ushbu majmuani shunchaki ziyoratgoh emas, balki zamonaviy dunyoda islom dinining asl qadriyatlarini, uning mo‘tadil va ratsional qarashlarini targ‘ib etuvchi xalqaro intellektual markaz sifatida ta’riflaydi.
Maqola yakunida dunyodagi eng ko‘p musulmon aholi istiqomat qiladigan Indoneziya va islom ilm-fanining tarixiy markazi bo‘lmish O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish zarurligi alohida qayd etilgan. Xususan, ta’lim, ziyorat turizmi va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi aloqalarni mustahkamlash globallashuv davrida avj olayotgan ekstremizm va radikalizm tahdidlariga qarshi ikki davlat uchun mustahkam ma’naviy qalqon bo‘lishi ta’kidlangan.
Ushbu maqolaning Indoneziyaning nufuzli nashrida chop etilishi o‘zbek va indonez xalqlari o‘rtasidagi tarixiy-ma’naviy aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
N.Usmonova,
O‘zA