Sayt test holatida ishlamoqda!
14 May, 2025   |   16 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:05
Peshin
12:24
Asr
17:24
Shom
19:37
Xufton
21:05
Bismillah
14 May, 2025, 16 Zulqa`da, 1446

Qurbon hayiti – ko'ngillar shodligi

19.07.2021   1605   4 min.
Qurbon hayiti – ko'ngillar shodligi

Istiqlol sharofati ila Vatanimizda milliy va diniy qadriyatlar qayta tiklandi, mo'min-musulmonlarning orzu-umidlari ushaldi. Buning uchun doimo shukrona keltirib, Yaratganning: «Agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman…», degan marhamatiga hamohang yashashimiz lozim. Zero, istiqlol sabab mana shunday ne'matlardan bahra olmoqdamiz.

Mustaqillik bois, diniy e'tiqodimiz dahriylik iskanjasidan ozod bo'ldi. Bugun ikki mingdan ziyod masjidda xotirjam ibodat qilayotgan kishilarni ko'rib, «Ilohim! O'z uyimizda osudalik topganimiz, chin bo'lsin», deb duo qilamiz. Ayniqsa, juma va hayit kunlari butun diyorimizni ilohiy bir fayz qamrab oladi.

Mustaqillik yillarining ilk davrlaridanoq ikki ulug' kun — Ramazon va Qurbon hayitlari birinchi Yurtboshimiz tomonidan umumxalq bayrami sifatida e'lon qilingani xalqimizni behad quvontiradi.

Odatda hayit kunida hamma bir-birini ulug' kun bilan samimiy muborakbod etadi. Hayit namozini ado etgandan so'ng birinchi o'rinda ota-onalarimizni, ulardan keyin qarindosh-urug'larimiz va yoru birodarlarimizni, bemorlarni borib ziyorat qilamiz. Ularning ko'nglini ko'tarishga harakat qilamiz.

Qurbonlik qilish Yaratganning bergan ne'matlarining shukronasini ado etish va nafsoniy illatlardan poklanish hamda bandaning Yaratuvchisi amriga itoati va taqvosini namoyon etadi.

Hayit bayramlari qadimdan xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag'rikenglik va saxovat ifodasi bo'lib kelgan.

Bu ulug' bayram kunlari ko'ngillarimiz ravshan, kayfiyatlarimiz chog', nigohlarimiz muqaddas Ka'baga qaragan. Yaratganning fazlu karamidan umidvor holda hayit namozini ado etganimizdan so'ng qurbonlik amalini bajarishga kirishiladi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hadisi sharifda marhamat qilib: «Qurbonlik qilish chiroyli amallardandir. U bandani dunyoda balolardan va oxiratdagi ofatlardan ozod etadi. Hayit namozini o'qib, qurbonlik so'ygan mo'minlar mening ummatimdandir», deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Hayit xursandchilik bayramidir. Ushbu bayramda ota-ona va farzandlarga sovg'a ulashib, ularni quvontirish, keksalarni, zaif va betoblarni ziyorat qilish, ularga hadya berib qalblariga surur bag'ishlash dinimiz targ'ib qilgan amallardandir.
Hayit kuni dinimizda ruxsat etilgan, ko'ngilni ko'taradigan barcha ishlarni qilish bilan qalbga orom berish kerak.

Ba'zi joylarda hayit kunlari isrofgarchilikka sabab bo'ladigan turli marosimlar o'tkazish yomon an'anaga aylanib qolgan. Bu shariatimizda yo'q. Yaqinlari vafot etgan xonadonlardagi, nikoh to'ylari o'tgan oilalardagi “yangi hayit”, “hayit yo'qlovi” kabi marosimlar bid'atdan boshqa narsa emas. Hayit kunidagi isrofgarchiliklar, xursandchilik bayramini aza va yig'i-sig'iga aylantirishlar musulmonlarga munosib emas. Unga ketadigan mablag'larni va ne'matlarni muhtojlarga, faqir-miskinlarga, etim-esir, beva-bechoralarga tarqatishdan xayrliroq ish bo'lmasa kerak!

Qurbon hayiti – musulmonlarning shod-xurramlik, ko'ngil olish, mehr-oqibat, xayr-saxovat ko'rsatish, bir-birlari bilan diydorlashuv bayramlaridir. Uni shariat talablariga muvofiq, yig'i-sig'isiz, xursandchilik bilan, hush kayfiyatda o'tkazish musulmonga yarashiqli va maqtalgan amallardandir.

Hayit bayrami kunida qarindosh-urug'larni borib ko'rish, yoru birodarlarni ziyorat qilish, beva-bechoralar holidan xabar olish kabi ishlar ushbu kunda savobi ulug' amallardan hisoblanadi. Biror sababga ko'ra arazlashgan, gina-kuduratli tanish-bilishlar ham huddi shu muborak ulug' kunlarda bir-birlariga quchoq ochsalar, o'zaro uzr so'rasalar maqsadga muvofiq bo'ladi. Chunki kechirimli va mehr-shafqatli bo'lish har bir musulmon uchun ham qarz, ham farzdir.

 

Yangiyo'l tumani «Imom Sulton» jome masjidi
 imom xatibi Odiljon Narzullayev

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muborak safar boshlandi

14.05.2025   464   3 min.
Muborak safar boshlandi

O‘zbekiston taraqqiyotining yangi davrida diniy-ma’rifiy soha rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish yangi bosqichga ko‘tarildi. 2016 yilda 5 ming 200 nafar vatandoshimiz haj amallarini bajargan bo‘lsa, 2024 yilda 15 mingdan ortiq mo‘min-musulmonlar hojilik sharafiga muyassar bo‘ldi.
 

Bu yil ham 15 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz haj ibodatini ado etishadi. Mamlakatimizning 9 ta hududiy aeroportidan ziyoratchilar har kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri Madina shahriga haj safariga yuboriladi. Parvozlar “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi bilan birgalikda Saudiya Arabistonining “FlyNas” va “FlyAdeal” aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.


Yurtdoshlarimizga Madinai munavvarada hamda Makkai mukarramada barcha shart-sharoitni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan iborat dastlabki ishchi guruh faol ish olib bordi.
 

Madina shahrida muhtasham besh yulduzli “Zam-zam Pullman” mehmonxonasi, Makkai mukarramada “Marmara hotel”, “Romance hotel”, “Al-Ayyam elite”, “Concrete hotel”, “Abroj Dania”, “Paradise”, “Open hotel”, “Ayyed saha” kabi sakkizta mehmonxona hojilarni yuqori saviyada kutib olishga shay qilingan. Mehmonxonalarda ziyoratchilar uchun namozxonalar, oshxonalar, tibbiyot punktlari hamda boshqa zarur vositalar hozirlandi.


13 may kuni tongda muborak haj safarini niyat qilgan ziyoratchilarning dastlabki guruhi dilda quvonch, tilda shukronalik bilan muqaddas zamin sari yo‘lga chiqdi.


Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, shuningdek, mutasaddi tashkilotlar mas’ullari va ommaviy axborot vositalari vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘ldi.


Orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj — 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari aeroportdan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.


Shu kuni Madina shahriga eson-omon yetib kelgan ziyoratchilar “Haj — 2025” ishchi guruhi va mutasaddilar tomonidan tantanali kutib olindi.


Yurtdoshlarimizga muhtasham “Zam-zam Pullman” mehmonxonasiga kirishlari bilanoq zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar va hadyalar ulashilib, izzat-ikrom ko‘rsatildi. Vatandoshlarimiz shodlik va shukronalik tuyg‘ulari bilan ziyorat va ibodatlarni ado etishga kirishdi.


Ayniqsa, mehmonxonaning Masjidi Nabaviyga juda yaqin masofada joylashgani hojilarimizni behad mamnun qilmoqda. Ular kunlik barcha ibodatni ushbu muborak masjidda ado etmoqda. Ular o‘z duolarida Yaratgandan yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga bundan-da farovonlik so‘rashmoqda.


Eslatib o‘tamiz, ziyoratchilarimiz 2025 yil 13 maydan 28 mayga qadar haj safariga kuzatiladi.


«Xalq so‘zi».

O'zbekiston yangiliklari