Shu kunlarda Internet va ijtimoiy tarmoqlarda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining salomatliklari to'g'risida turli asossiz va haqiqatga to'g'ri kelmaydigan xabarlar tarqatilayotgani kuzatilmoqda.
Ma'lum qilamizki, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining salomatliklarini yaxshilash uchun navbatdagi davolanish muolajalari amalga oshirilmoqda. Malakali tibbiyot mutaxassislari va shifokorlar tomonidan hazratning sog'liqlari muntazam kuzatib borilmoqda hamda davolanish bosqichlari o'tkazilmoqda. Alloh taologa shukrki, ayni paytda muftiy hazratlarining sihatlari barqarordir.
Odamlar orasida har xil asossiz va voqelikka to'g'ri kelmaydigan yolg'on xabarlarni tarqatish muborak Islom dinimizda gunoh sanalishi, qonunchilikda esa javobgarlikka sabab bo'lishini yana bir bor eslatamiz.
Alloh taolo barchamizni to'g'ri yo'lda sobitqadam aylasin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Kim bir yaxshilikni ko‘ngilga tugsa-yu, uni qilmasa, Alloh buni O‘z huzurida unga to‘liq bir yaxshilik deb yozadi. Agar shuni ko‘ngilga tugib, keyin uni qilsa, Alloh buni O‘z huzurida unga o‘nta yaxshilikdan yetti yuz baravargacha qilib, undan ham bir necha baravar ko‘p qilib yozadi. Kim bir yomonlikni ko‘ngilga tugsa-yu, uni qilmasa, Alloh buni O‘z huzurida unga to‘liq bir yaxshilik deb yozadi. Agar shuni ko‘ngilga tugib, keyin uni qilsa, Alloh buni unga birgina yomonlik deb yozadi" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).