Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2025   |   28 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
24 Iyun, 2025, 28 Zulhijja, 1446

Arafa qanday kun?

18.07.2021   6719   8 min.
Arafa qanday kun?

Ma'lumki, Zulhijja oyining o'ninchi kuni hayit bayrami bo'ladi. Undan oldingi bir kunni esa xalqimiz Arafa kuni deydi.

Ho'sh, Arafa qanday kun?

“Arafa” arabcha so'z bo'lib, u o'zbek tilida "bilish", "tanish" kabi ma'nolarni anglatadi. Bu haqda “O'zbek tilining izohli lug'ati”da:“Arafa – (arabcha) Makka yaqinidagi tog' nomi; bilish, tanish. Qurbon hayitidan oldingi kun” deb izohlanadi.

Ba'zilar "haj qiluvchilarning asosiy ziyorati Arafot tog'ida o'tganligi va ana shu kunning e'tiboridan hayitdan oldingi kun arafa kuni deyiladi", deyishadi. “Islom entsiklopediya” kitobida bunday izoh beriladi: “Arafa-(arab. – bilmoq, tanimoq, ma'rifat hosil qilmoq). 1) hijriy-qamariy yil hisobi bo'yicha 12 oy (Zulhijja)ning 9 kuni nomi. Kunning arafa deb atalishiga sabab Ibrohim alayhissalomga Jabroil alayhissalom haj ibodatining arkonlarini o'rgatgan. Shu bois hojilar zulhijja oyining 9 kuni Arafot tepaligiga chiqib, to quyosh botgunga qadar ibodat, duo va iltijo bilan mashg'ul bo'lishadi; 2) Hayitdan oldingi kun. Shundan kelib chiqib, musulmon xalqlar orasida tantanali, olamshumul voqealar va bayramlar oldingi kun va muddatni ham Arafa deb nomlash odatga aylangan[1]”.

Ayrimlar esa arafa chin va yolg'on arafa kunlaridan iborat deyishadi.  Ularning fikriga ko'ra, arafa kunidan oldingi kunni yolg'on arafa kuni hisoblanadi. Rivoyat qilishlaricha, Ibrohim alayhissalom tush ko'radilar. Tushlarida o'g'illari Ismoil alayhissalomni qurbonlik qilishga buyuriladilar. Ammo Ibrohim alayhissalom bu bir tush deb o'ylab, tushni yolg'on yoki chinligiga shubhada bo'ladilar. Tush ko'rilgan o'sha kun yolg'on arafa kuni bo'lib qoldi deyishadi. Ertasiga Alloh taoloning inoyati bilan Ibrohim alayhissalom yana o'sha tushni qayta ko'radilar. Shu jihatdan bu kun chin arafa kuni deyiladi, deyishadi.

Arafa kuni dunyo kunlarining ichidagi eng xayrli kunlarning biridir. Alloh taolo “Qur'oni karim”da bunday marhamat qiladi: “Tongga qasam. O'n kechaga qasam. Juftga, toqqa qasam” (Fajr surasi, 1-3-oyatlar).  Ushbu oyatning tafsiri haqida “Tafsiri irfon”da: “Yuqoridagi to'rt oyati karimada Alloh taolo tabarruk oylardan zulhijjaning dastlabki o'n kuni qadridan mo'min bandalarini ogoh etib, shu kunlarga qasam, deyapti. Ushbu kunlar ichida eng ulug' ibodatlar namoz, ro'za, sadaqa, haj jamlangan. Qurbon hayiti ana shu zulhijjaning o'ninchi kunidan boshlanadi, mazkur oy haj ibodatini ado etish vaqtidir. Bu o'n kunlikda Arafa va jonliq so'yish bor. Shuning uchun Alloh taolo fazlu karami va hikmati bilan ayrim kunlarni boshqalardan afzal, mo''tabar qilgan. Alloh taolo aytadi: "Ma'lumki kunlarda Alloh ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlari (ni qurbonlik uchun so'yish) ustida Alloh nomini zikr qilish uchun (kelishadi)"(Haj surasi, 28-oyat).

Abdulloh ibn Abbos roziyalohu anhu ushbu oyatdagi “ma'lum kunlarni” zulhijjaning o'n kuni, deb tafsir qilganlar. Ushbu oyat va hadislarda kelgan dalillarga binoan, zulhijja oyining oldingi o'n kuni dunyo kunlarining eng afzali sanaladi, ushbu kunlari qilingan amallar boshqa kunlardagiga qaraganda Alloh taologa suyukliroqdir[2]”.

Arafa kunida Alloh taolo O'zining dinini komil qilib berilgani haqidagi oyatni nozil qilgan: "Bugun diningizni mukammal qildim, ne'matlarimni benuqson, to'liq qilib berdim va sizlarga Islomni din deb rozi bo'ldim”(Moida surasi, 3-oyat). Ushbu oyatning tafsiri haqida “Tafsiri irfon”da bunday deyiladi: “Mazkur oyati karima Arafa kuni nozil bo'lgan. Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hijratning o'ninchi yili haj qilish uchun Makkaga bordilar va Arafotda mashhur xutbalarini qildilar. Hutbani tamomlagach, uch marta: “Allohim, shohid bo'l!” dedilar. Huddi shu paytda yuqoridagi oyati karimaning oxirgi jumlalari nozil bo'ldi. Imom Buxoriy bunday rivoyat qiladi: “Bir yahudiy Umar roziyallohu anhuning huzurlariga kelib, “Sizlar bir oyatni o'qiysizlar, agar o'sha oyat bizga nozil bo'lganida, uni bayram qilib olgan bo'lur edik”, dedi. “Men o'sha oyatning qachon, qayerda, qanday nozil bo'lganini bilaman. Allohga qasamki, bu arafa kuni bo'lib, biz ham Arafotda edik”, dedilar hazrat Umar roziyallohu anhu[3]”.

Arafa kunida Alloh taolo bandalarining gunohlarini mag'firat etadi, ko'p bandalarini do'zaxdan ozod qiladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Arafa kunidan ko'ra Alloh unda bandani do'zaxdan ko'proq ozod qiladigan kun yo'q", deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Alloh taolo biron kun Arafa kunichalik ko'p bandani do'zaxdan ozod etmaydi. U yaqinlashib, so'ng do'zaxdan ozod qilgan bandalari bilan farishtalar oldida faxrlanadi"(Imom Muslim rivoyati).

Ibn Abdul-Barr aytadilar: «Bu o'sha bandalarning gunohlari mag'firat etilganiga ishoradir. Chunki Alloh taolo gunoh-ma'siyat ahli bilan hech qachon faxrlanmaydi. Faqat tavba va mag'firatdan so'ng bu narsa bo'lishi mumkin».

Arafa bayram qilinadigan kundir, chunki u bayram kunlar sirasiga kiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Arafa kuni, qurbonlik kuni va tashriq kunlari biz – Islom ahlining bayramimizdir”(Imom Abu Dovud rivoyati).

Arafa kunida nafl ro'zasi tutgan kishi ikki yillik gunohlariga kafforatni qo'lga kiritadi. Bu haqda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Arafa kunining ro'zasi o'zidan avvalgi bir yil va o'zidan keyingi bir yilning gunohlariga kafforat bo'lishini Allohdan umid qilaman”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Shuni eslatib o'tamizki, bu yilgi Arafa kuni 19 iyul' kuniga to'g'ri keladi. Kelayotgan Arafa kunini Alloh taolo barchamizga xayrli qilsin! Alloh taolo Arafa kunida qiladigan duo, ibodatlarimizni, xayrli amallarimizni O'z dargohida maqbul aylasin! Barchamizni ikki dunyo saodatiga etkazsin!

R. Akbarov,

O'zbekiston musulmonlari idorasining

Qashqadaryo viloyatidagi vakillik xodimi

 

[1] Islom entsiklopediya. O'zb. MED ilmiy nashriyoti. T. 2017. 66-bet.

[2] Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. Tafsiri irfon. T. “Sharq”nashriyoti. MAKBT. -2019. 6-juz. 589-bet. 

[3] Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. Tafsiri irfon. T. “Sharq”nashriyoti. MAKBT. -2019.  3-juz. 525-bet. 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Talaba ta’tilni qanday o‘tkazish kerak?

23.06.2025   2428   1 min.
Talaba ta’tilni qanday o‘tkazish kerak?

O‘quv yili tugab, ota-onani ziyorat qilish, ularning xizmatiga borish vaqti kelgach, darslar tugab, imtihonlardan forig‘ bo‘lgach, «Endi butunlay bo‘shman, ilmdan forig‘ bo‘ldim», deb tasavvur qilmang. Ota-onaning xizmatida bo‘lib, duolarini oling. Ta’til payti ham siz uchun muhim bir vaqt hisoblanadi. 

Ota-onangiz, aka-ukangiz, opa-singlingiz, qarindosh-urug‘laringiz nimalarni o‘rganganingizga, odobingiz qanday bo‘lganiga qiziqishadi. «O‘g‘limiz nimalarni o‘rganib keldi ekan-a, ustozlaridan nimalarni ta’lim oldi ekan» deb, havas ko‘zlari bilan qaray boshlashadi. Ana shunda siz ularni odobingiz, kamtarligingiz, xizmatingiz bilan xushnud qilsangiz, nafaqat o‘zingizni, balki ustozlaringizni, nafaqat ustozlaringizni, balki Islom dinini ham barchaga sevdirasiz.

Buning natijasi o‘laroq odamlarda din ilmiga rag‘bat oshib, ular ham farzandlarini ahli ilm qilishga, qori qilishga shoshib qoladilar. Aksincha, namozlar qazo bo‘la boshlasa, xulq-atvor yomon bo‘lsa, «Bu bola o‘qib yurib shu ahvolda bo‘lsa, bundan ko‘ra o‘qimaganimiz yaxshi ekan», deyishadi. Odamlarning ilm olishdan hafsalasi pir bo‘ladi, ustozlarni hurmat qilmay qo‘yishadi. Bu holatda dinga foydangiz emas, zararingiz ko‘proq tegadi. Bunday tolibi ilmlardan Alloh taoloning O‘zi asrasin!

Bir narsani yaxshi bilib oling: siz makonlar, holatlar o‘zgarishi bilan o‘zgarib qolavermang. Holatlar sizni o‘zgartirmasin, siz holatlarni o‘zgartiring. Doimo istiqomatda bo‘ling, sabot bilan turing. Alloh taolo har holatda ham sizni ko‘rib turganini aslo yodingizdan chiqarmang.

 «Talabalik davrini qanday o‘tkazmoq kerak?» kitobidan