MUNOSABAT
Din va e'tiqod masalalari inson ma'naviyatining uzviy qismidir. Mazkur masalalarning mazmun-mohiyati haqida chuqur va asoslangan bilimlarga ega bo'lish hayotiy-amaliy faoliyatni to'g'ri tashkil etishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, vijdon erkinligi har bir shaxsning tabiiy huquq va erkinliklar sirasiga kiruvchi ajralmas huquqlaridan biridir. Vijdon erkinligi insonning eng muhim haqlaridan bo'lsa-da, qonunda o'z ifodasini topib, muhofaza ostiga olingandagina chin ma'noda huquq darajasiga ko'tariladi. Aks holda shaxsning qalb kechinmalarini ifodalovchi bu huquq haqiqiy ma'nosini yo'qotadi.
Konstitutsiyamizdagi norma asosida vijdon erkinligi uch jihatni anglatadigan huquqiy kategoriya sifatida namoyon bo'ladi:
— muayyan shaxs xudoga ishonishi, xohlagan diniga e'tiqod qilishi mumkin;
— xudoga va dinga ishonmasligi, ularga nisbatan betaraf bo'lishi mumkin;
— dahriy, ya'ni hech bir dinga e'tiqod qilmaygina qolmasdan, balki ularni inkor etishi mumkin.
Bu vijdon erkinligi huquqi aynan shu masalalar bilan cheklanadi, degani emas. Odatda konstitutsiya davlatning asosiy qonuni hisoblanib, yoritiladigan normaning umumiy jihatlarini o'zida qamrab oladi. Konstitutsiya asosida qabul qilingan qonun va qonun osti hujjatlarda norma kengroq yoritiladi va sharhlanadi. Konstitutsiyadagi 31-modda yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi qonunning 4-moddasi birinchi va ikkinchi bandlarida kengroq ochib berilgan. Unda aytilishicha, “Vijdon erkinligi — bu fuqarolarning xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik bo'yicha kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir.
Fuqaro dinga e'tiqod qilishga yoki e'tiqod qilmaslikka, ibodatlarda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka, diniy ta'lim olishga nisbatan o'z munosabatini belgilayotganda uni u yoki bu tarzda majburlashga yo'l qo'yilmaydi”.
Demak, vijdon erkinligi faqat xudoga ishonish yoki ishonmaslikdan tashqari, ibodat qilish, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda ishtirok etish yoki etmaslik erkini, shuningdek, diniy ta' lim olish yoki olmaslikni o'z ixtiyori asosida belgilash huquqlarini ham o'z ichiga oladi.
Shu bilan birga, O'zbekiston Respublikasi demokratik printsiplarga sodiqligi ifodasi sifatda vijdon erkinligini ta'minlashning asosiy ustuvorliklari quyidagilardan iborat deb belgilandi:
— fuqarolarning dinga munosabatidan qat'i nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo'l qo'ymagan holda, ularning vijdon erkinligiga bo'lgan o'z huquqlarini amalga oshirishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish;
— konfessiyalar o'rtasidagi tinchlik va totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag'rikenglikni ta'minlash;
— vijdon erkinligini ta'minlashda dunyoviy davlat qurilishini saqlab qolish;
— vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risidagi qonunchilikka fuqarolar hamda diniy tashkilotlar tomonidan rioya etilishini ta'minlash;
— jamoat tartibiga, O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining sog'lig'i va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy g'oyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish;
— O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita vijdon erkinligini, shuningdek, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risidagi qonunchilikning amalda izchil hamda bir xil tarzda qo'llanilishini ta'minlashga doir choralarning amalga oshirilishi uchun mas'ul bo'lgan vakolatli davlat organidir.
Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risidagi normalarning qonunchilikka kiritilishi natijasida diyorimizda rasmiy fao liyat yuritayotgan barcha din vakillariga katta imkoniyatlar yaratildi.
Hukumatimiz tomonidan turli diniy tashkilotlarning o'z faoliyatini amalga oshirish va mamlakat hayotida faol ishtirok etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Jumladan, O'zbekiston musulmonlari idorasining markaziy televideniye orqali ma'naviy-ma'rifiy ko'rsatuvlarni berib borishi, mashhur diniy arboblarning tavalludiga bag'ishlangan anjumanlarning keng ko'lamda nishonlanishi kabi tadbirlarni aytib o'tish o'rinlidir.
Afsuski, yaratilgan imkoniyatlarga qaramay, xalqimizning bag'rikengligini suiiste'mol qilgan ayrim toifalar siyosiy va ekstremistik maqsadlarni ko'zlab, xalqimiz uchun yot g'oya va qarashlarni yoqlab chiqishlari barobarida ulamolarni haqoratlash, imomlar bilan masala talashish, ularni obro'sizlantirish hamda boshqa mazhab vakillariga shaklan taqlid qilish kabi holatlar kuzatilmoqda.
O'z navbatida, amaldagi qonunchilikda bunday huquqbuzarliklarga nisbatan muayyan jazo choralari ham nazarda tutilgan. Hususan, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks va Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida vijdon erkinligi borasidagi qonunchilikni buzganlik uchun jazo sanktsiyalari belgilangan.
Hulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi qonunni hayotga tatbiq etish va sohaga oid amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar natijasida diniy tashkilotlarni ro'yxatga olish hamda ularga rahbarlik qilish, noan'anaviy diniy oqimlar yoyilib ketishining oldini olish, diniy ta'lim tizimini takomillashtirish, shuningdek, diniy adabiyotlarni chop etish va tarqatish kabi diniy hayot barqarorligini ta'minlashga qaratilgan vazifalarni bajarish uchun zamon talablariga mos huquqiy mexanizm yaratildi.
Sodiq TOShBOYeV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi
Manba: “Yangi O'zbekiston” gazetasi
2021-yil 13-iyul, №141
Iordaniyaning nufuzli “Jordan News Agency” (Petra) axborot agentligi hamda “Hala Ahbar” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Agentlikda yozilishicha, mazkur yirik xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon media hamjamiyati bilan aloqalarini yanada kengaytirish, jurnalistlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.
Shu bilan birga, forum davomida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
Nashrlar forum dasturining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, tadbir doirasida yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan media-ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etiladi.
Munozaralarda hujjatli filmlar yaratish, tarixiy xotirani asrash va yoritish, nashriyot loyihalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan media sohasida samarali foydalanish hamda xalqaro media loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Nashrning qayd etishicha, tadbirning muhim jihatlaridan biri – O‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro media sohasining tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy master-klasslar o‘tkazilishidir. Bu mashg‘ulotlar zamonaviy jurnalistika, mediamahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.
Iordaniya OAVda forum doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahriga safar ham rejalashtirilgani qayd etilgan. Xorijiy jurnalistlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadilar. Toshkent shahrida esa xalqaro OAV vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etiladi.
Bunday safarlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, ilmiy-ma’rifiy an’analari va boy madaniy merosi haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Maqolalarda xalqaro mediaforumning 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanishi ham ma’lum qilingan. Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati