Qurbonlik qilish zakot, fitr sadaqasi kabi moliyaviy ibodat bo'lib, u Qur'oni karim, hadisi sharif va ijmo' bilan sobitdir. Alloh taolo marhamat qiladi: “Biz (o'tgan) barcha ummatga Alloh bergan chorva mollarini (so'yish) oldidan Uning nomini zikr qilishlari uchun – qurbonlik qilishni buyurganmiz. Bas, (barchalaringizning) ilohingiz bir Ilohdir. Bas, Ungagina bo'yin suningiz va (ey, Muhammad!) Itoat qiluvchilarga xushxabar bering!” (Hoj, 34).
Baro ibn Ozib (roziyalohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Bugungi birinchi qiladigan ishimiz avval iyd namozini o'qish, so'ngra uyga qaytib qurbonlik qilishimizdir. Kimdakim shunday qilsa, u sunnatga muvofiq ish qilibdi. Kimdakim namozdan oldin qurbonlik qilsa, u oilasi uchun tayyorlagan oddiy go'sht, ya'ni qurbonlik emasdir”.
Qurbonlik qilish boshqa ibodatlar kabi Alloh uchun deyilsa-da, aslida bandasining manfaati uchundir. Qurbonlik qilingan hayvonning go'shtidan so'ygan odamning o'zi va faqir-miskinlar manfaatdor bo'ladi. Alloh taolo esa insonning qalbidagi niyatiga ko'ra muomala qiladi. Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Allohga (qurbonlik) go'shtlari ham, qonlari ham etib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo etar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug'lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo'ysundirib qo'ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” (Haj, 37).
Haqiqatan, qurbonlikka so'yilgan hayvonlarning go'shtlariga ham, qonlariga ham Alloh taolo muhtoj emas. Qurbonlik qilishdan maqsad bandaning Yaratuvchi amriga itoatini va taqvosini namoyon etishdir.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hadisi sharifda marhamat qilib: “Qurbonlik qilish chiroyli amallardandir. U bandani dunyoda balolardan va oxiratda ofatlardan himoya qiladi. Hayit namozini o'qib, qurbonlik so'ygan mo'minlar mening ummatimdandir”, – deganlar.
Qurbonlik so'yishning avvali hayit namozini ado etilganidan so'ng so'yiladi. Uning oxirgi vaqti esa hayitning uchinchi kuni asr vaqtigachadir.
Qurbonlik qiluvchining qurbonlik so'yish vaqtida hozir bo'lishi mustahabdir.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qizlari Fotima (roziyallohu anho)ga: “Borib qurbonliginga shohid bo'l. Uning birinchi tomgan qoni bilan barobar sening o'tgan gunohlaring mag'firat qilinur”, - dedilar. “Ey Allohning rasuli! Bu bizga – ahli baytga xosmi yoki musulmonlarga umumiymi?”, - dedilar Fotima (roziyallohu anho). Shunda Sarvari koinot: “Yo'q, musulmonlarga umumiy”, - deb javob berdilar.
Qurbonlikka qo'y, echki, tuya, sigir kabi hayvonlarning erkagi ham, urg'ochisi ham so'yilishi mumkin. Bulardan tuya 5 yosh, sigir 2 yosh, qo'y va echki esa 1 yoshga to'lgan bo'lishi kerak. Qo'y agar olti oyga to'lgan bo'lsa ham jussasi bir yoshnikidek katta bo'lsa uni qurbonlik qilish joizdir.
Mol va tuyani etti kishi nomidan so'yilishiga shariatimizda ko'rsatmalar bor. Jobir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladilar: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bilan Hudaybiyada bir tuyani etti kishi nomidan, bir sigirni etti kishi nomidan so'ydik” (Abu Dovud, Muslim va Termiziy rivoyatlari).
Agar mol yoki tuya 7 kishi nomidan so'yiladigan bo'lsa, uning go'shtini taqsimlashda chamalab emas, balki kilolab o'lchagan holda teng taqsimlanadi va etti kishi ham qurbonlik qilishni niyat qilgan bo'lishi lozim.
Qurbonlik so'yishi vojib bo'lgan kishi qurbonlikni vaqtida so'ymasa, keyin uning qiymatini sadaqa qilish vojibdir. So'yilgan qurbonlikning uchga bo'lib, bir qismiini sadaqa qilish, yana bir qismini edirish, qolgan bir qismini o'zi va oilasi uchun olib qo'yish mustahabdir.
Ko'p bolali kishilar hammasini oilasi bilan baham ko'rishi ham mumkin. Musulmon bo'lmagan qo'shnilarga ham qurbonlik go'shtidan berish musulmonlik ziynatidan hisoblanadi. Qurbonlik terisini sotish, qassobga mehnatining evaziga berish mumkin emas, u faqir kishiga sadaqa qilinadi yoki ro'zg'orda ishlatish uchun olib qo'yiladi. Qassobga xizmat haqi beriladi, qurbonlik go'shtidan haq sifatida berilmaydi.
Qurbonlikka har tomonlama sog' va semiz bo'lgan jonliqlarni so'yish shariatimiz ko'rsatmalaridandir. Buning ham o'ziga xos hikmatlari bor albatta. Birinchidan, bu qurbonlik Alloh taologa atab qilingani uchun uni sog'-salomat, hech bir nuqsonsiz bo'lishiga e'tibor berish, Yaratganga nisbatan yuksak odobni ko'rsatadi. Qurbonlik qilinadigan hayvonning aybu nuqsonsizini topish esa, taqvoning barkamolligi uchun urinishdir. Ikkinchidan, bu musulmonlarning o'rtalaridagi mehr-oqibatlarini mustahkamlaydi. Ularga kasal hayvonlarning go'shtini emas, balki sog' va semiz hayvonlarning go'shtini sovg'a qilish yaxshi ishlardandir.
Odatda, hayit kunida hamma bir-birini ulug' kun bilan samimiy muborakbod etadi. Hayit namozini ado etgandan so'ng birinchi o'rinda bizlarni dunyoga kelishimizga sababchi bo'lgan ota-onalarimizni, ulardan keyin qarindosh-urug'larimizni, yoru birodarlarimizni, bemorlarni borib ziyorat etamiz. Ularni ko'nglini so'rash va ko'tarishga harakat qilamiz. Ayrim sabablar bilan o'zaro arazlashgan gina-qudratli kishilar ham bir-birlarini muborak bayram kunida kechirib, o'zaro uzrlar aytib, bir-birlariga quchoq ochadilar. Bu kun barchaga quvonch ulashiladigan kundir. Yana shuni yodda tutmog'imiz lozim bo'ladiki, Qurbon hayiti bayram bo'lgani uchun, uni azaga, xafagarchilikka aylantirmaslik kerak. O'tganlarimizni eslash, ularni ruhlarini shod etib duoyi xayrlar qilishimiz yaxshi amal hisoblanadi, lekin bular hayit bayramiga aslo ta'sir qilmasligi lozim.
Alloh taolo barchalarimizni O'zining roziligi yo'lida xolis niyatlar bilan qilayotgan qurbonliklarimizni, ibodatlarimizni dargohida husni maqbul aylasin! Muborak haj safariga yurtimizdan borgan barcha hojilarimizning haj ibodatlarini mukammal ado etib, farzandlari bahriga sog'-salomat kelishlarini nasib etsin!
Fazliddin ALLOYoROV
Oila – inson hayotidagi ma’naviy suyanch, ijtimoiy tartib, nasl davomiyligini ta’minlovchi qo‘rg‘on va mehr-muhabbat maskanidir.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum surasi, 21-oyat).
Bu oyat oila qurishning ilohiy hikmatga ega ekanini, er-xotin munosabatida muhabbat va mehr-shafqat asosiy omil bo‘lishini anglatadi.
Islom nikohni faqat shaxsiy xohish emas, balki ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy majburiyat sifatida qabul qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Nikoh mening sunnatimdir. Kim sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu hadisga ko‘ra, nikoh musulmon hayotidagi ibodat hisoblanadi. Uning asosiy maqsadlari nafsni halol yo‘l bilan qondirish, nasliy poklik, farzand tarbiyasi va jamiyat barqarorligini ta’minlashdir.
Islomda er va xotinning vazifalari bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega. Alloh taolo erkakni mas’uliyatli rahbar, ayolni esa oila mustahkamligini ta’minlovchi qilib yaratgan: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi, 34-oyat).
Erkak ayoldan ba’zi xususiyatlarda ortiq qilib yaratilganida bir necha hikmatlar bor. Mufassir ulamolar, jumladan, quyidagi shar’iy nuqtayi nazardan erkaklarga xos xususiyatlarni qayd etishgan: payg‘ambarlik, jismoniy kuch-quvvat, oila nafaqasiga mas’ullik, aqlu idrok, xotira va tafakkurning ziyodaligi, imom-xatiblik, muazzinlik, jamoat bilan namoz o‘qish, juma namozining vojib bo‘lishi, tashriq takbirini aytish, janglarda qatnashish, to‘liq guvohlik, taloq berish huquqiga ega bo‘lish, oilaning unga nisbat berilishi, namoz va ro‘zani uzrsiz ado etish kabilar.
Shu jihatlarni hisobga olib, ayol kishi eriga nisbatan itoatli, hamiyatli va iffatli bo‘lib, oila totuvligi yo‘lida doimiy harakatda bo‘lishi juda matlub ishdir.
Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshilik qiluvchilaringizdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Erkak oila boshlig‘i sifatida adolatli, g‘amxo‘r va mehribon bo‘lishi kerak. U o‘z ayoli va farzandlarining ehtiyojlarini ta’minlab, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi lozim.
Xotinning vazifalari – oilada sog‘lom muhit yaratish, erga itoat va uning sha’nini asrash. U oila tinchligi va farovonligi uchun intilishi, eriga vafodor bo‘lib, farzandlar tarbiyasida fidoyilik ko‘rsatishi lozim.
Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ular sizlarning libosingiz, sizlar ularga libossiz” (Baqara surasi, 187-oyat).
Bu oyat nikohdagi juftlarning bir-biriga muhtojligi va ular o‘rtasidagi yaqinlikni ta’riflaydi.
Nikoh faqatgina ikki insonning emas, balki oilalar va jamiyatning ham mas’uliyatidir. Ko‘p hollarda ota-onalar, qarindoshlar va jamiyatning qo‘llab-quvvatlashi nikohning mustahkamligida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda ko‘pchilik oilaviy muammolar uchinchi tomonlarning (qaynona-qaynota, yaqinlar, do‘stlar) chuqur va nomunosib aralashuvi oqibatida kelib chiqmoqda. Har bir inson o‘ziga tegishli chegarani bilishi zarur.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Odamlarning arazlashganlarini yarashtirib qo‘yish nafl namoz o‘qishdan va nafl ro‘za tutishdan ko‘ra savobliroqdir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ota-onalar, qarindoshlar – yoshlar hayotiga rahbar sifatida kerakli maslahat beradilar, ammo ularning shaxsiy munosabatlariga befarq yoki ortiqcha aralashish – oilaviy muhitni buzishi, o‘rtadagi muhabbatni so‘ndirishi mumkin.
Ko‘pincha oilada ota-ona va farzandlar, oilaning boshqa a’zolari orasida ham turli kelishmovchilik bo‘lib turadi. Arzimagan sabab-bahonalar bilan tinch xonadonlar mojarolar maskaniga aylanadi. Bir-biriga yaqin, qadrdon, qarindoshlar o‘rtasida mehr-oqibat ko‘tariladi.
Kechira olish – go‘zal fazilat, dinimizda maqtalgan sifatlardan. Bir qarashda oniy yutqazishday ko‘ringan kechira olish katta mojarolarning oldini oladi, g‘alabani ta’minlaydi. “Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi” deganlariday, ikki oshufta qalbning arazi uzoqqa bormasligi kunday ravshan.
Sal ixtilof chiqdimi, bir tomon darrov murosa-kelishuv yo‘lini ko‘rishi kerak. Bir tomonning aql-idrok bilan ish tutishi shaytonning bo‘ynini sindirib, katta mojarolarning oldini oladi.
Joriy yilning birinchi choragida viloyat imom-xatiblari, otinoyilari 838 ta ana shunday nizomi oilani yarashtirishib, yoshlarning baxtli hayot kechirishiga sababchi bo‘ldilar.
Xulosa shuki, Islom oilaga yuksak maqom bergan, uni jamiyatning yuragi deb baholagan. Biz oyat va hadislar asosida shu muqaddas ne’matni asrash, mustahkamlash va yoshlarga to‘g‘ri yetkazish yo‘lida jiddiy harakat qilishimiz kerak.
Ubaydulloh ABDULLAYEV,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi