Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari bilan birga o'tirardilar. Shu payt bir a'robiy Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va 'alaa olihi vasallamning oldilariga savol so'rab keldi.
Sahobalar badaviylar savol so'rashsa juda xursand bo'lib ketardilar. Chunki badaviylar sahobalar tortingan savollarni berishdan aslo uyalmasdilar.
A'robiy: “Yo Allohning Rasuli, menga yaxshilikni o'rgating”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning qo'lidan ushlab turib: “Subhanalloh valhamdulillah va laa ilaha illallohu vallohu akbar, deb ayt” dedilar.
E'tibor bering, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam badaviyning qo'lidan ushlab so'zladilar. Biror kimsa bilan gaplashayotganda suhbatdoshning qo'lidan ushlab yoki elkasiga qo'lni qo'yib so'zlash juda ta'sirli uslub sanaladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham savolga javob berishga shoshilmadilar, balki oldin badaviyning qo'lidan tutib, keyin javob berdilar.
Biroz o'tib, haligi badaviy bir tafakkur qilib yana qaytib keldida: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Subhanalloh valhamdulillah va laa ilaha illallohu vallohu akbar” bular Alloh uchun, men uchunchi?” dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tabassum qildilar va: “Agar “Subhanalloh” desang, Alloh taolo “rost so'zlading” deydi, “Alhamdulillah” deb aytsang, Alloh “rost so'zlading” deb aytadi, “Laa ilaha illallohu” desang, Alloh “rost so'zlading” deydi, “Allohu akbar” deb aytsang, Alloh taolo “rost so'zlading” deb aytadi. Agar “Allohummag'firliy” deb aytsang, Alloh “kechirdim” deydi, “varhamniy” desang, Alloh “rahm qildim” deydi, “varzuqniy” deb aytsang, Alloh “rizqlantirdim” deb javob beradi”, dedilar.
A'robiy barmoqlari bilan etti narsani sanadida, so'ng yana ortiga qaytib ketdi.
Yana boshqa hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taologa kalomlarning eng sevimlisi to'rttadir: Subhanallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar”;
“Subhanallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar, deb aytishim men uchun quyosh chiqib, nur sochganidan yaxshiroqdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Ushbu zikrlarni ayniqsa bomdod namozidan so'ng quyosh chiqquniga qadar 100 marotabadan aytishning ajru mukofoti nihoyatda katta. Ulkan savoblarga, gunohlarning kechirilishiga va boshqa foydalarga erishtiradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Isro kechasi Ibrohim alayhissalomga yo'liqdim. U zot: “Yo Muhammad, ummatingizga mendan salom ayting va jannatning tuprog'i pok, suvi shirin va o'simligi“Subhanallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar”ekanining xabar bering”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu to'rt zikr “Subhanallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar”ni aytishga ko'p bilan bor yo'g'i 10 soniya (sekund) ketadi. Ammo Alloh taolo bu zikrlar sababli rizqingizni qanchalik keng qiladi. Ko'pchilik rizq deganda, faqatgina moddiy boylikni tushunadi. Ammo namozingizni ado etishingiz, uyga sog'-omon qaytib borishingiz va ahli ayolingiz sizni xursand holda kutib olishi, Qur'oni karimdan bir oyat bo'lsa ham o'qiy olishingiz ham Alloh bergan rizqdir.
“Subhanalloh valhamdulillah va laa ilaha illallohu vallohu akbar. Allohummag'firliy varhamniy varzuqniy”....
Alloh taolo barchamizni O'zini ko'p zikr qiluvchi zokir bandalaridan qilsin.
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.
Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.
Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.
Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.
Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).
Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.
Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari