Ulamolarning Toshkent viloyatiga tashrifi mo'min-musulmonlarga ma'naviy tuhfa bo'lmoqda. Ayniqsa, peshin namozidan keyingi ma'ruzalar odamlar ma'naviyatini yuksaltirib, diniy saviyasini oshirmoqda.
Bugun O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining o'rinbosari Ibrohimjon domla Inomov Chinoz tumanidagi “Saidrahmon to'ra”, O'MI raisi maslahatchisi Salohiddin domla Sharipov “Yangi Chinoz”, Toshkent shahar bosh imom-xatibi o'rinbosari Abduqahhor domla Yunusov Oqqo'rg'on tumanidagi “Erbo'ta qozi”, Toshkent shahridagi “Islomobod” masjidi imom-xatibi Abdulloh domla Yo'ldoshev Quyi Chirchiq tumanidagi “Yangi mahalla”, Toshkent shahridagi “To'xtaboyvachcha” masjidi imom-xatibi Zokirjon domla Shapifov “O'nqo'rgon” jome masjidga tashrif buyurib, ma'ruzalar qilib berishdi.
Dildan qilingan suhbatlar savol-javoblarga ulanib, namozxonlarda katta taassurot qoldirdi.
***
Masjid qurilishi ko'zdan kechirildi
Ulamolarimizning Toshkent viloyatiga tashrifi davom etmoqda. Jumladan, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov va O'zbekistondagi islom tsivilizatsiyasi marzkazi mas'ul xodimi Abror Muxtor Ali Chinoz tumani “Qozi” mahallada bunyod etilayotgan yangi masjid qurilish jarayonini ko'zdan kechirishib, usta-quruvchilarga zarur maslahat va tavsiyalar berdilar.
Yangi jome ishga tushishi bilan o'z bag'riga 4 ming namozxonni sig'diradi. Tashrif so'ngida ushbu masjid tez orada foydalanishga topshirilishini so'rab, xayrli duolar qilindi.
Toshkent viloyat vakilligi matbuot xizmati
Savol: Masjiddagi jamoatda ba’zan oldingi safdagi odamning kiyimi kalta bo‘lgani uchun sajdada orqasi qisman ochilib qoladi va bexosdan unga ko‘zimiz tushib qoladi. Shu holatda tahorat yoki namozimiz buzilmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ulamolar tahorat va namozni buzuvchi omillarni birma-bir sanaganlar. Ular ichida birovning avratiga ko‘z tushib qolish sababli buziladi, degan gap yo‘q. Birovning, xoh ayolning, xoh erkakning avratiga qarash sababli bavl yoki biror suyuqlik chiqmasa, tahorat sinmaydi. Ammo bu degani qarash, nazar solish mumkin ekan, deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday ishlar aslo mumkin emas.
Bir narsani yodda tutish lozimki, namoz o‘qish uchun tayyorlanayotgan inson namoz o‘qish asnosida avratlari ochilib qolmasligining chorasini ko‘rishi kerak bo‘ladi. Chunki bir rukn (farz amali) miqdoricha avratining to‘rtdan biri ochilib tursa, uning namozi buziladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi