frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Allohni maxfiy zikr qilishning fazilati

09.07.2021   8339   5 min.
Allohni maxfiy zikr qilishning fazilati

Abdulqodir Giloniy hazratlari hadislarga tayangan holda kitobida bunday yozadi: «Oxiratda bandaning amallari hisob-kitob qilingan vaqtda uyum-uyum savoblar yozilganini ko'rib hayron qoladi va Allohga: «Yo Robbim, bu savoblar qayerdan keldi va nima uchun berildi, bilmayman?», der emish... Alloh taolo: «Ey bandam, sen dunyoda duo qilib, so'ragan narsang men yozgan taqdirimga to'g'ri kelmaganligi uchun ham senga berilmadi. Bugun o'sha so'raganing haqiga savoblar berilayapti», der ekan... Banda: «Koshki, duolarimning hammasi shunday bo'lib, ulug' savoblar topsaydim», – deb aytarmish...

Allohning huzurida turganligingizni his etib, qo'lingizga tasbeh olib, hadisi shariflarda qayd etilgan quyidagi 5 ta zikrni ayting:

  1. 100 marta «Astag'firulloh» yo «Astag'firullohal a'ziym» deng.
  2. 100 marta «Laa ilaha illalloh» deb ayting.
  3. 1000 marta «Alloh» deng! Har 100 martasida «Ilohiy anta maqsudi va rizoka matlubiy» deng.
  4. 100 marta salavoti sharif ayting.
  5. 100 marta ixlosi sharifni o'qing.

Bu zikrlarni shu tartibda bajarganingizdan keyin, dunyo va oxiratingiz uchun duo qilasizlar.

Duolarda ota-onangizni unutmang, chunki unutgan bandalarni Alloh sevmaydi. Undan keyin musulmonlar haqqiga, qo'ni-qo'shni, sevganlaringiz haqiga ham duo qilasizlar. Alloh shu duolaringiz sababidan ham mukofotlantiradi.

Albatta, zikrning boshqa turlari ham bor. Yuqoridagi zikrlarni xohlagan paytda ham aytishingiz mumkin. «Alloh» zikrini qalb bilan aytasiz, ya'ni «Zikrul qalbiya» qilasiz.

Og'zingizni yopib, iloji bo'lsa ko'zingizni ham yopib, ichdan sassiz-ovozsiz «Alloh» deyishni davom ettiring... Mana shunday, ovozsiz, til, lablarni qimirlatmasdan, birovga bildirmasdan qilingan zikrni – zikri qalbiy deydilar. Buning savobi juda baland. Birov sezmagani uchun, unda riyo tahlikasi bo'lmaydi, boshqalarning ham diqqati qaratilmaydi. Alloh biladigan bunday zikrni farishtalar ham eshitmas emish...

Bir inson Alloh yo'liga pul sarflasa, Alloh unga 700 barobar savob yozadi. («Ramuzul Ahodis», 691-b.) 700 barobar, hadisda aytilayapti. Masalan siz masjid, xayrli joylarga, muhtoj kishilarga ehson qilsangiz 700 barobar savob topasiz. Ming so'm bersangiz, 700000 so'm bergandek bo'lasizlar. 10000 so'm bersangiz, 7000000 so'm bergandek bo'lasizlar. Juda savobli ish bu. Lekin yana bir hadis bor:

«Allohni zikr qilish, ya'ni, «Alloh, Alloh» deyish, «Laa ilaha illalloh» deyish – Alloh yo'lida pul sarflashdan 100 barobar ziyodadir.

Agar savob 700 barobar bo'lsa, boshqa savobli ish esa undan 100 barobar ziyod bo'lsa, 70000 savob bo'ladi. Ya'ni, kishi bir marta Alloh desa, unga 70000 savob yoziladi. Aqlli odam shuncha savobdan qochadimi? Oxiratni, savobni o'ylagan odam zikr aytishdan qochmaydi, parvosizlik qilmaydi, imkonni qo'ldan boy bermaydi...

Yana bir hadisda: «Ovoz chiqarmasdan riyosiz, shuhratsiz, ichdan qilingan zikr, jahriya qilingan zikrdan 70 marta savobi ortiqroq» ekanligi aytiladi.

Demak, hadislarga binoan (70000 x 70 = 4900000) 4900000ta savob bo'ladi muhtaram birodarlar. Inson qalbdan bir marta Alloh desa, shuncha miqdor savob topadi. Yana bir marta aytsa, yana shuncha savob... Oz emas bu!!!

Biz bu foniy dunyoda nima uchun yashayapmiz. Allohning rizosini topish uchun. Nega va'z o'qiyapmiz? Allohning rizosiga erishish uchun. Nega va'z eshitayapmiz? Allohning rizosiga erishish uchun.

Shuning uchun bu zikrlarni doim aytinglar. Yo'lda, transportda, o'tirganda, yurganda, hatto yozganda qalbingiz «Alloh» deb zikr qilsin. Ustozimiz Muhammad Zohid Qo'tqu roziyallohu anhu bilan ba'zan bir xonada yotishga to'g'ri kelardi. Bir kun sayohat munosabati bilan Anqarada bir kishinikiga mehmon bo'lib yotib qoldik. Ustozimiz keksa, charchagan edi. Mehmonxonaning bir tomonida «xur-xur» qilib uxlab qoldilar. Lekin u kishidan muntazam «Alloh, Alloh, Alloh» degan ovoz eshitilib turdi, hayron qoldim. Sirli va qiziq narsa...

 

"Islom va axloq" kitobidan olindi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Siz eng boy odamsiz!

10.08.2026   9505   1 min.
Siz eng boy odamsiz!

Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.


Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...


Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
 

Akbarshoh RASULOV

 

Ibratli hikoyalar