Avval xabar berganimizdek, ayni kunda yurtimiz bo'ylab ulamolarimizning diniy-ma'rifiy suhbatlari Toshkent viloyatida davom etmoqda.
Bugun, 8 iyun' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohimjon domla Inomov Bekobod shahridagi “Qora mozor” jomesiga tashrif buyurib, masjid yangi binosi qurilishi bilan tanishib, yig'ilganlar bilan ma'rifiy suhbat qurdilar. Jumladan, ularda yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli islohotlar, bugungi kundagi dolzarb masalalar bo'yicha ma'ruza qildilar. Bundan hudud ahli mamnun bo'lib, minnatdorligini izhor qilmoqdalar.
Shuningdek, Toshkent shahar bosh imom xatibi o'rinbosari Abduqahhor domla Yunusov Bekobod shahridagi “No''mon ibn Sobit” jomesida, Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” masjidi imom-xatibi Ishoqjon domla Begmatov Bekobod tumani "Dalvarzin" jome masjidida yig'ilganlarga bugungi kundagi dolzarb masalalar bo'yicha ma'ruzalar qilib berdilar va namozxonlarni qiziqtirgan savollarga javob berdilar.
Ana shunday ma'rifiy uchrashuvlarni Bekobod tuman “Turkman” jome masjidida Toshkent shahar Chilonzor tumani bosh imom-xatibi Ergashali domla Rustamov, Bekobod tumani “Mulla Mamatqul” jome masjidida Yangiyo'l tumani bosh imom-xatibi Qamariddin domla, Bekobod tuman “Hos” jomesida Toshkent shahar “Kamoliddin Orif al-Buxoriy” masjidi imom-xatibi Zakariyo domla Hafizullayev, Bekobod tumani "Nayman" masjidida Toshkent shahar “Hazrati Imom” masjidi imom-xatibi Habibulloh domla Abdurazzoqov, Bekobod shahar “O'zbekiston” jome masjidida Toshkent shahar “Rakat” jome masjidi imom-xatibi Rabbimqul domla Muhammadiyevlar ham o'tkazdilar.
Toshkent viloyat vakilligi matbuot xizmati
O‘quv yili tugab, ota-onani ziyorat qilish, ularning xizmatiga borish vaqti kelgach, darslar tugab, imtihonlardan forig‘ bo‘lgach, «Endi butunlay bo‘shman, ilmdan forig‘ bo‘ldim», deb tasavvur qilmang. Ota-onaning xizmatida bo‘lib, duolarini oling. Ta’til payti ham siz uchun muhim bir vaqt hisoblanadi.
Ota-onangiz, aka-ukangiz, opa-singlingiz, qarindosh-urug‘laringiz nimalarni o‘rganganingizga, odobingiz qanday bo‘lganiga qiziqishadi. «O‘g‘limiz nimalarni o‘rganib keldi ekan-a, ustozlaridan nimalarni ta’lim oldi ekan» deb, havas ko‘zlari bilan qaray boshlashadi. Ana shunda siz ularni odobingiz, kamtarligingiz, xizmatingiz bilan xushnud qilsangiz, nafaqat o‘zingizni, balki ustozlaringizni, nafaqat ustozlaringizni, balki Islom dinini ham barchaga sevdirasiz.
Buning natijasi o‘laroq odamlarda din ilmiga rag‘bat oshib, ular ham farzandlarini ahli ilm qilishga, qori qilishga shoshib qoladilar. Aksincha, namozlar qazo bo‘la boshlasa, xulq-atvor yomon bo‘lsa, «Bu bola o‘qib yurib shu ahvolda bo‘lsa, bundan ko‘ra o‘qimaganimiz yaxshi ekan», deyishadi. Odamlarning ilm olishdan hafsalasi pir bo‘ladi, ustozlarni hurmat qilmay qo‘yishadi. Bu holatda dinga foydangiz emas, zararingiz ko‘proq tegadi. Bunday tolibi ilmlardan Alloh taoloning O‘zi asrasin!
Bir narsani yaxshi bilib oling: siz makonlar, holatlar o‘zgarishi bilan o‘zgarib qolavermang. Holatlar sizni o‘zgartirmasin, siz holatlarni o‘zgartiring. Doimo istiqomatda bo‘ling, sabot bilan turing. Alloh taolo har holatda ham sizni ko‘rib turganini aslo yodingizdan chiqarmang.
«Talabalik davrini qanday o‘tkazmoq kerak?» kitobidan