Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyul, 2025   |   1 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:36
Quyosh
05:13
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:50
Xufton
21:19
Bismillah
26 Iyul, 2025, 1 Safar, 1447

Islomga zid urf-odatlar Behbudiy davrida ham bo'lganmi?

08.07.2021   2112   13 min.
Islomga zid urf-odatlar Behbudiy davrida ham bo'lganmi?

HIH asr oxiri HH asr boshlarida Turkistonda ro'y bergan iqtisodiy-siyosiy harakatlar hosilasi ularoq jamiyatda yangi tizim, yangi hayot barpo bo'layotganidan dalolat edi. G'oyat murakkab bu davrda yashagan Mahmudxo'ja Behbudiy va uning safdoshlari mamlakatda madaniyat, maorif, ma'rifat targ'ib qilish yo'li bilan bugungi mustaqilligimiz poydevoriga tamal toshini qo'ydilar.

Turkistonda jadidlar harakatining rahnamosi yangi maktab asoschisi, o'zbek dramachiligining otasi, noshir, jurnalist Mahmudxo'ja Behbudiy edi. Milliy taraqqiyot va xalq ozodligi yo'lida jonfido jadidlar Samarqand, Toshkent shaharlarida yangi “Usuli savtiya” maktablarini tashkil qilishdi. Bu maktablar uchun ham diniy, ham dunyoviy kitob, darsliklar nashr qilishni jadidlar zimmalariga oldilar. Tabiiyki, buning uchun mablag' zarur edi.

Mahmudxo'ja Behbudiyning evarasi, zamondoshimiz Shohruxxon Behbudiyning ta'kidlashicha, Jomboy hududida bobosining katta bog'i bo'lib, undan olingan foyda evaziga maktab xarajatlari qoplangan. Bundan tashqari, samarqandlik boylar ham qarab turishmagan. “Kimdir aqcha, kimdir joma” bilan yordam qo'lini cho'zgan.

Halqni savodli qilmay turib, ozodlik haqida o'ylash mushkulligini anglagan jadidlar teatr sohasiga ham katta e'tibor qaratdilar. 1911 yilda yozilgan, 1913 yildagina namoyish qilingan “Padarkush” dramasi o'zbek sahna asarining birinchisi hisoblanadi. Halq tomonidan katta e'tirof ila kutib olingan bu dramada o'sha zamon maishiy hayotdagi bilimsizlik, jaholat, nodonlik, boylikka uchlik, padarkushlik kabi fojialar qalamga olingan.

“Halq nihoyatda ko'p kelib, bilet etmagani va joyni yo'qligi uchun uch-to'rt yuz kishi (!) qaytib ketdi”, - deb yozgan o'sha vaqtdagi matbuot.

Darvoqe, 1913 yilning bahor oylarida “Samarqand” gazetasi nashr etiladi. “Oyna” jurnaliga asos solinadi. “Turkistonda yangi adabiyot maydonga keldi. Bu men uchun kutilgan hol edi… Yangi adabiyotning markazi – Samarqand. Yosh qalamkashlarning bosh ilhomchisi samarqandlik muftiy Mahmudxo'ja Behbudiydir”, - deb yozadi turkiyshunos olim, akademik Aleksandr Nikolayevich Samoylovich. Tashkil etilgan gazeta va jurnallarni qiziqarli maqolalar bilan boyitish, noshirlikdagi yangi usullarni o'rganib, tatbiq etish, zarur asbob-uskunalar xarid qilish maqsadida Mahmudxo'ja Behbudiy safarga otlanadi va safar taassurotlarini “Qasdi safar” asarida bayon etadi. Asarning har bir qismi “Oyina” jurnalida bosiladi. Sayohatnomani o'qir ekansiz, HIH asr oxiri HH asr boshlaridagi madaniy hayot, siyosat, iqtisod, ayollar va erkaklarning jamiyatdagi o'rni, maktab va madrasalar, gazeta, jurnal va darsliklar ahvoli, har bir mamlakatning jug'rofiy tuzilishi, savdo-sotiq va bank ishlari, turkistonlik hojilarning sayohat davomidagi hayotlari va boshqa ko'plab mavzular bilan tanishasiz.

1914 yilning 29 may kuni safar tadorigida Mahmudxo'ja Behbudiy to'ng'ich o'g'illari Ma'sudxonga ro'zg'or ishlari, samarqandlik taniqli ziyoli Sayid Rizo Alizodaga “Oyina” jurnali mudirligi, mohir pedagog, tarjimon, publitsist Hoji Muinga muharrirlikni, “Kutubxonai Behbudiya” kotibligiga shoir Mullo Faxriddin Rojiyni mutasaddi qilib tayinlaydi. Yaqin Sharq mamlakatlariga uyushtirilayotgan bu ikkinchi sayohat qamrovi kengroq bo'lib, Ashxobod, Krasnovodsk, Boku, Mineralniye Vodi, Kislovodsk, Pyatigorsk, Jeleznovodsk, Rostov, Odessa, Istanbul, Adirna, Quddus, Bayrut, Yofa, Halil ar-Rahmon, Port Said, Shom shaharlarini o'z ichiga oladi.

Hurmatli o'quvchimga xuddi ana shu yo'nalish bo'yicha Behbudiy sayohatidan yuz yil o'tgach, men ham kezib chiqqanimni aytib o'tmoqchiman. Hohishingiz bo'lsa, siz ham sayohatga chiqing. Buning uchun sizga internet sarhadlaridagi ma'lumotlar asqotadi. Masalan, Behbudiy Istanbul shahridagi ko'rkam bog'lar, Bosfor bo'g'ozi yoki Shomdagi muqaddas masjid, madrasalar, Quddusi Sharifdagi Rasululloh qadami tekkan qutlug' Masjid al-Aqsoni tasvirlar ekan, siz ham internetdan shu joylarni topib, ham o'qish, ham tomosha qilish zavqini tuying.

Sayohatnoma ham ma'rifiy, ham adabiy-estetik jihatdan nihoyatda muhim. Ular adabiyotimizdagi an'anaviy tarixiy memuar janrining HH asr boshidagi o'ziga xos namunasidir. Asarda muallif turli-tuman millatning urf-odatlari, turmush tarzi xususida so'z yuritadi. Rossiyada kartoshka qaziyotgan rus ayollaridan tortib, rivojlangan mamlakatlardagi o'zi yurar “Osonsur” (ekskalator) haqida so'z yuritadi.

Marvda yuz minglab musulmon yashasada, biror joyda masjid uchramagani holda rus kalisosi mavjudligidan hayratlanadi. Qizil Arvoddagi qozoqlarning faqiru-muhtojligi turkman birodarlaridan oshib tushadi. Qozoq ziyolilari zamonda bo'layotgan o'zgarishlardan to'g'ri xulosa chiqarsalar, xalqning og'ir hayoti biroz engillashar edi, deb yozadi Mahmudxo'ja Behbudiy.

Boku shahar aholisi biroz badavlatroq yashashidan taskin topgan sayohatchi bu xalqning eng qora va isloh qilib bo'lmas odati haqida yozadi. “Biz, Turkistoniylar topganimizni to'y, o'lik va ko'pkariga sarf qilgandek, bu musulmon qarindoshlarimizning aksari o'z molini qiz olib qochib, janjoliga sarf etmoq bir-birovlarini o'ldurub, so'ngra bor pullarini sudu sinod yo'lida va umrlarini Sibiriyo cho'llariga sarf qilib, nobud bo'lar ekanlar”. Ozarboyjonlik birodarlarimiz hayotini tasvirlab, Turkistondagi serxarajat to'ylar, isrofgarchilik, udumlarning ko'pligini tanqid qiladi.

Pyatigorskni – Beshtog', Jeleznovodskni – Temirsuyi deb o'z nomida atashni lozim topgan Behbudiy bu erdagi so'lim tabiatda “salla va chodir uragan” purviqor tog'lar orasida barpo etilgan dam olish maskanlari xususida so'z yuritadi. Sog'liqni saqlash va tiklash maqsadida tashkil etilgan bu maskanlar aslida boylik orttirishning bir turi bo'lib, Turkistonlik boylar ham bu usuldan foydalanishsa, yurtimiz ham obod, ham sog'liqni saqlash yo'lida ilk yangi qadamlar tashlanadi.

Mahmudxo'ja Behbudiy qaysi shahar yoki davlatga bormasin mahalliy xalq hayotini taqqoslaydi: sabab va oqibat tuguni echimini izlaydi. Zamonaviy paroxod, tramvay, ekskalatorlar, yashash joyini ijaranishinga berib, o'zi boshqa yurtda turadigan boylar, poyezdda bilet sotish yo'llari, bankda savdo-sotiq va foizlar hisobi, gazeta va jurnal nashri xususida so'z yuritadi.

Ayniqsa, haj safariga chiqqan Turkiston hojilarining sarguzashti haqida hikoya qilar ekan, ko'plab qiziqarli ma'lumotlarni beradi. HH asr boshlarida Turkiyada to'rtta takya bo'lib, ularda asosan turkistonlik savdogar, sayohatchi, hojilar yashashgan. Takya - fors-tojik tilidan tarjima qilinganda, suyanmoq ma'nosini beradi.

Demak, dam olish, hordiq chiqarishga mo'ljallangan takyalarda maxsus xonalar bo'lib, yo'l charchog'ini chiqarish, oziq-ovqat xarid qilish va g'amlash uchun qulay bo'lgan. Yo'lovchilarning tuya va otlari uchun ham qunoq bo'lgan. Ana shunday takyalarning birida bir necha kun yashagan Mahmudxo'ja Behbudiy qunalg'aning xarobaligidan ozor chekadi. O'nlab yo'lovchilar yuklari bilan bir xonadan joy olishgan, buning ustiga eng arzon xuraklardan iste'mol qilishlari noxush kayfiyat uyg'otgan. Turkistonlik hojilar yo'lga otlanganda o'zlari bilan olib chiqqan qovurdoq va nonni xaltadan olib iste'mol qilishar, azbaroyi mahsulotlar ayniganidan toblari qochar, davolanish uchun maxsus tibbiy ko'rikka bormay, tabib bilan bamaslahat ish ko'rishlarini qoralaydi. Ota-bobolarimiz yo'lda uchrashi mumkin bo'lgan o'g'ri-qaroqchilardan mumkin qadar himoyalanish maqsadida ozroq mablag' bilan yo'lga otlanishgan.

Vaholanki, o'sha vaqtda paroxod, poyezd kabi transportlardan foydalanish mumkin bo'lgan. Bankka pul qo'yib xohlagan mamlakatdan echib olish imkoniyati bo'lgan. “Bizni ba'zi hojilar davlatlik bo'lsalar ham tablik, iflos, majjoniy takya va yoinki nihoyat arzon, murdor erlarni tarjih etarlar. Bizni hojilar aksariyatan u qadar kir bo'ladirlarki, durust utellarga borganda ham qo'ymaydurlar”.

Mahmudxo'ja Behbudiy Istanbulda Ismoilbek Gaspirali bilan uchrashganini zo'r ishtiyoq bilan tasvirlaydi. Mashhur “Ayo Sofiya”dan biror chaqirim uzoqlikda ko'rkam va obod gulxona, ya'ni saylgohda jadidlar rahnamosi Ismoilbek Gaspirali bilan suhbatlari maktab, maorif, yangi hukumat ishlari xususida bo'ladi. “Hukumat maktablariga turkistonlik qardoshlar bola bermog'idan” mamnunlik tuyadilar.

Qozonlik qrim-tatar millatiga mansub Ismoilbek Gaspirali butun dunyo musulmonlarini birlashtirish, sochib tashlangan turkiy xalqlarni milliy ruh, madaniyat, ma'rifat yo'lida birlashtirishga xizmat qilgan jadidlar “otasi” sifatida tarixda nom qoldirdi. U kishining olti farzandlaridan biri umrining oxirgi yillarida Samarqandda nochorlikda o'tkazganligi haqidagi ma'lumotni adib, jurnalist Mirsharif Ho'jayev o'zining “Hodarvish shamoli” kitobida yozgan. Taqdirning achchiq shamoli siyosat qurbonlarini “xalq dushmani” tamg'asi ostida o'zga yurtlarga sochib yuboradi.

Millat taqdiri ma'rifat va maorifni oshirish bilan belgilanishini chuqur anglagan Ismoilbek Gaspirali va uning safdoshlari jaholat qurboni bo'ldilar.

Sayohat davomida Bayrut shahrida arab va turk boylari bilan ziyofatda bo'lgan suhbatni to'lig'icha keltirmoqchiman. Zotan, xulosa chiqarsak.

“Dedim: “Na uchun ichmaysizlar?”

Dedilarki: “Alhamdulilloh, musulmonmiz. Olloh azim-ush-shon Hazratlari Qur'oni Karimda afandimiz vositalari ila nayhi etibdurki, 1300 sana so'ngra ovrupoyilar bu xabislaring zararini bilib, o'zlarin saqlamoqdadur. Biz qanday icharmiz. Anvarbegimizda ichgan afisarlarni silki muqaddas askariydan tard etar”.
Dedim: “Yey, misriylarga na bo'ldi?”

Undan dedilarki, bizning maktablarda muning zararidin bahs etarlarki, insonning ichkisi kelmaydur.
Dedilarki : “Turkistonu Buxoro qandaydur?”

Majburan to'g'risini so'yladim…
Dedilar: “Astag'firullo!’’

1914 yilda nashr qilingan “Oyna” jurnalining 51-sonida Mahmudxo'ja Behbudiy masjid al-Aqso ash-sharif xususida ma'lumot qoldirgan. “…munday muqaddas va mutabarruk muqomlarga bandani etkurgoni uchun Olloh zuljalolga tashakkur va arzu niyoz va ubudiyat etdim”, - deb yozadi. Mukarram Quddusda joylashgan “Masjid al-aqso” islom olamida Makka va Madinadagi masjidlardan keyin turuvchi muqaddas joy. Bu erda bir vaqtning o'zida 5000 kishi namoz o'qishi mumkin.

Islom olamida Payg'ambarimizning sallolohu alayhi va sallam mehroj kechalari bilan bog'langan. Masjid 7 ta katta ravoq va ko'p sonli toqlardan iborat bo'lib, turfarang marmar, katta va yorug' qandillar, Istanbuldan yuborilgan qalin gilamlar odamzod zakovati ila yaratilganligi hayratli. Insoniyatni ezgulikka, hidoyatga, ma'rifatga chog'lovchi va bu yo'lda hech qanday boylikni iqtisod qilmagan muqaddas musulmonlar, boniylar, fotihlar ruhi poklariga atab Qur'ondan tilovat qilib, keyingi avlod musulmonlari bu yo'lda biroz adashganligini nadomat bilan yozadi. Hatto, shunday mahobatli masjidlar ziyoratidan chiqayotgan turkistonli ziyoratchilarning so'zlari: “sadag'asi ketay, xub mazor ekan, lekin tugi yo'q ekan”, deb hasratlanishi dillarni xunob qiladi.

Misr ko'chalarini sayr qilgan Mahmudxo'ja Behbudiy janoza ustidan chiqadi. Narvonsiz tobut ko'tarib ketayotgan kishilar ortidan tushadilar. Yig'i-sig'i yo'q, barcha “La ilaha illalloh”ni qaytarib bormoqda. Mayit ko'milgach, yirtish, ortiqcha xarajat yo'q. Bizda esa eri o'lgan ayol sochini yulib, yuz va badanlarini timdalab tashlaydi. Ortiqsa sarf-xarajatlar qilib, ziyofatlar beriladi.

Demak, bizda nafaqat maorif va ma'rifatda, balki diniy ishlarda ham uquvimiz yo'q. Islom dini asl mohiyatini bilmasligimiz oqibatida xurofotga cho'mganmiz. Afsuski, bu hollar hanuzgacha davom etmoqda. “Behbudiyning ushbu safari bilan bugungi kun orasida 80 yildan ortiqroq tarix turibdi, - deb yozadi atoqli olim Begali Qosimov 1997 yilda nashr qilingan “Tanlangan asarlar”ida. - Sakson yilda mubolag'asiz sakkiz yuz yillik voqealar bo'lib o'tdi. Shularga qaramay “Hotiralar”dagi ma'rifiy ruh, iztirob to'la fikr-mulohazalar, muallifning tashna nigohi sizni befarq qoldirmaydi.

Ha, Behbudiy nazari bilan sayohat qilib ko'p tafsilotlarni bilish mumkin. Davrlar o'tdi, lekin Behbudiy sanab o'tgan ko'plab kamchiliklar hali-hanuz echimini topgani yo'q.

Dilafruz RAHMATOVA,
Samarqand davlat chet tillar instituti o'qituvchisi, “Zarafshon” gazetasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Olim quyoshga o‘xshaydi...

23.07.2025   5624   8 min.
Olim quyoshga o‘xshaydi...

Barchamizga ma’lumki, har bir ota-ona o‘z farzandlarining istiqboli, baxt-saodati va kelajakda mustaqil hayot kechirib, jismoniy va ruhiy jihatdan barkamol avlod bo‘lib yetishishini niyat qiladi. Mana shu maqsadlarga yetishishda Islom dinining tom ma’nodagi ulug‘vor ta’limotiga amal qilish muhim ahamiyatga ega. Islom dinida bolalarni hali murg‘akligidanoq go‘zal axloq va odobga o‘rgatib borish tavsiya etiladi.

Dinimizda yoshlarni asosan rostgo‘ylik, va’daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o‘zgalarga mehr-oqibatli bo‘lish kabi fazilatlar sohibi qilib voyaga yetkazishga katta ahamiyat qaratiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida bunday deganlar: “Ota o‘z bolasiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).

Tarbiya inson kamolotining asosidir. Bizda farzand tarbiyasi har bir oila uchun asosiy vazifa bo‘lib kelgan. Hozirda ham yoshlar tarbiyasiga, ularning sifatli bilim olishlariga davlatimiz miqyosida katta ahamiyat berilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda shunday ta’kidlagan edilar: “Mening eng katta tashvishim, maqsadim — yoshlar tarbiyasi. Biz olgan marralar uchun bilimli avlod kerak. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilyapmiz. Sizlar esa vaqtning qadriga yetib, bor imkoniyatni ishga solib, o‘qishingiz kerak. Olgan bilimingiz, o‘rgangan kasb-hunaringiz kelajakda sizlarga qanot bo‘ladi”.

Bugungi kunda davlatimiz tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga, ularni aqlan va ma’nan yetuk avlod bo‘lib yetishishiga katta e’tibor qaratilmoqda.

Islom dini ta’limotida yoshlarni aqlan tarbiya qilish ham muhim masala sanaladi. Bunda ularni manfaatli ilm sohibi qilib tarbiyalash, fikriy va ilmiy jihatdan yetuk inson qilib kamolga yetkazish nazarda tutiladi. Islom dinida ilm deganda diniy ham dunyoviy ilmlar tushuniladi. Diniy ilm insonning ruhiy hayoti, uning e’tiqodiga oid bo‘lib, oxirati uchun zarur bo‘lsa, dunyoviy ilm uning jismoniy hayoti, dunyo obodligi uchun zarurdir.

Islom ta’limotlariga jonu dili bilan amal qilgan ajdodlarimiz, buyuk bobokalonlarimiz ham shariat, ham tariqat va ham ilm-fan sohasida butun dunyoga o‘rnak bo‘lganlar.

Buyuk shoir va mutafakkir Nizomiddin Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”.

Inson dunyoda yashar ekan, o‘z hayotini go‘zal o‘tkazishga harakat qiladi. Turmushning farovon bo‘lishi, jamiyatning taraqqiy etishi esa faqat ilm-fan bilan bo‘ladi. Qayerda ilm-fan rivoj topsa, o‘sha yerda tarqqiyot bor. Ilm-fanning rivoji esa ilm egalari – olimlar bilan bo‘ladi.

Islom dini musulmonlarni doimo ilmga undagan. Chunki inson shaxsiyatini ilmdan boshqa hech narsa to‘g‘ri yo‘lga sola olmaydi, taraqqiyotga ham erishtira olmaydi.

«Bilimli inson quyoshga o‘xshaydi, kirgan joyini yoritadi».

Ha, ilm qorong‘uliklarni yorituvchi mash’aladir. Qorong‘ulikda qolgan har bir kishi unga muhtoj. Yuksak pog‘onalarga ilm narvoni bilan chiqiladi. Taraqqiy etishni va kamolot topishni istasak ilmning etagini mahkam ushlaylik.

Shunday ekan, biz musulmonlar o‘z farzandlarimizni bugungi kun talablari asosida tarbiyalashimiz, ularni zamonaviy ilm va kasb-hunarga yo‘naltirishga bor kuchimizni sarflashimiz lozim. Shunda farzandlarimiz xorij mamlakatlariga ishlash uchun “qora ishchi” bo‘lib emas, balki mutaxassis sifatida boradilar.

So‘nggi yillarda Yurtboshimiz tomonlaridan yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlar va chet tiliga o‘rgatish bo‘yicha ilgari surilgan “1000 dasturchi”, “Ikki til, bir kasb” loyihalaridan ham aynan shu ezgu maqsad ko‘zlangan...

Albatta, musulmon inson o‘zga insonlarga avvalo o‘zining yuksak axloqi bilan namuna bo‘lishi kerak. Zero, insonlar xulqi go‘zal kishini yaxshi ko‘radilar. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Islomga chaqirishni boshlaganlarida qarindoshlarini “Ey Bani Fihr, ey Bani Adiy” deb chaqirdilar. Barcha to‘plandi, uyidan chiqishga imkoni bo‘lmagan kishilar nima bo‘layotganini bilib kelish uchun odam jo‘natdilar. Rasululloh alayhissalotu vasallam: “Agar men sizlarga mana bu tog‘ etagidagi vodiyda otliqlar ustingizga bostirib kelishga tayyor turibdi, deb xabar bersam, menga ishonasizlarmi?”, dedilar. Ular: “Sizning biror marta yolg‘on gapirganingizni bilmaymiz, Sizga ishonamiz”, deyishdi. Shundan keyin u zot o‘zlarini Payg‘ambar qilib yuborilganlarini aytdilar.

Bu o‘rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar ekanlarini turli hujjat va mo‘jizalar orqali isbotlash bilan e’lon qilmadilar. Balki, eng avvalo ularga o‘zlarining axloqlari haqida savol berib, o‘zlarining rostgo‘y ekanliklarini tasdiqlatib oldilar. Bundan ko‘rinib turibdiki, musulmon kishi o‘zga kishilarga eng avvalo amali, xulqi va odobi bilan namuna bo‘lishi kerak ekan.

Kishi husni xulqli bo‘lishi uchun ahli ilm va solih zotlarni suhbatlaridan bahramand bo‘lishi va ularni odob axloqlaridan o‘ziga namuna olishi ham ayni muddaodir. Bu haqda Ibn Vahb rahmatullohi alayh bunday deganlar: “Imom Molikning ilmlaridan ko‘ra, u zotning odoblaridan o‘rganganimiz ko‘proq bo‘ldi”.

Demak, husni xulq va odob kishida o‘z-o‘zidan shakllanib qolmas ekan. Balki uni ilm ahli bilan hamsuhbat bo‘lish, ulardan ilm olish bilan birga odob-axloqlarini o‘rganish bilan kasb qilinar ekan. Ushbu xislat o‘tgan salafi solihlarimizning go‘zal odatlaridan bo‘lgan.

Junayd Bag‘dodiy rahimahulloh aytadilar: “Garchi insonning ilmi va amali oz bo‘lsa ham, to‘rtta narsa uni yuqori darajalarga ko‘taradi: Hilimlik, tavoze’lik, saxiylik va husni xulqdir. Husni xulq imonning komilligidir”.

Luqmoni Hakimning o‘g‘li otasiga: “Ey otajon, inson uchun qaysi xislat yaxshiroq?” dedi. Otasi: Din, deb javob berdi. “Agar xislat ikkita bo‘lsa-chi?” deb so‘radi. Otasi: Din va mol, dedi. Agar uchta bo‘lsa-chi? dedi o‘g‘li. Otasi: “Din, mol va hayo, dedi. O‘g‘il: “Agar to‘rtta bo‘lsa-chi?” dedi.

Otasi: Din, mol, hayo va chiroyli xulq, dedi. “Agar beshta bo‘lsa-chi?” dedi o‘g‘li. Otasi: Din, mol, hayo, chiroyli xulq va saxiylik, deb javob berdi. O‘g‘il yana: Oltita bo‘lsa-chi? deb ham so‘ragan edi, Luqmoni Hakim: “Ey o‘g‘lim, agar insonda mana shu besh xislat jamlansa, u pokiza, taqvodor, Allohga do‘st va shaytondan uzoq bo‘ladi” deb javob qildi. Mana shu beshta xislatlar borligi ham mo‘minlik sifatlaridandir.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Albatta, banda chiroyli xulqi bilan jannatda oliy maqomga yetadi, garchi (nafl) ibodatini ko‘p qilsa ham”.

Inson yomon xulqi bilan boshqa insonlarni ko‘ngliga ozor beradigan bo‘lsa, o‘sha xulqi tufayli qilgan yaxshiliklari ham bekor bo‘ladi.

Kishi ilmga qancha muhtoj bo‘lsa, go‘zal xulqqa va odobga ham shuncha muhtojdir. Zero, ilm, go‘zal xulq va odob insonni kamolotga yetkazuvchi ikki qanotdir. Axloqi komil, bir-biriga mehribon va madadkor jamiyat baxtli va farovon jamiyatdir.

Farzandlarimiz ilm-ma’rifatli bo‘lishida eng katta mas’ul biz ota-onalar ekanimizni zinhor zinhor unutmaylik. Farzandim ilmli, odobli, kasb-hunarga ega bo‘lib, hayotda o‘z o‘rnini topib, oilasiga, vataniga, muborak diniga xizmat qiladigan, orzu-havaslaringizni ro‘yobga chiqaradigan inson bo‘lsin desak, hayotda turli keraksiz, ortiqcha hoyu-havaslarga berilib ketmasdan, ularning ehtiyoji uchun eng zaruriy badiiy, ilmiy, tanlagan kasbiga oid, dunyo va oxiratiga manfaat beradigan kitoblar, darsliklar olib berishga erinmaylik. Albatta, olib berib, ularni xursand qilib, qo‘llab-quvvatlab, shu kitoblarni birga o‘qiylik yoki o‘qishini albatta nazorat qilib turaylik.

Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.