Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyun, 2025   |   19 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
15 Iyun, 2025, 19 Zulhijja, 1446

Nikohda munosib vaqt va sog'lom farzand

07.07.2021   2394   11 min.
Nikohda munosib vaqt va sog'lom farzand

Farzand tug'ilganida nafaqat ota-ona, balki yaqinlar ham xursand bo'ladi. Jamiyatda har bir inson farzand ko'rgan kunni eng quvonchli kun deb biladi. Farzand tuqqan ayol qadr topadi. Onalik sharafiga muyassar bo'ladi. O'zini baxtiyor his qiladi. Ota, ayniqsa, birinchi farzandi tug'ilganida eru ko'kka sig'maydi. Farzand ne'mati ota qalbini faxr tuyg'usiga to'ldiradi. Qasrining bo'g'iq havosi jannat rayhonining isi bilan to'ladi. Honadondan go'dak yig'isi va yaqinlarining kulgisi eshitiladi.

Dinimiz nasl va nasabni saqlash uchun nikoh va uning ahkomlarini bayon qilib berdi. Nikoh barcha payg'ambarlarning halol bilan haromni ajratuvchi sunnat amalidir. Nikoh bilan ota-ona kelgusi avlodlarining asosiy tamal toshini qo'yadi. Qiz o'zi uchun munosib juft tanlasa, kelajakda farzandlariga risoladagidek ota tanlagan bo'ladi. Yigit ham o'zi uchun yaxshi juft tanlasa, kelajakda farzandlariga munosib onani ravo ko'rgan bo'ladi.

Bir ulug' zot farzandlariga: “Sizlarga tug'ilmasinglardan oldin ham, keyin ham ko'p yaxshiliklar qilganman”, dedi. Farzandlar: “Otajon, tug'ilganimizda katta qildingiz, ta'lim-tarbiya berdingiz, uylantirib, el-yurtga qo'shdingiz. Ammo tug'ilmasimizdan oldin qanday yaxshilik qildingiz?” dedilar. Ota shunday javob berdi: “O'g'illarim, tug'ilmasinglardan avval sizlarga munosib ona tanladim”. Otaning munosib tanlovi farzandlar salohiyatining garovi bo'ldi.

Ming afsuski, keyingi vaqtlarda qizlarni erta turmushga uzatish eng dolzarb va hammani o'ylantiradigan muammoli masalalardan bo'lib qolmoqda. Ota-onalar orzu-havasga tezroq etishish maqsadida, hatto, yoshlarning fikri bilan qiziqmasdan to'y qilish taraddudiga tushib ketmoqdalar. Yigit-qizlar turmushga tayyormi, yo'qmi, buni hisobga olmayaptilar. Ayrim insonlar balog'at yoshini kamolot yoshi, deb tushunishadi. Aslida esa balog'at yoshi nikoh yoshi emas, balki nikoh qurish uchun voyaga etgan bo'lish shart. Shuning uchun ham shariatimizda qiz bolani turmushga berishda uning roziligi so'raladi.

Oilaviy hayotning ostonasi bo'lmish nikoh doimo keng mushohada va tajribali insonlar bilan kengashib amalga oshirilishining fazilatlari ko'p. Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan hadisda Payg'ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turmushga chiqayotgan xotin-qizlarning o'zlari bilan maslahatlashish kerakligini aytganlar. Maslahatlashish qizdan kuyovlikka tanlanayotgan yigit haqidagi fikrlarini bilishdangina iborat bo'lib qolmay, uning kelinlik mas'uliyati vazifalarini qanday tushunishi, ularni ado etishga uquvi, malakasi, sog'ligi, xohish-irodasi qay darajada ekanini hisobga olib, yo'l tutishni ham taqozo etadi.

Avvalo bir haqiqatni unutmasligimiz kerak. Qizlarning balog'at yoshiga etgani turmush kurishga tayyor degani emas. Bu yoshdagi qizlar hali jismonan o'smirlik davrini boshidan kechirayotgan, ruhiy holati barqarorlashmagan, atrofdagi voqeliklarga ta'sirchan va engil baho beradigan bo'lishi allaqachon tibbiyotda o'z tasdig'ini topgan. Bugungi kunda turli tekshiruv natijalari shuni ko'rsatmoqdaki, bolalardagi turli hil anomaliyalar, ayniksa, asab tizimi va genetik nuqsonlar aynan  erta turmush asoratlari tufayli yuzaga kelayotir. Buning oldini olish uchun, avvalo, ota-onalar etarli tibbiy bilim va tushunchaga ega bo'lishi lozim. Ammo ayrimlar erta turmushning salbiy oqibatlarini ko'ra-bila turib, shoshma- shosharlik va o'zboshimchalik bilan qaror qabul qilishadi. Natijada nosog'lom farzandlar dunyoga keladi, oilalar o'rtasida sovuqchilik paydo bo'ladi, yosh kelin-kuyov ruhiy tushkunlikka tushib qoladi. Kimningdir o'ylamay qilgan xatosi tufayli yosh oilalar buzilib ketadi, yoshlarning hayoti izdan chiqadi.

Ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko'ra, erta turmush qurgan qizlarning organizmi sog'lom farzandni dunyoga keltirishga to'la tayyor bo'lmaydi. Erta farzand ko'rish yosh ona salomatligiga ham, undan tug'ilajak bola sog'ligiga ham ma'lum darajada xavf tug'diradi. Bundan tashqari, er-xotinning bola parvarishi, oilaviy muammolarni hal qilishdagi tajribasizligi oilalarni ko'pincha barbod etmoqda. Bunday oilalarda tarbiyalanayotgan bolalar o'rtasida kasallanish va o'lim holatlari ko'p ekani aytiladi. Aniqlanishicha, 16 - 17 yoshlarda ona bo'lish bir qator muammolarni keltirib chiqaradi. Ularda homiladorlik va tug'ruqlar jismonan og'irroq kechadi, bundan tashqari ma'nan, jismonan tez charchab qolish, kechalari bolaga turib qarashga kuch-quvvat etishmasligi, chaqaloqqa psixologik jihatdan moslasha olmaslik kuzatiladi.

Bugun erta turmush qurganlarning aksariyati turli xil qiyinchilik va muammolarni engib o'tishda qiynalishyapti. Oqibatda aynan shunday oilalar o'rtasida ajralishlar sodir bo'lmoqda. Keyingi paytlarda ajrimlar, asosan, yosh oilalar orasida kuzatilayotganiga guvoh bo'lmoqdamiz. Yigit-qizlarning erta turmush qurishi, katta hayotga tayyor emasligi, o'zaro kelisha olmaslik, muomala madaniyatining shakllanmagani, ro'zg'or ishlarida uquvsizlik kabi jihatlar oqibatida ayrim oilalar buzilib ketyapti.

“Har narsaning tabiiy bir o'lchovi bordir. O'lchovsiz ish hech vaqtda foyda bermaydi. Nikohning ham ma'lum vaqti bo'lib, undan oldin yoki kech qolish yo tib, yo axloq jihatiga ko'ra zarar keltiradi. Nikoh vaqtida er bilan xotun orasida yosh e'tiboriga qarab muvofiq bo'lishi tabiiy bir ishdir. Nikoh uchun tabiiy bo'lgan yosh erlarda yigirma bilan qirq orasida, qizlarda o'n sakkiz bilan o'ttiz orasidadir. Bundan so'ng yoki ilk bo'lgan nikohlar foydasiz bo'ladi”. Ikki asr ilgari ma'rifatparvar olim Rizouddin ibn Faxruddinning “Oila” nomli asarida ilgari surilgan ushbu fikrlar bugun ham o'z ahamiyatini yo'qotmagan.

Anas r.a. dan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Erlariga mehribon, farzand ko'ra oladigan ayollarga uylaninglar. Chunki men qiyomat kuni sizlarning ko'pligingiz bilan boshqa ummatlar oldida maqtanaman” . Erta turmushga chiqqan qizlarda bunday ibratli fazilatlarning bo'lishi nodir ishlardan ekanligi hech kimga sir emas.

Nikoh va oila masalasiga ota - onalar ham doimo katta ahamiyat berishlari lozim. Ular o'z farzandlarini yosh jihatidan oila qurishga tayyor ekanligiga to'la qanoat hosil qilib, so'ngra nikohdan o'tkazishlari shart.

Kishi hayotida bir marta bo'ladigan umr savdosi bo'lmish nikoh masalasi doimo keng mushohada va kengash bilan amalga oshirilgani ma'quldir. Shu o'rinda Payg'ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflarini esga olish joizdir: "Qizlarni turmushga chiqarish to'g'risida onalari bilan maslahatlashinglar".

Bir narsaga ahamiyat berishimiz lozim, qizlarning balog'at yoshi bilan turmush qurish yoshi boshqa - boshqa narsa ekani hayotda o'z isbotini topmoqda. Balog'at yoshi haqidagi munozaralarga bir oz oydinlik kiritib, quyidagi mulohazalarni bayon qilamiz: O'g'il bolalar uchun balog'at yoshi shariatda 12 - 15 yosh o'rtasida ehtilom bilan, qiz bolalar uchun 9 - 12 yosh o'rtasida hayz ko'rish bilan belgilanadi. Lekin balog'at yoshi turmush qurish yoshi deb, qaralmasligi kerak. Turmush qurish va farzand tarbiyasi uchun balog'at yoshining o'zi kifoya qilmaydi. Balki, uning uchun ma'naviy va jismoniy jihatdan etuklik hamda alohida shart-sharoitlar mavjud bo'lishi talab etiladi.

 Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo: “Voyaga etish o'n sakkizdan o'ttiz yoshgacha, kamol topish o'ttizdan qirqgacha” – deganlar.

 Dinimiz ta'limotlariga ko'ra ilm olish, ma'rifatli bo'lish, hayot uchun zarur bo'lgan barcha ko'nikmalarni o'rganish har bir qiz bola uchun zarur. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish barcha musulmon erkak va ayolga farz”, deganlar.

Bordiyu shundan oldin turmush qursalar, o'qish ham chala, oila yumushlari ham, uy bekaligi va boshqa barcha ishlar ham chala bajarilishiga yo'l ochilgan bo'ladi. Ilmli va kasb - hunarli ayolgina komil insonni tarbiyalay oladi.

Erta, voyaga etmasdan turmush qurganlarning aksariyati ota - onasining qaramog'ida yashaydi yoki turmushiga darz ketadi. Bu borada yosh qizlarning turmushdan keyingi hayoti nisbatan og'ir kechadi.

Qizlarning juda yosh turmushga chiqishlari haqida hanafiy mazhabi faqihlaridan Ibn Shuburma va Battiylar mutlaqo salbiy fikr bildirishgan.

Ba'zi insonlar Islom dini qizlarni barvaqt uzatishga chaqiradi, degan noto'g'ri tushunchada yuradilar. Bu – asossiz gap. Islomda hali balog'atga etmagan, turmushga tayyor bo'lmagan o'smir qizlarni uzatish yoki nikohlash lozim, degan gap yo'q. Hatto balog'atga etgan, jismoniy tarafdan turmushga tayyor yigit, agar oilani boqa olmasa, uning uylanishi shart emasligi aytiladi.

Aksariyat davlatlarda nikoh yoshi yigit va qiz uchun bir xil etib belgilangan. “Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi qonunning 3-moddasida ta'kidlanganidek, 18 yoshga to'lgunga qadar bo'lgan shaxslarning barchasi bola hisoblanadi. Ammo hali 18 yoshga kirib ulgurmagan qizlarni u yoki bu sabab bilan turmushga berib, kelib chiqadigan muammoga ota-onalarning o'zi aybdor bo'lib qolmayaptimi?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlar tarbiyasi, ularning saodatli bo'lishlari borasida ota-onalarning vazifalari qanday bo'lishi haqida shunday marhamat qilganlar: Jobir ibn Abdulloh r.a. dan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kimning uch qizi bo'lib, ularga yaxshi odob-axloq o'rgatsa, rahm-shafqat ko'rsatib barcha ta'minotlarini kafolatlasa, albatta, unga jannat vojib bo'ladi”. Yo, Rasulalloh! Agar ikkita bo'lsachi? – deb so'rashdi. “Agar ikkita bo'lsa ham”, – dedilar. Qavm orasidan birlari agar bitta bo'lsachi, deb so'raganida, “bitta bo'lsa ham”, deb javob bergan bo'lar edilar”. 

Kelajak avlodlarimiz sog'lomligi uchun qizlarimizni  hadisda aytilganiga muvofiq ravishda tarbiyalab, dunyoviy va uxroviy mukofotlarga sazovor bo'lish barchalarimizga nasib etsin!

 

Muhammadi QORAYeV,

Qarshi shahar  “Qumqishloq” jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar

13.06.2025   2792   5 min.
Havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar

Musulmonlar Hunayn g‘azotida g‘alaba qozonishdi. Hunayn g‘azoti Shavvol oyida, hijratning sakkizinchi yili, Makka fathidan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan Havozin va Saqiyf qabilalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan edi. Jangda g‘alaba qozongan musulmonlar katta g‘animatga (o‘ljaga) ega bo‘ldilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu g‘animatlarni qalbi Islomga moyil bo‘lgan yangi musulmonlarga taqsimlab berdilar. Qavmning kattalari Abu Sufyon, Uyayna, Aqra’, Suhayl ibn Amr va boshqalarga ham berdilar.

Vaholanki, ular Quraysh mushriklarining eng kattalari bo‘lib, uzoq yillar Payg‘ambarimizga qarshi urushgan kishilar edi. Ushbu g‘animatlar taqsimlanishidan bir necha kun oldingina islomni qabul qilishgan edi. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlarga (Madinalik sahobalarga) ushbu g‘animatlardan hech narsa bermadilar.

Holbuki, ular Islomni yoyish va Payg‘ambar alayhissalomni himoya qilish uchun qonlarini to‘kkan, jonlarini fido qilgan kishilar edi. Bu holat ularning qalblariga og‘ir botdi va xasratlanib shunday deyishdi: «Qilichlarimizning tig‘idagi dushmanning qoni hali qotgani yo‘q, ammo g‘animatlardan boshqalar bahramand bo‘ldi. Bizga esa, hech narsa berilmadi».

Bu borada Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu kelib Payg‘ambarimizga bo‘layotgan gaplar xaqida, odamlarning qalbidagi xafalikni aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Sa’d, sen bu haqda nima deysan?” dedilar. Sa’d: Men ham qavmim tarafidaman, deb javob berdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: Qavmingni mening huzurimga yig‘, dedilar. Ular to‘planganlaridan keyin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamjuda buyuk, nihoyatda ta’sirli, qalblarni jumbushga keltiruvchi, ko‘zlarni yoshga to‘ldiruvchi xutba qildilar.

U zot ularga muloyimlik va muhabbat bilan quyidagicha murojaat qildilar: “Ey ansorlar! Men sizlarni gumroh holda topmaganmidim? Alloh taolo men tufayli sizlarni hidoyat qilmadimi? Sizlar tarqoq va parokanda emasmidinglar, Alloh taolo men sababli sizlarni birlashtirmadimi? Sizlar faqir va muhtoj emasmidinglar, Alloh taolo men orqali sizlarni boy qilmadimi?”.

Har safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savol bilan murojaat qilganlarida, ular: “Alloh va Uning Rasulidan minnatdormiz”, deb javob qaytarishardi.

So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Nima uchun menga javob qaytarmayapsizlar? dedilar. Ular yana: Alloh va Rasulidan minnatdormiz!, deyishdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar istasangiz, sizlarning ham shunday deyishga haqqingiz bor: “Siz bizning huzurimizga qavmingiz tomonidan inkor qilingan holda keldingiz, biz esa, sizni tasdiqladik. Siz qavmingiz tomonidan yolg‘onchiga chiqarilgan edingiz, biz sizga ishondik, imon keltirdik va sizga yordam berdik. Siz o‘z yurtingizdan quvildingiz, biz esa, sizga panoh berdik. Siz muhtoj holda keldingiz, biz esa, Sizni o‘z mol-mulkimizga sherik qildik”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu so‘zlarni aytganlarida ular: Alloh va Uning rasuligina bizlarga minnat qilishga haqli, deyishdi. Aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zlarni ularga tavozelik va insof yuzasidan aytgan edilar. Lekin, haqiqatan olganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minnat qilishga haqli edilar, ular har qancha minnatdor bo‘lsalar arziydi. Chunki agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijratlari bo‘lmaganida, ularning orasida yashamaganlarida, ularning boshqalardan farqlari bo‘lmas edi. Ansorlarning sha’ni yuksalmas edi, qadrlari ko‘tarilmas edi.

Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarab: “Ey ansorlar! Nima deb o‘ylaysizlar, boshqalar qo‘y va tuyalar bilan uylariga qaytsalar, sizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uylaringizga qaytishni istamaysizlarmi? Bundan rozimasmisizlar?-dedilar.

Bu gapning naqadar ulug‘ligi, ansorlarning qalbiga yetib borishligini bilganlari uchun ham Rasululloh ularga g‘animatdan bermagan edilar.

So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Agar hijrat qilmaganimda, albatta men ansorlardan bo‘lar edim, agar odamlar bir vodiyda yursalar, men ansorlar yurgan yo‘llardan yurar edim, ansorlar men uchun ichki kiyimimdek, boshqalar esa tashqi kiyimimdek”, dedilar va: “Allohim ansorlarga rahmatingni yog‘dir, ularning farzandlariga va farzandlarining farzandlariga ham”, deb ularning haqqiga duo qildilar.

Bu so‘zlarni tinglagan ansorlarning ko‘zlaridan yoshlar to‘kildi, soqollari xo‘l bo‘ldi. Ular yig‘lagan holatda: Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni biz bilan bo‘lishlariga rozimiz, bizning g‘animatimiz, bizning ulushimiz bo‘lganlaridan rozimiz!” — deyishdi.

Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni kelajakda bo‘ladigan fitnalardan ogohlantirib shunday dedilar:

“Mendan keyin sizlar o‘zingizga nisbatan adolatsizlikni ko‘rasizlar, ammo sabr qilinglar. Mening havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar!”.

 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV